French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Media kuchli qurol, ammo u doimo “reallik” bilan sinovdan o‘tadi
13:34 / 2026-02-21

XXI asr geosiyosatida kuch tushunchasi keskin o‘zgardi. Avvalgi davrlarda davlatlar ta’sir doirasini harbiy salohiyat yoki iqtisodiy bosim orqali kengaytirgan bo‘lsa, bugun global raqobat maydonida ishonch, joziba va intellektual nufuz hal qiluvchi omilga aylanmoqda.

Shu ma’noda, “soft power” – yumshoq kuch konsepsiyasi xalqaro munosabatlarda strategik instrument sifatida yangi mazmun kasb etdi.

Bugungi globallashuv zamonida ko‘pgina o‘lkalar nafaqat hudud va resurslar uchun, balki kun tartibini belgilash, ma’no yaratish va auditoriya ongida ustuvor narrativ shakllantirish uchun ham kurashmoqda. Media platformalar, ta’lim almashinuvlari, madaniy mahsulotlar va raqamli algoritmlar bu jarayonning ajralmas qismiga aylandi.

O‘zA muxbiri mazkur mavzu yuzasidan filologiya fanlari doktori, dotsent Beruniy Alimov bilan qisqa suhbat uyushtirdi. 

Описаniе: uzbekistan #image #dissertation | Dr Beruniy Alimov

– Aytingchi, “yumshoq kuch” tushunchasi bugun qanday o‘zgardi?

– Menimcha, “soft power” endi “madaniyat almashinuvi” bilan cheklanmaydi. U davlatlar raqobatining yumshoq, lekin aniq hisob-kitobli geosiyosiy instrumentiga aylandi. Sababi oddiy: global tartibda qurol va sanksiyalar qimmatlashdi, ishonch esa eng qimmat “valyuta”ga aylandi. Shu bois, davlatlar brend, narrativ, diasporalar, platformalar va hatto algoritmlar orqali “ishonch”ni tizimli ravishda ishlab chiqishga o‘tdi. Bugungi “soft power” – bu “ko‘ngilni olish” emas, balki “kun tartibini belgilash” (agenda-setting) va raqib maydonini toraytirishdir.

Bu fikrni yanada chuqurlashtirsak, zamonaviy “soft power” “simvolik kapital” ishlab chiqarish mexanizmiga aylanganini ko‘ramiz. Davlatlar o‘z imijini faqat madaniy joziba orqali emas, balki ma’naviy nufuz, innovatsion muhit va ochiqlik orqali shakllantirmoqda. Shu jihatdan, yumshoq kuch – bu ma’no va qadriyatlar ustidagi kurashdir.

– Sizningcha, media “soft power”ning eng kuchli qurolimi?

– Ha, ko‘p holatda media “soft power”ning eng tezkor va ko‘rinadigan “tezlik uzatmasi”. Global telekanallar, kino industriyasi, striming platformalari va ijtimoiy tarmoqlar mamlakat imijini bir kunda ham ko‘tarishi, ham qulatishi mumkin. Ular hissiyot bilan fikrni birlashtirib, auditoriya xotirasida “ramz” yaratadi, lekin media yakka o‘zi yetarli emas. Agar ichki siyosat, iqtisodiy ochiqlik, adolat va xizmatlar sifati “kadr orti”da mos kelmasa, eng chiroyli PR ham bir kun kelib “montaj” ekani bilinib qoladi. Media kuchli qurol, ammo u doimo “reallik” bilan sinovdan o‘tadi.

Darhaqiqat, media muhitida shakllangan obraz va amaldagi voqelik o‘rtasida ziddiyat yuzaga kelsa, ishonch tez yemiriladi. Shu bois zamonaviy “soft power” media strategiyasini institutsional sifat bilan uyg‘unlashtirishni talab qiladi. Bu yerda axborot tezligi emas, ishonch barqarorligi ustuvor ahamiyat kasb etadi.

– Bu yo‘nalishda ta’lim diplomatiyasi qanday ishlaydi?

– Ta’lim diplomatiyasi “shaxs sarmoyasi” orqali ishlaydi. Grantlar, almashinuv dasturlari va xalqaro universitetlar xorijiy elitalar, ekspertlar va kelajak qaror qabul qiluvchilarida til, qadriyat, professional standart va tarmoq (network) shakllantiradi. Bu tarmoq keyin biznes, ilm-fan, siyosat va madaniyatda o‘z-o‘zidan “ishonch yo‘llari”ni ochadi, ya’ni mamlakatga nisbatan ijobiy qarash paydo bo‘ladi.

Eng muhim nuqta shundaki, ta’lim diplomatiyasi sekin, lekin uzoq masofali ta’sir beradi. U “bugungi yangilik” emas, balki “ertangi rahbarlar” bilan ishlaydi.

Ta’lim orqali shakllangan intellektual aloqalar geosiyosiy barqarorlikning noyob poydevoriga aylanishi mumkin, chunki umumiy akademik muhit, qo‘shma tadqiqotlar va ilmiy hamkorliklar o‘zaro ishonchni institutsional darajaga ko‘taradi. 

– Madaniyat eksporti – qadriyat yoyishmi yoki strategik investitsiya?

– Men ikkalasi ham degan bo‘lardim. Seriallar, musiqa, milliy brendlar bir tomondan qadriyat va estetikani tarqatadi, ikkinchi tomondan esa bozor, turizm, investitsiya va siyosiy hamkorlikka yo‘l ochadigan “yumshoq infratuzilma”ni bunyod etadi. 

Albatta, buning ortida siyosiy hisob-kitob bo‘lishi mumkin, ayniqsa, davlatlar madaniyatni tizimli qo‘llab-quvvatlab, uni eksport industriyasiga aylantirganda, ammo muvaffaqiyat shundaki, madaniyat “buyruq” bilan emas, “xohish” bilan qabul qilinadi. 

Qolaversa, madaniy mahsulotlar global bozorda raqobatbardosh bo‘lsa, ular milliy iqtisodiyot uchun qo‘shimcha qiymat yaratadi. Shu ma’noda madaniyat – nafaqat ma’naviy, balki iqtisodiy aktiv hamdir.

– “Soft power” va propaganda o‘rtasidagi chiziq qayerda?

– Chiziq – niyat va usulda. “Soft power” odatda ochiq, tekshiriladigan, ko‘p manbali va auditoriyaga tanlov qoldiradigan ta’sir shakli bo‘lsa, propaganda ko‘pincha biryoqlama, faktni tanlab beruvchi va hissiyotga bosim qiluvchi manipulyatsiyaga o‘xshaydi.

Ajratishning oddiy mezonlari bor: manba shaffofmi? xabar tekshiruvdan o‘ta oladimi? xato bo‘lsa, tuzatilmoqdami? qarshi pozitsiya mavjudmi? auditoriya ongli tanlov qila oladimi? Qachonki xabar “ishontirish”dan “aldash”ga, “jalb qilish”dan “majbur qilish”ga o‘tsa – u propaganda tomon og‘adi. Bugungi raqamli muhitda bu chegara yanada noziklashdi. Shuning uchun media savodxonlik va fakt tekshiruvi institutsional ahamiyat kasb etmoqda. 

– O‘zbekiston “soft power” salohiyatini kuchaytirishi uchun nimalarga urg‘u berishi kerak, deb o‘ylaysiz?

– Shaxsiy fikrimcha, O‘zbekiston uchun eng strategik kombinatsiya – ta’lim + madaniyat + ishonchli mediani yagona ekotizimga aylantirishdir. Ta’lim uzoq muddatli elita tarmoqlarini yaratadi, madaniyat milliy brendni hissiy jihatdan “sevimli” qiladi, media esa bularni dunyoga to‘g‘ri, zamonaviy va ishonchli formatda yetkazadi.

Ustuvorlik nuqtasida men ta’lim diplomatiyasini “tayanch”, madaniyat eksportini “kontent motori”, mediada esa ishonch standartlarini (faktcheking, ochiqlik, xalqaro hamkor kontent) “kuchaytirgich” deb bilaman. Chunki “soft power”ning eng katta dushmani raqib emas – ishonchsizlikdir.

Darhaqiqat, global maydonda muvaffaqiyat qozonish uchun O‘zbekiston o‘zining tarixiy-madaniy merosi, yosh demografik salohiyati va geostrategik joylashuvini uyg‘un strategiyaga aylantirishi zarur, deb o‘ylayman. Bu esa tizimli yondashuvni talab qiladi.

“Soft power” bugun joziba siyosatidan kun tartibini belgilash siyosatiga aylandi. Media tezkorlikni ta’minlasa, ta’lim uzoq muddatli ishonchni, madaniyat esa hissiy yaqinlikni shakllantiradi. Davlatlar uchun asosiy vazifa – ushbu elementlarni parchalangan holda emas, balki yagona strategik ekotizim sifatida rivojlantirishdir.

Musulmon Ziyo suhbatlashdi.

O‘zA