Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mediator kim va uning vazifasi nimalardan iborat?
19:09 / 2020-12-21

Er va xotin oilaviy nizo va kelishmovchiliklar tufayli ajrashib ketgan. Er darrov uylanib, xotin uch nafar farzandi bilan ijarada yashamoqda. Uy erning nomida, hujjatlar esa xotinning qo‘lida.

Ana shu ayol notarial idoramizga maslahat so‘rab keldi. Men undan sobiq turmush o‘rtog‘ining raqamini olib, uni ham idoraga taklif qildim.  

Ularga er va xotin nikohlari davomida qurilgan uy-joyga nisbatan haqdorliklari, farzandlarining huquqi haqida batafsil tushuncha berdim. 

Erkak ish sudga o‘tsa, baribir uy-joy bo‘linishi, ajrashishgan bo‘lsada, birinchi oilasining ham bu uyda yashash huquqi borligi, farzandlari uchun aliment to‘lamasa, sud qarori bilan majburiy ijro organi xodimlari orqali baribir undirilishini tushunib yetdi.  

Ular sudlashmaydigan, erkak, sobiq xotiniga uyning bozor narxidan kelib chiqib, haqini chiqarib beradigan va farzandlariga aliment to‘laydigan bo‘ldi.

Albatta bu oson kechmadi, ammo, ularga asil holatni tushuntira oldim va mediator sifatida o‘z vazifamni uddalay oldim, deb o‘ylayman. Quvonarlisi, bu ishimdan o‘zim qanoat hosil qildim.  

Shu o‘rinda, “Mediator o‘zi kim? Uning vazifasi nimalardan iborat? U ajrashgan er-xotin o‘rtasidagi nizolarni murosaga keltirish bilan shug‘ullanadimi?”, degan o‘rinli savlollar tug‘ilishi shubhasiz.

Avvalo, joriy yildan boshlab xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariuslarga mulkiy va meros masalalarida nizolarni sudgacha hal qilish – mediator vazifasini bajarish vazifasi yuklatilganini qayd etmoqchiman. 

Shu o‘rinda, aytish joizki, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirining joriy yil 2 maydagi buyrug‘iga “Notariuslar tomonidan notarial harakatlarni amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomaga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar” ilovasining 1-bandi “mediator vazifasini bajaradi” qo‘shimchasi bilan to‘ldirilgani ham bejizga emas.  

Fuqarolar, er va xotin, oila a’zolari o‘rtasidagi mojarolar ko‘pincha mulkiy nizolar ko‘rinishida bo‘ladi. Bu O‘zbekiston Respublikasida mediatsiyani qo‘llash doirasi “Mediatsiya to‘g‘risida”gi Qonun bilan aniq belgilab qo‘yilgan. Xususan qonunning 3-moddasiga ko‘ra, quyidagilarga nisbatan – fuqarolik huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq kelib chiqadigan va yakka mehnat nizolariga hamda oilaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolarga mediatsiya tartib-taomillari qo‘llaniladi.

Mediatsiya nizolarni hal qilishning boshqa usullari, xususan nizolarni sud tartibida hal qilishdan o‘zining bir qator afzalliklari bilan ajralib turadi.  

Birinchidan, nizolarni mediatsiya vositasida hal qilish sud tartibiga nisbatan ancha qisqa muddatlarda amalga oshiriladi.  

“Mediatsiya to‘g‘risida”gi Qonunning 23-moddasida mediator va taraflar mediatsiya tartib-taomili 30 kundan ortiq bo‘lmagan muddatda tugallanishi uchun barcha mumkin bo‘lgan choralarni ko‘rishi kerakligi, zarur bo‘lgan taqdirda, mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish muddati taraflarning o‘zaro roziligi bilan 30 kungacha uzaytirilishi mumkinligi belgilangan.  

Ikkinchidan, mediatsiya tartib-taomillari qo‘llanilganda ishga taalluqli barcha ma’lumotlar mutlaqo sir tutiladi. O‘rtadagi nizo va unga oid faktlardan faqatgina taraflar va ularning vakillari hamda mediator xabardor bo‘lishi mumkin va ularga qonun bilan bu axborotlarni oshkor qilmaslik majburiyati yuklatiladi.  

Maxfiylik prinsipi ayniqsa oilaviy nizolar hamda tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq munosabatlardan kelib chiqadigan nizolarda muhim ahamiyatga ega. Nizoni mediatsiya usulida hal qilish bunday salbiy oqibatlardan ishonchli himoya bo‘lib xizmat qiladi.

Uchinchidan, mediatsiya vositasida hal qilinadigan nizolarda har ikkala taraf uchun ham maqbul kelishuvga erishiladi va yuqoridagi holat aynan mana shu mediatsiya tartib-tamoyillariga mos keladi.  

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan barcha sohalarda, shu jumladan bizning sohamizda ham keng qamrovli islohotlar izchillik bilan amalga oshirilmoqda va buning samarasida yaqin yillarda safimizni professional mediatorlar to‘ldirishi shubhasizligidan daolat berib turibdi.  

“Mediatsiya to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq, mediatorning faoliyati professional ya’ni o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligitomonidan tasdiqlanadigan mediatorlarni tayyorlash dasturi bo‘yicha maxsus o‘quv kursidan o‘tgan, shuningdek, professional mediatorlar reyestriga kiritilgan shaxs yoki noprofessional asosda, ya’ni faoliyatini 25 yoshga to‘lgan va mediator vazifalarini bajarishga rozilik bergan shaxs amalga oshirishi mumkin.  

Professional mediator o‘z vazifasini bekamu-ko‘st bajarsa, fuqaroga ham sudga ham katta yengillik bo‘ladi va bunga mening ishonchim komil.  

Oygul ZOKIROVA,

Yangiyer shahrida xususiy amaliyot  

bilan shug‘ullanuvchi notarius