Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mediasavodxonlik – zamon talabi
11:17 / 2025-09-18

Bugungi raqamli texnologiyalar asrida axborot tezkorligi va ommaviyligi jamiyatning barcha qatlamlari, ayniqsa, yoshlar zimmasiga katta mas’uliyat yuklamoqda. Axborot manbalarining ko‘payishi va ulardan foydalanish imkoniyati kengaygani bilan birga, qalbaki ma’lumotlar, ya’ni feyk yangiliklar tarqalish xavfi ham oshib bormoqda. Shu bois, mediasavodxonlik – zamonaviy insoniyatning asosiy bilim va ko‘nikmalaridan biri sifatida dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

Soddalik va ishonuvchanlik xalqimizning xislati sifatida bag‘rikenglik va mehmondo‘stlikni ifoda etsa-da, axborot maydonida mazkur xislatlar ehtiyotsizlikka olib kelishi mumkin. So‘nggi yillarda O‘zbekistonda internet va ijtimoiy tarmoqlar ulkan sur’atlar bilan rivojlanmoqda. Smartfonlar va boshqa mobil qurilmalar orqali axborotga ega bo‘lish ancha osonlashgan. Bu jarayon axborotni tezkor qabul qilish imkoniyatini oshirishi bilan birga, uni tahlil qilish, manbasini baholash va ishonchliligini aniqlash ko‘nikmasini talab qiladi.

Mazkur sohadagi tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, yoshlar orasida bosma nashrlarga, xususan, kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqish sezilarli darajada pasaygan. O‘zbekiston Milliy kutubxonasi ma’lumotlariga ko‘ra, 18-25 yoshli yoshlar orasida bosma kitobxonlik 2010 yillarga nisbatan ikki baravar kamaygan. Bu esa tanqidiy fikrlash, til boyligini rivojlantirish, axborotni tahlil qilish va mustahkam dunyoqarashni shakllantirishda ma’lum bir muammolarni keltirib chiqarmoqda.

Mediasavodxonlik darajasining pastligi feyk yangiliklar tarqalishi uchun eng qulay muhitdir. Xususan, ijtimoiy tarmoqlar, ayniqsa, Telegram messenjeri orqali tarqalayotgan xabarlarning manbasi va ishonchliligini tekshirmasdan ularni ommaviy ravishda tarqatish holatlari hamon uchrab turibdi. Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti COVID-19 pandemiyasi davrida axborot xurujini “infodemiya” deb atagani bejiz emas. Chunki noaniq, tasdiqlanmagan ma’lumotlar aholi orasida asossiz xavotir va ishonchsizlikni keltirib chiqargan. Aynan shunday vaziyatlar bizning jamiyatimizda ham kuzatilmoqda.

Bugungi kunda mamlakatimizning qator oliy ta’lim muassasalarida, jumladan, Qo‘qon universitetida ham “Mediasavodxonlik va axborot madaniyati” fanidan o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etilmoqda. Universitetning Raqamli texnologiyalar va matematika kafedrasi professor-o‘qituvchilari tomonidan barcha ta’lim yo‘nalishlari qamrab olingan holda sifatli ta’lim jarayonlari olib borilmoqda.

Shuningdek, ota-onalarda ham mediasavodxonlik ko‘nikmasi bo‘lishi zarur. Chunki bola internetda qanday axborot “iste’mol” qilayotganini anglash uchun kattalarning o‘zi avvalo ishonchli manbani tanlay bilishi va yetarli ko‘nikma hamda bilimga ega bo‘lishi kerak.

Axborot oqimi soniya sayin ortib borayotgan bu global zamonda mediasavodxonlik har bir inson, ayniqsa, yoshlar uchun nafaqat bilim manbai, balki hayotiy ehtiyoj sifatida qaralishi lozim. Kitob o‘qish madaniyatini yanada rivojlantirish, har qanday axborotga tanqidiy yondashishni odat qilish, “bu xabar rostmi?” degan savolni har bir ma’lumot oldindan berish zamonaviy talabalarning kundalik odatiga aylanishi shart. Faqat shundagina feyk yangiliklardan himoyalangan, mustaqil axborotni saralay oladigan sog‘lom fikrli avlodni tarbiyalashga erishamiz.

Abbosjon Soyibnazarov,
Qo‘qon universiteti dotsenti.

O‘zA