Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Media tur yakunlari – talqin va tushunchalar oʻzani qayoqqa olib boradi?
16:09 / 2020-07-04

Kecha Boʻstonliq tumaniga turli OAV vakillari va blogerlarni taklif etilib, media tur uyushtirildi.


Kecha Boʻstonliq tumaniga turli OAV vakillari va blogerlarni taklif etilib, media tur uyushtirildi. Mazkur tadbir taassurotlari, unda haqiqatda qatnashib, voqelikni oʻz koʻzi bilan koʻrganlar qolib, ayrim detallarga koʻra umumiy xulosa qilayotgan jurnalist, blogerlar, nazarimda, shov-shuv ketidan quvib, voqelikka oʻta biryoqlama munosabat bildirishyapti. Shu bois, rasmiy-idoraviy uslubdan chekinib, sodda va jaydari ravishda ayrim mulohazalarni bildirishni lozim koʻrdim.

Xususan, Oliy sud vakillarining media turda ishtirok etishi ularga taajjub tuyulayotgani, sud tizimiga nisbatan boshqa umumiy dunyoqarash, tasavvur bilan “bezab” soʻzlayotganlari mutlaqo tushunarsiz. Boʻstonliqda bu masalalar (snos, oʻzboshimcha imoratlarga qarshi kurashish, yoʻllarni kengaytirish) boʻyicha hukumat komissiyasi ishlay boshlagach, mulkka nisbatan daʼvosi bor odamlar internetni “portlata” boshladilar.

Shundan soʻng, Oliy sud va boshqa sudlarning vakillari sayyor tartibda Boʻstonliqda tomonlar ishtirokida daʼvo arizalarini koʻrib chiqdi. Media turda Oliy sud vakilining ishtirok etishi – jurnalist va blogerlarda sud amaliyoti haqida savollar, mulohazalar boʻlsa, joyida bir mulozim tomonidan umumiy javob olish uchun koʻrilgan tadbir edi.

Bir jihatni tushuninglar, mol achchigʻi – jon achchigʻi. Toʻgʻri, odamlar egalik qilib olgan hududlarni qoʻldan chiqarmaslik uchun hamma choralarni koʻryapti. Ijtimoiy tarmoqda kuniga 50 ta atrofida mana shu holatga doir chiqishlar boʻlyapti. Bu masalani qonun koʻzi bilan, davlat va millat manfaatlari nuqtayi nazaridan koʻrib chiqqan sudlar haqidagi chiqishlarning oʻzini sanasangiz 200 dan oshadi. Hali sud boʻlib turganda odamlar feysbukka jonli efirni boshlab, norozilik mazmunidagi chiqishlarni boshlab yuborishdi. Oliy sud ham matbuot bilan ishlaydi. Ular ham oʻz imiji uchun qaygʻuradi. Bu vaziyatda mazkur instansiyadan vakilning qatnashgani alohida istehzolarga sabab boʻlayotgani – shundan boshqa detal, argumentga ega boʻlmagan bloger va jurnalistlarning yuzaki qarashi, xolos.

Media tur davomida Bosh vazir oʻrinbosari Aziz Abduhakimov ishtirok etdi va har bir holat boʻyicha mufassal tushuntirish berdi. Yaʼni, Toshkentning “oʻpka”si boʻlgan, “Oʻzbekiston Shveysariyasi” deb nom olgan soʻlim Boʻstonliq oʻzgarishi kerak. U yerga turizm madaniyati, infrastrukturasi kirib kelishi kerak, shart va zarur. Masalaning mohiyati shunda. Faqat oʻzining foydasini oʻylaydigan, nazoratsiz faoliyat olib borishga oʻrganib qolgan ayrim “dacha” egalarining nafsi shu qadar hakalak otganki, bolalar uchun yoʻlak qoldirishmagan! U yerlarda har bir qarich yer pul va manfaat nuqtayi nazaridan baholangan, vassalom. Hatto qabriston ustida yemakxona (oddiygina qishloq choyxonasi emas, Boʻstonliqona dabdabali maishatxona) qurilganiga nima deysiz?

Masalan, bir odam dehqon xoʻjaligi uchun yer olib, yerning eng manzarali qismining uchinchi bir tomonga ijara shartnomasi shaklida berib, borgan sari oʻz biznesini gullab-yashnatayotgan boʻlsa, oʻzingiz ayting, bunday ibtidoiy turizm, xalq va davlatga tupurib qoʻyadigan tadbirkor kimga kerak? Chorvoq suv omborining eng qaltis burilish nuqtasida tirbandlikni yuzaga keltirib, hech kimdan soʻroqsiz qurilish ustiga qurilish qilib borayotgan bu odamlarni qanday qilib tadbirkor deysiz? Avval boring, koʻring, xulosa qiling! Men oʻzim kimlarning tarafini olyapman, real voqelik feysbuk yoki you tube dan boshqacharoq boʻlishi ham mumkinku, deb fikrlab koʻrish qiyin emasku!

Uyi buzilishga tushgan odamlar bilan suhbatlashsangiz, qoʻlida tayinli hujjati yoʻq yoki amma-xolasini oʻrtaga qoʻyib, qachonlardir bir muttaham qoʻliga hujjat qilib bergan. Lekin fuqaroga turar joy uchun yer ajratish toʻgʻrisidagi asosiy hujjat yoʻq. Oldi-sotdi shartnomasining notarius tasdiqlagani haqida vasiqa, boshqa kommunal toʻlovlar uchun tuzilgan shartnomalar, xullas, klassik bardak. Ammo xuddi shu joylarni jamiki qonunlarga tupurib qoʻyib egallab olgan fuqarolar hujjatlari bunday kemtik ekanini bilishmaganmi? Bilishgan. Ammo yotib qolguncha otib qol deb, oxirgi kunlarga qadar mehmon qabul qilib, uyni dachaga aylantirib, pul ishlash bilan mashgʻul.

Shuncha ish boʻlguncha hokimiyat, tegishli huquq-tartibot idoralari qayerda edi, degan savol ham bor. Viloyat prokurori bu haqda jurnalistlarga aytdi – aybdorlar jazosini oldi, olyapti. Lekin oʻzboshimcha imoratlar qurib olgan fuqarolarga ogohlantirish berilmagan degan fikrlar ham mutlaqo asossiz. Davlat xodimi hozirgi kunda (barcha ish keng jamoatchilikning qatʼiy nazoratida, internet asrida bajarilayotgan davrda) fuqaro, ayniqsa, tadbirkor bilan ziddiyatga borishga judayam ishqiboz emas, buni tushuninglar.

Oxir-oqibat bu ishlardan murod kimnidir qaqshatish emas. Barcha epizodlarda davlat fuqaro va tadbirkorlarga yon beryapti. Lekin davlat qonunlari va jamiyat meʼyorlariga tupurib qoʻygan, meshchanlarcha “dacha” biznesini gullatadigan soxta tadbirkorlardan kimgadir naf bormi?

Bu media turga qatnashgan aqlli, mulohazali jurnalistlar hali oʻz soʻzini aytadi, ungacha shovqin solmay turinglar.

Behzod Qobulov,
Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati rahbari