Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Medialingvistika: nazariya va amaliyot
18:58 / 2020-12-17

Medialingvistika bu – media sohasidagi zamonaviy bosma, audiovizual va internet tilini o‘rganadigan fan sohasidir. Tilshunoslikdagi ushbu yangi yo‘nalish ostida mediamatnlarni o‘rganuvchi turli sohalar birlashtirildi. Ularning barchasi lisoniy va mediaviy xususiyatlarning dialektik yaxlitligini ifodalaydi.

So‘nggi yillarda medialingvistikaga bag‘ishlangan tadqiqotlarning saviyasi hamda xususiyatlari jahon tilshunosligining holati va evolyutsiyasi darajasi bilan belgilanadi. 

Til haqidagi fanning turli sohalar bilan bog‘lanishi uning yangidan-yangi xususiyatlarini kashf etishda keng imkoniyatlarni ochib beradi. Shuning uchun OAV tili boshqa sohalar bilan bog‘liqlikda o‘rganiladi. Tilni bunday tarzda tadqiq etish tamoyili OAV tilining o‘ziga xos tabiatini chuqur anglashga olib keluvchi yangi istiqbollarni ochadi.

O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi hamda “O‘zbekistonda xorijiy tillar” ilmiy-elektron jurnal va internet portali hamkorligida o‘tkazilgan “Medialingvistika: nazariyasi va amaliyoti” mavzusidagi xalqaro miqyosdagi ilmiy-amaliy onlayn konferetsiyada yetakchi olimlar, tadqiqotchilar tomonidan OAV matnlarining tili, uslubi va tahriri sohasidagi mavjud muammolar, medialingvistikaning istiqboli, fanni o‘qitishda qo‘llanilayotgan yangi innovatsion va pedagogik texnologiyalarning o‘rni va ahamiyati kabi mavzular atroflicha muhokama etildi.

E’tiborlisi, konferensiyada Dog‘iston davlat universiteti dotsenti Guseyn Tikayev, Turkiyaning Otaturk universiteti professori Husayn Baydemir, “Amerika ovozi” o‘zbek bo‘limi bosh muharriri Behzod Mamadiyevlar o‘z ma’ruza va taqdimotlari bilan ishtirok etdi. Ular o‘z ma’ruzalarida media tilining o‘ziga xos jihatlari, axborot tarqatish bilan bog‘liq faoliyati, mediamatnlarning ta’sirchanligini oshirish yo‘llari xususida to‘xtalib o‘tishdi.

Tashkil etilayotgan bu kabi onlayn muloqotlar mazkur sohada ilmiy-tadqiqot olib borayotgan olimlar, bo‘lajak jurnalistlarning bilim va tajribalarini oshirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Dilfuza TESHABAEVA,

O‘zbekiston davlat jahon

tillari universiteti professori

O‘zA