English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mediaforum mulohazalari: Bu gal hammasi o‘zgacha bo‘ldi
12:00 / 2021-03-06

Farg‘onadan qaytdik. Hamkasblarning bir haftalik ­Chimyon diydorlashuv anjumani g‘oyatda samarali, qiziqarli va foydali o‘tdi. Quruq ma’ruzabozlik bo‘lmadi. Журналис­тикамизнинг bugungi ahvoliga sinchkov nazar tashlandi, bahs va munozaralarga boy bo‘ldi.

Avvalo, forumning tashkiliy jihatdan puxta tashkil etilganini alohida aytishim kerak. Zotan, to‘qsonga yaqin odamni bir joyga yig‘ib, hafta davomida turli darajadagi treninglar tashkil etish, buning ustiga, fursat g‘animat ularning salomatligi to‘g‘risida qayg‘urish… Bu oson ish emas.
Ikkinchi tahsinga loyiq jihati – forumning «xalqaro» degan maqomga yarashiqli tashkil etilgani. Uning ishida mahalliy jurnalistlarimiz bilan birga olis Kanadadan taniqli jurnalist Ismat Xushev, «Ozodlik» radiosidan Pahlavon Sodiq, «Amerika ovozi»dan Navbahor Imomovalarning ishtiroki, Oliy Majlis deputati, professor Xurshid Do‘stmuhammad, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi direktori Abdusaid Ko‘chimovlarning keng mushohadali ma’ruzalari, markaziy nashrlar bosh muharrirlari Norqobil Jalil, Abdurasul Jumaqulov, Olimjon O‘sarovlarning ba’zida keskin, ba’zida keskir fikrlari jam bo‘lgan hamkasblar uchun yaxshigina mahorat saboqlari bo‘ldi, deyish mumkin.

Darhaqiqat, bugun jurnalistika va umuman, OAV jiddiy sinovlardan o‘tayotgan davr. Matbuot erkinlashdi, ilgarigi to‘siqlar yo‘ldan olindi. Biroq kun tartibida boshqa bir masala paydo bo‘ldi: sohaning o‘zi ba’zi o‘rinlarda madadga muhtoj bo‘lib qoldi. Buni quyidagi iddaolardan xoli savollar yordamida ifodalasa bo‘ladi. Xo‘sh, rostan ham jurnalistikaning ertangi kuni qanday bo‘ladi? Bosma nashrlar yana qancha yashaydi? Bosma nashrlarni saqlab qolish kerakmi? Ularning bu ahvolga kelishiga nimalar sabab bo‘ldi?..
Savollarki, javobi og‘ir, yechimi murakkab, yechimda bir qadar talablar borki, o‘zimizga bog‘liq emas… Nachora!

GAZETALAR KIMGA XALAQIT BERMOQDA?

Farg‘onaga borgan kunimiz umumjamoaning kayfiyati xiyla «tushkun»dek ko‘rindi menga. Buning o‘ziga xos sabablari bor edi, albatta. «Ozodlik» radiosi Bosh muharriri, «o‘zimizning» Pahlavonbekning o‘zbek matbuotidagi erkinlik, yangi Prezident siyosatidagi fikr va so‘z erkinligining qanchalik mustahkamligi borasida aytgan o‘ta noyob fikrlarini тинг­лай turib, dunyo asli o‘zi qanaqa, deb o‘ylab qoldim.


Axir biz «Ozodlik» radiosi bizga qanchalik xayrixohligini har kungi u berayotgan axborot-u, maqolalardan eshitib, o‘qib boramiz. Men bu «ozod fikr»ni ozod fikr deyishga shoshilmagan bo‘lar edim. Mayli, bu – alohida mavzu!


Eng muhimi, Pahlavonning olis yurtdan bergan bahosi ishtirokchilar tomonidan «trezvo» qabul qilingani, ya’ni birdaniga hamma bu gaplarga qarsak chalib, qo‘shilib ketmaganidan xursand bo‘ldik. Tashkilotchilar Pahlavonning moderatorlikka «ko‘ndirilishi» oson kechmagani, bu jarayon uning tepasidagi mutasaddilari bilan kelishuvlarni taqozo etgani va bir necha bosqichli kelishuvlarning natijasidagina u bu muloqotda ishtirok etish huquqini olganini aytib berishdi. Ayni shu jarayonning o‘zi bu ommaviy axborot vositasining nechog‘li «erkin fikr»ga munosib ekanini «ko‘rsatib turibdi». Agar haqiqatga to‘g‘ri ko‘z bilan qarash kerak bo‘ladigan bo‘lsa, haqiqat aynan mana shunday!


Shu bois ham jamiyatimiz ozod ­fikrga qanchalik tayyorligi va hozirgi jarayonlar Yevropa va yoki g‘arbning talablariga to‘g‘ri kelish-kelmasligi borasidagi moderator mulohazalari to‘la qo‘llab-quvvatlov bilan qarshi olinmadi. Aynan mana shu nuqta bizda ham birov ne desa qo‘l ko‘tarib, safiga qo‘shilib ketaveradigan ergashuvchanlik maqomimiz o‘zgarganidan dalolat. Bu, albatta, quvonarli. Ishtirokchilarning bir qadar mahzunligining yana bir boisi bir kun oldingi ­sessiyada Sherzodxon Qudratxo‘janing gazetalarning o‘rnini gadjetlar egallab borayotgani, majburiy obuna qilingan gazetalarning o‘qilmasligi haqidagi fikrlari bo‘lgan ko‘rinadi.
Ochig‘i, Sherzodxon bir qadar haq, u gazetalarni mazmunli, o‘quvchiga yoqadigan qilib chiqarish kerakligi, zamon yoshlari hozir gazeta o‘qib emas, kompyuterda o‘tirib axborot olish imkoniga ega ekani uchun gazeta o‘qimasligi, muxtasar aytganda, «zamonga moslashish» zarurati to‘g‘risida so‘z yuritgan (Ilgari ham bir odam shunaqa gapirgani esimizda.)


Forum ishtirokchilariga bu ­fikrning ohangi yoqmagan. O‘ylab ko‘ring, siz bir mahsulot ishlab chiqarmoqdasiz, bu o‘zingizga yoqyapti, ikkinchidan, siz bu kasb bilan umringizni bog‘lab qo‘ygansiz. Va bundan mamnunsiz. Bu – masalaning sof insoniy tarafi. Masalaning bizni xafa qiladigan tomoni, gazetalarning sayozligi borasida fikr bugungi gazetani varaqlab ham ko‘rmayotgan, buning ustiga, o‘zlari bir qog‘oz maqolani qoyil qilib yoza olmaydiganlar tomonidan tap tortmay aytilayotganida edi, nazarimda. To‘g‘risi, gapirayotgan odam old-ortiga bunday bir qarasa, foydadan xoli bo‘lmasdi! Zotan, Sherzodxon Qudratxo‘ja tadbirkor yoki muhandis emas, aynan shu «oshxona»ning odami. Qolaversa, u gazetalarda ishlashi kerak bo‘lgan bo‘lajak jurnalistlarni tarbiyalovchi maskanning rahbari-ku! «Vot chto obidno!».

JONGA TEKKAN OBUNA!

MODERATORDAN IQTIBOS:

«BU YILGI TASHKILLASHTIRILGAN OBUNA, KO‘CHA TILI BILAN AYTGANDA, «MAJBURIY OBUNA» BIR QATOR GAZETALARNING IMIJIGA HAM, O‘QUVCHILARI OLDIDAGI OBRO‘SIGA HAM SALBIY TA’SIR QILDI».

Gazetachining ko‘ngliga tegadigan, dilini o‘rtaydigan achchiq gap! O‘tgan yili biz ko‘p hokimliklarda obuna «tashkillashtirilgani»dan xabar topdik. Men bu borada ba’zi ma’lumotlarga ega bo‘lganim bois, ishonch bilan ayta olamanki, bu targ‘ibot, keling, ana «majburiy obuna» mavsumidan eng katta yo‘qotish bosh nashrlarimiz gardaniga tushdi.


Hokimliklar ilgarigi, an’anaviy va sinalgan «uslub»da obuna tashkil qilishga kirishishdi. Oqibat ham ilgarigidek bo‘ldi, ya’ni «svodka»da ­boshqa raqam, amalda esa sira ham havas qilib bo‘lmaydigan adad suv yuziga chiqdi. Ya’ni, bosh nashrlarning nomi sotildi, evaziga tushgan pullar esa qayerlardadir qolib ketdi. Bu juda chigal muammo. Ko‘pchilik yashirmay aytadigan: «majburiy obuna»ning ortida ilgaridan bitta maqsad bo‘lgan – bu biznes, degan gapga ba’zan odamning ishongisi ham keladi. Aslida esa, bu «kuzgi mavsum»lardan jurnalistika juda kam foyda ko‘rgan va bu gal ham shunday bo‘ldi, hisob. Aynan shu bois ham gazetangiz majburiy obuna qilinadi, degan joyi hammamizga birdek og‘ir botadiki, bu gaplarni aytayotgan odamlar go‘yo «muttahamlik bilan kun ko‘rayotirsizlar» degandek yoqimsiz jaranglaydi. Haqiqiy ahvol, qalamkashning turush-turmushi esa, bunday iddaolarga mutlaqo teskari. Bilasizmi, tumanlarning aksariyatida hokimlar o‘z nashrlarining obunasi bilan mutlaqo shug‘ullanmagani, bosh muharrirlar 2,5 shtat birligi bilan gazeta chiqarayotgani, tarqatayotgani, obuna tashkil qilayotgani va ijod bilan mashg‘ulligini ko‘rdik. Balkim, o‘sha gazetalar juda o‘qishli emasdir, sifat masalasi ham chatoqroqdir. Lekin bu jurnalistning aybi emasku! Qolaversa, bunday xato va yetishmovchilik, «qo‘li kaltalik»ni ro‘kach qilib, «gazetaning umri tugadi, assalomu alaykum, gadjetlar» deyishga kimda qanday ma’naviy asos bor?

Endi gazetalarning ertasi haqida ko‘p bashorat bildirayotganlarga yana bir iltimos qilsak, kelinglar, oxirgi marta biror maqolani qachon o‘qiganingizni eslay olmasangiz, yaxshisi, bunday donolik qilishdan tiyiling, minglab zahmatkash hamkasblarimiz mehnatini yerga urmang, tuproqqa qormang!

Shaxsan o‘zim gazetalarning umri oyoqlashiga sira ham ishonmayman. Nega? Chunki ijtimoiy tarmoqlardagi tobora bijg‘iyotgan savodsizlik qachondir jamiyat hafsalasini pir qiladi. U o‘zi uchun normal format izlashga baribir majbur bo‘ladi. Bu, shubhasiz, gazetadir! Hozir ham dunyo nigohini o‘ziga qaratib turgan, jahon siyosatiga sezilarli ta’sir o‘tkazayotgan, millionlab adadda nashr etilayotgan «Yomiuri simbun» (Yaponiya), «New York Times» (AQSH), «Jenmin jibao» (Xitoy), «Hürriyet» (Turkiya), «Bild» (Germaniya) kabi gazetalarning фаолия­ти bu fikrimni to‘la qo‘llab-quvvatlaydi, deb o‘ylayman.

QALAM VA QALAMKASH HAQIDA SO‘Z AYTING…

Anjumanda shunchaki lalmi gaplarga deyarli o‘rin bo‘lmadi, hisob. Chunki davradagi samimiyat, qolaversa, sharoitning o‘zi yutuq-kamchiliklarni ro‘y-rost aytishni taqozo etdi. Mulohazalarning aksariyati bugungi gazetalarimizning mazmun-mundarijasi, shakl-shamoyili, ularning elektron shakllarini boyitish, sayt, telegram, yutub kanallarini ishga tushirish kabi bir qator jiddiy yangilanishlar borasida bo‘ldi.

Ustozlarimiz – Abdusaid Ko‘chimov va Xurshid Do‘stmuhammadning aybni tashqaridan, boshqalardan va hatto falonchi – pismadonchilardan emas, balki o‘zimizdan izlashimiz kerakligi borasidagi keskin fikrlari yig‘ilganlarning yon daftarlariga muhrlandi. Mavzular bo‘yicha ajratilgan bir soatlik vaqt ikki-uch soatlarga cho‘zildi, lekin birov zerikmadi, birov ranjimadi. Ochiq, yuzma-yuz fikrlashildi. To‘g‘risi, seni юрагинг­ga yaqin odam tergasa, aybingni yoki kamchiligingni asoslab, bo‘yningga qo‘yib aytsa, qocharga joy topolmayin ham qolarkansan, kishi…
Ana shu joyda bir o‘zimizga ham baho beraylik. Bugun biz o‘z ishimiz bilan maqtana oladigan holdamizmi? To‘g‘risini aytish lozimki, ba’zida yaxshi maqola anqoning urug‘iday gap… Shundan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, o‘quvchi gazetalarni varaqlab, ketgan puliga, ko‘z nuri sarfiga rozi bo‘lyaptimi? Mana, Forumdagi bizni qiynagan masala nima bo‘ldi.

MODERATORDAN IQTIBOS:

«BUGUN SHUNDAY BOSH MUHARRIRLAR BORKI, BOSHLARI BIR QOZONDA QAYNAMAYDI, KECHIRASIZ, BOSHI UMUMAN «QAYNAMAYDIGAN» BOSH MUHARRIRLARIMIZ HAM YO‘Q EMAS».

Bu og‘ir gapni aytayotgan odam o‘ylamay gapirayotir, deb o‘ylaysizmi? Yo‘q, o‘ylaganda qandoq! Obdon o‘ylanib, tobiga yetgach, aytilgan pisanda, aslida bu. Uch yildan buyon gazetalarning obunasidan tortib, uni tarqatish tizimini ham birgalikda yangilash, hamjihat bo‘lib tizim yaratish ustida necha bor fikrlashdik, ammo ko‘pgina muharrirlarimiz masalaga qarashda loqaydlik choponini mudom yechmay kelayotirlar. Tizimdagi ishlar hamjihatlikni, bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilishni taqozo etadi. Buning o‘ziga yarasha sabablari bor: agarkim aksariyat gazetalar adadi kamayib boraverar ekan, ko‘p tirajli gazetalarning tannarxi oshgandan oshib boraveradi. Bu – ikki karra ikki to‘rt degandek gap. Buni tan olish fursati allaqachon yetgan.
Shu ma’noda aytganda, bosh muharrirlarning boshi bir qozonda qaynamog‘i – kun talabi. Biz, hattoki, muloqotlarda tarqatish borasida viloyat va hatto tuman gazetalari bilan ham birgalashib ishlashimiz zarur ekanini e’tirof etdik. Bu forumdagi yaxshi xulosalardan biri bo‘ldi.

Forumda bir qator gazetalarning taqdimotlarini ham ko‘rdik. Keling, bu borada jiddiy to‘xtalmayman, chunki peshonasi qattiq hamkasblarimning ko‘ngillariga ozor berish istagim yo‘q. Biz gazetalarning ahvoli, «aft-angori»ni ko‘rib, muassislarning e’tibori haqidagi savollarni berishga jazm eta olmadik ham. Shunday bo‘lsa-da, ba’zi ma’naviyatli, виж­доni uyg‘oq hokimlarning o‘z nashrlari adadini 3000 nusxadan ko‘paytirib qo‘yganlarini ko‘rganda, beixtiyor ularga tahsinlar aytdik.

Uchrashuvlarda anglagan yana bir narsamiz shu bo‘ldiki, viloyat va tumanlarda nashr etilayotgan ko‘p gazetalarning nomlarini o‘ylab ko‘rish kerak ekan, biz ho‘o‘o‘ otam zamondagi nom qo‘yish prinsipida yurganga o‘xshaymiz. Bitta muharrir, bitta kompyuterchi va «yarimta» muxbir chiqarayotgan, ko‘chama-ko‘cha obuna qilib, ko‘chama-ko‘cha tarqatayotgan gazetaga ohanjama qilib «Istiqbol tongi» deb (buni misol uchun aytyapman) nom qo‘yishdan mantiq qidirishning o‘zi bir mantiqsizlik. Gazetalarning yo‘nalishi, strategiyasi aniq-tiniq belgilanmagan holatlar ko‘p. U ijtimoiy-siyosiymi, tuman hokimligi nashrimi, tarmoqqa tegishlimi, dabdurustdan anglash qiyin. Ayni nuqtai nazardan nashrlarimiz o‘z o‘quvchilari auditoriyasi bilan ishlash masalasida oqsamoqda desak, yumshoq aytilgan gap bo‘ladi, nazarimizda.

NASHRLAR TANNARXINI QANDAY ARZONLASHTIRISH MUMKIN?

MODERATORDAN IQTIBOS:

«NASHRLARIMIZ BIR YOQADAN BOSH CHIQARSA, GAZETALARNING TANNARXINI ARZONLASHTIRISH MUMKIN».

Mavzu tarqatish masalasida! Buning uchun, masalan, Yozyovon, Buvaydada chiqadigan nashrlar ham Toshkentdagi bir bosh bo‘luvchi tarqatish tizimiga qo‘shilishi lozim. Deyilmoqchiki, nashrlarni tarqatish tizimi yangilanishi lozim va shart. Biz respublika pochtasi yoki matbuot tarqatish hamda turli MCHJlar xizmatiga ishona olmaydigan darajaga yetib keldik. Shu paytgacha biznes bo‘lib kelgan bu sohaga endi yaxshi menejment loyihasi kerak bo‘lyapti.

Bu borada «Hurriyat» gazetasi bosh muharriri bildirgan fikrlar ko‘pchilikni sergak torttirdi. Agar xalq ta’limi tizimidagi rahbarlar rostdan ham o‘quvchilarni ma’rifatli qilib tarbiyalashga kirishganida, vaziyat butunlay boshqacha bo‘lgan bo‘lar edi. Chunki Abdurasul Jumaqulovning hisob-kitoblariga ko‘ra, O‘zbekistondagi har bir sinf bitta jurnalga obuna bo‘lsa, bu jurnalning yillik obunasi 20-25 ming so‘m atrofidagi summaga aylanar ekan, mayli, muharrir hisob-kitobda ikki barobar adashgan bo‘lsin ham deylik yoki besh barobar xato qilgan bo‘lsin ham, shunda bir jurnal obunasi 100 ming so‘mga aylanadi, bu esa 30 kishilik sinfga 3 ming 333 so‘mdanga tushadi. Xo‘sh, endi ayting, maktabni ma’rifat maskani qilishga astoydil bel bog‘laydigan vallomatlar, ikki gapining birida vatanparvar avlod, intellektual yoshlar, ajdodlarga munosib ma’naviy yetuk farzandlar tarbiyasi haqida takrorlaydigan so‘zamol voizlarimiz qani?

XURSHID AKA SABOQLARI

Xurshid akaning saboqlari barchamizni uyqudan uyg‘otdi. Biz o‘zimizni chog‘lab yurgan qir-u balandliklardan yerga enib, yo‘q, aniqrog‘i, qanday tushib qolganimizni payqamay ham qoldig-ov…

Hozir o‘qiydigan nashrlarimiz talaygina. Agar rostdan ham qunt qilib, haftalik gazetalarni varaqlab ko‘rsangiz, dunyoning muammosini yelkalab olganlariniyam topasiz. Ammo bunday mavzudagi maqolalar bir beriladi, tamom. Keyin tanaffus. Bir tahririyat ko‘targan masala o‘sha gazetaning adadicha joyga yetib boradi, mutasaddilargacha esa ancha yo‘l bor hali. Ayniqsa, og‘riqli mavzularni bir tahririyat olib chiqsa, ikkinchisi uni to‘ldirsa, uchinchisi bosh­қа tomondan qarab tahlil qilsa, beshinchisi uning zarari, oqibatini ko‘tarib shov-shuv qilsa bo‘ladimi? Bo‘ladi! Nega shunday hamjihat emasmiz?

Hamjihatlik ko‘r-ko‘rona qo‘llash ma’nosida emas, jamiyatdagi muammolarni bartaraf etishga erishish ma’nosida yetishmayapti. Meni bir narsa ko‘p xafa qiladi, e’tibor berib yuraman, ko‘pincha ijtimoiy tarmoqlarda ko‘tarilayotgan shov-shuvli chiqishlar muammo, odamlarning dardi, dolzarb mavzular qolib, ko‘proq shaxslarga, aynan falon viloyat hokimiga, falon vazirga, falon amaldorga qaratilgan bo‘ladi. Men u amaldorlarning birontasini yoqlash fikridan yiroqman. Lekin bizni shaxs emas, muammo, o‘sha hokim yo‘l qo‘ygan xato va kamчилик­лар, ularning oqibatlari qiziqtirishi lozim. Jurnalistlarda hartugul bir shaxsga yopishib olish тенденция­си mavjud emas. Bu quvonarli hol. Biroq, bir mavzu atrofida ham o‘sha ­hamfikrlik yo‘q-da!

Bir hafta davom etgan muloqotlar bir maqolaga sig‘mas, deyman. Balkim, bu Forumda bildirilgan fikrlar to‘plam holida chiqarilsa ham foydadan xoli bo‘lmasdi.

Farg‘onada anjumanning yakuniy sessiyasiga xotima yasar ekan, bosh tashkilotchi Muhammadjon Obidov biroz hayajonga berildi. Bu to‘qqizinchi bor o‘tkazilgan Forumning ortidagi katta mehnat, undan kutilgan samara va uning ko‘pchilik uchun g‘oyatda foydali bo‘lgani, ya’ni maqsadga erishilgani bilan va qolaversa, bugungi tahlikali bir davrda qadrdonlarning boshini qovushtirib, bebaho diydorlashuvni taqdim eta olganidan quvonish ko‘z yoshlari bo‘ldi, chamasi-da…
Yaxshi qol, Farg‘ona, yurt ishqida yonayotgan fidoyilaring hamisha omon bo‘lishsin! Hamkasbimiz va hamkasblarimizning qadrdoni Obidovga esa aytadiganimiz – O‘zingizni asrang, aka, bizga hali ko‘p keraksiz!

Husan ERMATOV,
«Do‘stlik» ordeni sohibi