O‘zbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi tomonidan Xalqaro media-xollda tashkil etilgan navbatdagi muloqot chog‘ida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Asadjon Xo‘jayev keyingi yillarda ommaviy axborot vositalari sohasiga ko‘rsatilayotgan e’tibor xususida atroflicha to‘xtaldi.
- Bugun "Ochiqlik va oshkoralik – adolatli saylovlarning muvaffaqiyatli va demokratik o‘tkazilishining kalitidir” mavzusi bo‘yicha to‘xtaladigan bo‘lsak, OAVning ishlashiga baho bermasdan, har qanday saylov ochiq va adolatli bo‘lib o‘tdi, desak fikrimiz noto‘g‘ri bo‘ladi, - dedi A.Xo‘jayev o‘z so‘zida. - Har doim baho berganda, ma’lum bir etaplarga e’tibor berish lozim. Agar o‘tgan Prezident saylovlariga e’tibor beradigan bo‘lsak, besh yil oldin respublikamizda 1,5 mingga yaqin ommaviy axborot vositasi faoliyat ko‘rsatib kelar edi. Bugun esa OAVlar soni bir yarim barobarga ko‘payib, respublikadagi ommaviy axborot vositalari soni 1,9 mingdan oshdi.
Bu nimadan dalolat beradi? Avvalambor, axborot makonidagi bo‘shliq to‘ldirib borilyapti, davlat boshqaruvi organlari tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar haqidagi ma’lumotlar tezkorlik, tahliliy materiallar asosida yoritish bo‘yicha faoliyat kuchayganidan dalolat beradi. Bularning barchasi davlat organlarining ochiq bo‘lishi, o‘z ma’lumotlarini xalqqa ko‘proq yetkazishga bo‘lgan harakatlarini oshirishga undayapti.
Ikkinchidan, so‘nggi besh yil ichida ommaviy axborot vositalari tomonidan tashlangan shaxdam qadamlarni ko‘ryapmiz, professionallik va tahliliy materiallar oshyapti. Buning asosida ommaviy axborot vositalari davlat va jamiyat o‘rtasidagi ko‘prik vazifasini bajarmoqda.
Besh yilda axborot sohasi juda rivojlandi. Ayniqsa, internet va global kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish imkoniyatlari kengaydi. Besh yil oldin mamlakatimizda internet foydalanuvchilari 14,5 million bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda ularning soni 22 milliondan oshdi. Demak, hozirgi kunda ommaviy axborot vositalari bilan birga yangi media ham ommalashgan bo‘lib, ularning samaradorligi natijasi o‘laroq har bir shaxs o‘z fikrini erkin bildirish imkoniyati yaratilmoqda.
Oldimizda turgan yana bir masala — tarqalayotgan axborotlarning haqqoniyligini ta’minlash. Bu — davlat boshqaruvi organlari zimmasidagi muhim vazifalardan biri. Ular yanada ochiqroq bo‘lishi kerak, tarqalayotgan axborotlarga tezkor munosabat bildirishi lozim.
2019 yilda qabul qilingan Prezident qaroriga muvofiq, barcha davlat tashkilotlarida axborot xizmatlari tashkil etildi. Ularning asosiy vazifasi etib tezkorlik hamda ma’lumotlarni keng jamoatchilikka yetkazish ekani belgilab berildi.
Siyosiy partiyalar targ‘ibot-tashviqotlarini davlat va nodavlat ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar, mobil messenjerlardan foydalangan holda amalga oshirishlari mumkin. Shu bilan birga, nodavlat ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlardan keng foydalanib, yangi imkoniyatlarni sinab ko‘rishmoqda.
Xulosa qilib aytganda, hozirga kunga kelib sohadagi qonunchilik asoslari muntazam takomillashtirib borilyapti, ommaviy axborot vositalari xodimlari, jurnalistlar haq-huquqlarini kuchaytirish, ularga nisbatan bosimlarga qarshi turish bo‘yicha ishlarni tizimlashtirish ishlari oldimizda vazifa bo‘lib turibdi. Keyingi qadamlarimizda bugungi imkoniyatlarni mustahkamlab, axborot sohasi vakillari emin-erkin ishlashi, islohotlar va jamiyatdagi o‘zgarishlarni tezkorlik va xolis yetkazib berishi uchun tegishli sharoit yaratishga harakat qilamiz.
N.Usmonova,
O‘zA