Prezident tashrifidan so‘ng...
Toshkent shahri mamlakatimizning iqtisodiy, madaniy va ijtimoiy markazi sifatida turli sohalar rivojida muhim rol o‘ynaydi.
Hozirgi kunda shaharda sanoatning turli tarmoqlari, jumladan, mebelsozlik ham jadal rivojlanmoqda. Bu nafaqat iqtisodiy o‘sishga xizmat qiladi, balki yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi turmush darajasini yaxshilashda ham muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10 iyul kuni Chilonzor tumanidagi industrial hududda amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishgan edi.

“Eman materials” korxonasi bu yerdagi muhim ishlab chiqarish nuqtalaridan biri. Korxona haqida quyiroqda batafsil to‘xtalamiz. Hozir industrial hududda tadbirkorlik sub’ektlari uchun yaratilgan sharoitlarga biroz e’tiboringizni qaratamiz.
Mazkur hudud Beshqo‘rg‘on va Tirsakobod mahallalari hududida joylashgan bo‘lib, 320 gektar maydonni egallagan. Kichik sanoat zonasi maqomidagi ushbu industrial hudud Prezidentning 2023 yil 3 iyuldagi tegishli qarori asosida tashkil etilgan.
Bu yerda xalqaro standartlarga muvofiq energiya tejamkor, atrof-muhit muhofazasini ta’minlashga qaratilgan va ekologik xavfsiz ishlab chiqarish quvvatlari barpo etildi. Bugungi kunda hududda ana shunday talablarga javob beradigan korxonalar soni 531 taga yetdi.
Ularda yaratilgan ish o‘rinlari soni esa 20 mingtaga yaqinlashdi. Yillik ishlab chiqarish salohiyati ham kam emas – 6 trillion 800 million so‘m. Joriy yilda hududdagi 50 ta korxonada 180 million dollarlik mahsulot eksport qilinadi.

Transport, muhandislik-kommunikatsiya va yo‘l infratuzilmasining yaxshilangani tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini yanada rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev shu yerda joylashgan “Eman materials” korxonasida ham bo‘lgan edi.
Toshkent shahrida mebelsozlik sanoati – mahalliy resurslardan samarali foydalanish va sanoatni diversifikatsiya qilish uchun qulay sohalardan biridir. Mahalliy darajada ishlab chiqarilgan mebel bozor talabini qondiribgina qolmay, balki eksport salohiyatini ham oshiradi. Bu esa tashqi savdo balansiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Shahar iqtisodiyotining barqaror o‘sishiga sabab bo‘ladi.
Hozirgi murakkab sharoitda o‘zimizda bor xomashyoni chuqur qayta ishlab, qo‘shilgan qiymatni ko‘paytirish eng asosiy masaladir.
Mahalliy sanoatdagi shunday yo‘nalishlardan biri mebelsozlikdir. Mamlakatimizda bu tarmoqda 7 ming 500 ta korxona ishlab turibdi. O‘tgan yilning o‘zida 920 ta yangi korxona ochilgan. Sohada 6 trillion 700 milliard so‘mlik mahsulot tayyorlanib, 20 million dollarlik mebel eksport qilingan.

Chilonzor tumanidagi ushbu industrial hududda bu tarmoqqa ixtisoslashgan o‘nga yaqin korxona bor.
Sohadagi kichik biznes vakillari chet eldan materiallar olib kelishda qiynalishi mumkin. Mamlakatimizda ularga bu borada ko‘maklashish, transport xarajatlarini yengillatib, xomashyoni arzon yetkazib berish maqsadida yog‘och va yog‘och materiallarini markazlashgan holda olib kelish yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, 14 turdagi xomashyo, furnitura, aksessuar uchun 3 yil muddatga import boji 1 foiz etib belgilandi.
Darhaqiqat, mebelsozlik sanoati turli kasb sohalarida malakali kadrlarga ehtiyoj tug‘diradi. Dizaynerlar, ustalar, montajchilar, savdo va marketing mutaxassislari kabi mutaxassislar uchun yangi ish o‘rinlari paydo qiladi. Bu esa ishsizlikni kamaytiradi va mehnatga layoqatli aholining daromad manbasini kengaytiradi. Ayniqsa, yoshlar va ayollar uchun ish o‘rinlari yaratilishi ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashda muhim ahamiyatga ega.
– Korxonamizda tadbirkorlik uchun yaratilayotgan barcha sharoitlardan samarali foydalanilmoqda, – deydi “Eman materials” ta’sischisi Aziz Nuriddinov. – Loyihani amalga oshirish uchun o‘n million dollar mablag‘ yo‘naltirildi. Bugungi kunda bu yerda yiliga 10 ming tonna 800 milliard so‘m yarim tayyor mebel mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Individual buyurtma asosida ham mebel ishlab chiqarish, loyihalashtirish, kesish, asboblarni qayta ta’mirlash kabi qo‘shimcha xizmatlar ko‘rsatishni ham yo‘lga qo‘yganmiz. Yana shu yerning o‘zida ko‘rgazma zali tashkil etganmiz. Poytaxtdagi brend mahsulotlar ishlab chiqaruvchilarni bir joyga jamlanganmiz. Bu tizim sotuvchi, xizmat ko‘rsatuvchi va oluvchiga ham ko‘plab qo‘shimcha imkoniyatlar taqdim etmoqda.

Bugungi kunda mamlakatimizdagi ming-minglab o‘rta va kichik sexlarga o‘z mahsulotlarimizni yetkazib bermoqdamiz. Prezidentimiz tashrifidan so‘ng yangi g‘oyalar tug‘ildi, shijoatimiz oshdi. Yangi loyihalarni amalga oshirib, yana ko‘plab doimiy ish joylari tashkil etamiz.
Korxonaning eksport hajmi ham bosqichma-bosqich o‘sib bormoqda. Bu yerda 200 kishining doimiy bandligi ta’minlangan.
Mebelsozlik sanoatining rivojlanishi aholi turmush darajasini bir necha jihatdan yaxshilaydi. Avvalo, yangi ish o‘rinlari orqali daromad oshadi, bu esa aholining xarid quvvati va hayot sifatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Ahamiyatlisi, ushbu korxonaning o‘zida mebelsozlik o‘quv markazi ham tashkil etilgan. Buning uchun soha rivojlangan Italiya, Turkiya va Rossiya kabi davlatlardan mutaxassislar jalb qilingan.
Keyingi yillarda mamlakatimizda sohani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish uchun innovatsiyalarni joriy etish, mahalliy mahsulotlarni raqobatbardosh qilish hamda kadrlarni tayyorlashga katta e’tibor qaratilmoqda. Bu chora-tadbirlar natijasi mana shu kabi istiqbolli loyihalarning ro‘yobga chiqayotganida ham namoyon bo‘lmoqda.
Ikrom AVVALBOEV, Rustam NAZARMATOV(surat), O‘zA muxbirlari