Mebel yoki uyali telefon xaridi uchun kredit berilmaydi
Joriy yilning may holatida qariyb ikki yarim ming nafar tomorqa egasiga yetti foizli kreditlar berildi.
Joriy yilning may holatida qariyb ikki yarim ming nafar tomorqa egasiga yetti foizli kreditlar berildi. Agarda keyingi bir yilning hisoblasak, ularga qariyb 150 milliard so‘m miqdorida sarmoyalar berildi.
Qizig‘i, biz aytayotgan mablag‘lar moliya muassasalariga tegishli ma’lumotlar emas. Balki, O‘tgan O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi huzuridagi Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining faoliyatidan bir lavha, xalos.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 26 apreldagi qaroriga asosan O‘zbekiston Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi huzurida Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etilgan edi.Mazkur jamg‘arma ushbu mablag‘larni qanday maqsadlarda, qancha miqdor va foizlarda beradi? Bu savolga jamg‘arma yuriskonsulti, yuridik fanlar nomzodi (PHD)Mars Mamayusupov javob berdi.
– Jamg‘armadan kredit va resurs ajratishning eng past va eng yuqori miqdorlari belgilanmagan, –deydi M.Mamayusupov.– Kreditlar xo‘jalikning biznes rejasi, yer maydoni, uning qaytarilish kafolatlari kabi faktorlarga ko‘ra beriladi. Bunda jamg‘armaning Vasiylik kengashi prognoz parametrlarini belgilab berishi mumkin.Foizlarga keladigan bo‘lsak, fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalariga 3 yil muddatga, jumladan, 1 yilgacha imtiyozli davr bilan 2 foizlik bank marjasini hisobga olgan holda yillik 7 foiz stavkada beriladi. Bunda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasi (hozir 16 foiz) bo‘yicha 2 foiz bank marjasini hisobga olgan holda yillik 16 foiz miqdorida taqdim etiladi.
Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalariga berilayotgan bu kreditlar 3 yil muddatga beriladi va uning birinchi yili imtiyozli davrdan iborat. Albatta, mablag‘lar asosan fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini rivojlantirish, ularning innovatsion faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, aylanma mablag‘larga muhtoj “Tomorqa xizmati” MChJlarning ustav fondini shakllantirishga yo‘naltiriladi. Shuningdek,qishloq xo‘jaligi sohasidagi boshqa ishlab chiqarish, qayta ishlash, tayyorlash, ta’minlash, savdo tashkilotlari hamda lizing kompaniyalariga moddiy-texnik bazani mustahkamlash, qishloq xo‘jaligi texnikasi va transport sotib olish, fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining issiqxonalarini qurish uchun materiallar va butlovchi qismlar xarid qilishga ham kreditlar beriladi.
Shu o‘rinda mutaxassis jamg‘arma kreditlari qanday maqsadlar uchun berilmasligini ham ma’lum qildi. Unga ko‘ra, qishloq xo‘jaligi bilan bog‘liq bo‘lmagan faoliyat turlariga, alkogol va tamaki mahsulotlari ishlab chiqarish, savdo-vositachilikni amalga oshirish, ishlab chiqarish maqsadlari uchun ishlatilmaydigan shaxsiy mulkni sotib olish, ma’muriy xarajatlarni to‘lash, jumladan xizmat avtomobillari ta’minoti, mebel, uyali telefon sotib olish, shuningdek aloqa xizmatlariga to‘lov maqsadlari uchun ajratilmas ekan.