French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
"MebelExpo Uzbekistan": 13 davlatdan 70 dan ortiq korxona mahsulotlarini namoyish etmoqda
16:17 / 2022-04-14

Qaror va ijro

Mamlakatimizda mebel va yog‘ochsozlik sanoati jadal rivojlanib borayotgan sohalardan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 21 iyundagi “Respublika hududlarida mebelsozlik sanoatini rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori mebel ishlab chiqaruvchilar faoliyatini qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Toshkentda an’anaviy tashkil etib kelinayotgan O‘zbekiston mebel va yog‘ochsozlik sanoati xalqaro ko‘rgazmasi ham mazkur soha vakillarining imkoniyatini kengaytirish, salohiyat va ijodkorligini yuksaltirishda katta maydon vazifasini o‘tamoqda.

“O‘zekspomarkaz“ markaziy ko‘rgazmalar majmuida ochilgan “MebelExpo Uzbekistan" – O‘zbekiston mebel va yog‘ochsozlik sanoati xalqaro ko‘rgazmasi o‘n sakkizinchi bor o‘zining ishtirokchilari uchun muloqot maydonini yaratdi.

– “Iteca Exhibitions” xalqaro ko‘rgazmalar kompaniyasi va bir qator davlat tashkilotlari rasmiy ko‘magida tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston, Avstriya, Germaniya, Eron, Italiya, Qozog‘iston, Rossiya, Turkiya, Shveysariya kabi 13 davlatdan 70 dan ortiq kompaniya mahsulotlarini namoyish etmoqda, – dedi “Iteca Exhibitions” xalqaro ko‘rgazmalar kompaniyasi bosh direktori o‘rinbosari Oyimxon Bobojonova. – Aytish joizki, mamlakatimiz mebel va yog‘ochsozlik sanoati iqtisodiyotning eng jadal rivojlanayotgan tarmoqlaridan. bugungi kunda ushbu sohada asosan kichik va o‘rta biznes sub’ektlari faoliyat yuritadi. Turar joy va tijorat ko‘chmas mulklarini qurish sur’atlarining o‘sib borishi mebelga bo‘lgan ehtiyojning oshishiga olib kelmoqda. O‘zbekiston aholisining mebel mahsulotlariga bo‘lgan talabi yil sayin ortib bormoqda. Zamonaviy tendensiyalar mahalliy ishlab chiqaruvchilarni chetlab o‘tmaydigan diqqatga sazovor yangiliklarni talab qiladi. bugungi kunga kelib umumiy bozor hajmining qariyb 90 foizi mahalliy mahsulotlar bilan qondirilmoqda.

Muhimi, yurtimizda ko‘plab kichik korxonalarning tashkil etilishi, eksport va import rejimining liberallashtirilishi tufayli bu sohada kuchli raqobatdosh bozor shakllandi. Bu albatta, keng tanlovga ega bo‘lgan mebelning pirovard xaridorlari uchun ham, mahsulot sifatini barqaror saqlashga, tashqi bozorga chiqish yo‘lini izlashga majbur bo‘lgan mahalliy ishlab chiqaruvchilarga ham juda foydalidir.

Shu ma’noda, “MebelExpo Uzbekistan” xalqaro ko‘rgazmasi mamlakatimiz mebel va yog‘ochsozlik sanoati rivojida katta ahamiyatga ega tadbir bo‘lib xizmat qilmoqda. Ishtirokchilar bu gal “O‘zekspomarkaz“ning uchinchi va to‘rtinchi pavilonlaridan joy olgan sohadagi so‘nggi yangiliklari bilan tanishmoqda. Unda yog‘ochga ishlov berish yo‘nalishidagi zamonaviy texnologiyalar, butlovchi qismlar va yuqori sifatli mebel mahsulotlar taqdim etilgan.

Ko‘rgazma stendlaridan Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumanidagi “Vodiy Trade” xususiy korxonasi tamonidan ishlab chiqilgan mebel mahsulotlari ham joy olgan. Korxonaning savdo bo‘limi xodimi Sherzodjon Mirzakarimov ushbu ko‘rgazma har jihatdan manfaatli ekanini ta’kidladi.

– “Vodiy Trade” xususiy korxonasi 2004 yildan buyon ichki bozorga 60 xildagi mebel mahsulotlarini yetkazib bermoqda, – dedi suhbat davomida Sh.Mirzakarimov. – Ular orasida uy-joy mebellaridan tortib, idoralar, kasalxonalarga mo‘ljallangan zarur jihozlar mavjud. 150 nafar ishchi mehnat qilayotgan jamoamiz sohadagi yangiliklarga, o‘zgarishlarga monand mebel mahsulotlarini ishlab chiqarish harakatida. “MebelExpo Uzbekistan” xalqaro ko‘rgazmasi biz uchun juda muhim bo‘lib, korxona faoliyatini yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.

[gallery-6620]

Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA