Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
MedDRA tibbiy terminologiya klassifikatorini o‘zbek tiliga tarjima qilish loyihasi ko‘rib chiqildi
18:25 / 2025-11-19

Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi delegatsiyasi farmatsevtika sohasidagi jahon miqyosidagi eng muhim tadbirlardan biri – Singapurda bo‘lib o‘tayotgan, jamoat salomatligini uyg‘unlashtirish yo‘lida ICHning 35 yillik faoliyatiga bag‘ishlangan tantanali marosimda ishtirok etmoqda. Bu haqda Markaz matbuot xizmati xabar bermoqda.

Tashrif doirasida Markaz vakillari ICHning strategik rivojlanishi, ICH va PIC/S o‘rtasidagi hamkorlik, shuningdek, global miqyosdagi regulyator organlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlik masalalariga bag‘ishlangan sessiyalarda qatnashmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 19 avgustdagi tegishli farmoni ijrosini ta’minlash, dori vositalarini milliy tartibga solish tizimini mustahkamlash va ekspertlar salohiyatini xalqaro talablar darajasida oshirish maqsadida Markaz direktori Alisher Temirov rahbarligida ICHning asosiy qo‘llanmalari – E8(R1), E6(R3), E17, E5(R1) va M13(A) bo‘yicha fundamental kompetensiyalarini shakllantirishga qaratilgan o‘quv dasturi uchun moliyalashtirishni jalb etish tashabbusi ilgari surildi.

Ushbu qo‘llanmalar zamonaviy klinik amaliyot (GCP) bo‘yicha xalqaro standartlarni, ko‘p hududli klinik tadqiqotlarni o‘tkazish va baholash tartiblarini, xorijiy klinik ma’lumotlardan foydalanish talablarini, shuningdek, bioekvivalentlik tadqiqotlari uchun regulyator mezonlarni belgilaydi. Dastur milliy mutaxassislarni global regulyator talablariga muvofiq tayyorlash va ilmiy asoslangan, ochiq hamda uyg‘unlashtirilgan ekspertiza jarayonlariga o‘tishni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.

Assambleya doirasida Markaz direktori ushbu o‘quv dasturini Toshkentda o‘tkazish uchun Farmatsevtika mahsulotlariga qo‘yiladigan texnik talablarni uyg‘unlashtirish bo‘yicha Xalqaro Kengash (ICH) tomonidan 40 000 AQSH dollari miqdorda moliyalashtirishni jalb etishga muvaffaq bo‘ldi. Trening xalqaro ekspertlar ishtirokida tashkil etilib, klinik tadqiqotlar va regulyator faoliyat sohasida ish olib borayotgan mahalliy va xorijiy mutaxassislar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, eng yaxshi xalqaro tajribalarni o‘rganish va ishtirokchilar malakasini oshirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, MedDRA tibbiy terminologiya klassifikatorini o‘zbek tiliga tarjima qilish loyihasi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar ham alohida ko‘rib chiqildi. Ushbu loyiha uchun 2025 yil may oyida Madrid shahrida bo‘lib o‘tgan ICH Assambleyasida 150 000 AQSH dollari ajratilgan edi. Singapurda loyihaning keyingi bosqichlari va uni o‘z vaqtida amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Mohigul Qosimova, O‘zA