Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mebel mahsulotlari ishlab chiqarish va eksport qilish uchun qulay imkoniyat
21:28 / 2023-04-12

Prezident qarori amalda

Poytaxtimizdagi “Anhor” istirohat bog‘ida "Ishlab chiqarish texnologiyalari. Yog‘ochsozlik. Mebel va butlovchi qismlar – MebelExpo Uzbekistan 2023" xalqaro ko‘rgazmasi ochildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 10 fevraldagi “Mebel mahsulotlari ishlab chiqarish va eksport qilishni rag‘batlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida tashkil etilgan ushbu ko‘rgazmada dunyoning 19 mamlakatidan 122 ta kompaniya va brendlar o‘z imkoniyatini namoyish etmoqda.

“Iteca Exhibitions” xalqaro ko‘rgazmalar kompaniyasi menejeri Nodira Hayitboyeva qayd etganidek, davlatimiz rahbarining ushbu qarori bilan 2023 yil 1 fevraldan 2024 yil 1 yanvarga qadar bo‘lgan davrda mebel ishlab chiqarishda foydalaniladigan xomashyo, ehtiyot qismlar, furnitura va aksessuarlar importida bojxona bojining nol stavkasi qo‘llaniladi. Bu esa ishlab chiqaruvchilar uchun yaxshi imkoniyatdir.

– “Iteca Exhibitions” xalqaro ko‘rgazma kompaniyasi va uning hamkori “ICA Eurasia” guruhi tomonidan tashkil etilgan ushbu ko‘rgazmaning maqsadi ham ayni shu talablar ijrosiga qaratilgan. Ahamiyatlisi, O‘zbekiston aholisining xarid qobiliyati o‘sib borishi va ehtiyoji ishtirokchi kompaniya va korxonalarning sonini yanada oshirmoqda. Shu sababli, bugungi kunda bozorning qariyb 90 foizi mahalliy mahsulotlar hisobidan qondirilmoqda. Mamlakatimizda mebel, materiallar, butlovchi qismlar ishlab chiqarish, shuningdek, yog‘ochsozlik bo‘yicha 5 mingdan ortiq korxona faoliyat ko‘rsatmoqda, sohada 300 mingdan ortiq kishi mehnat qilmoqda. So‘nggi 10 yil ichida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar assortimenti sezilarli darajada kengaydi, jahon tendensiyalariga muvofiq sifat va dizayn yaxshilandi. Mebel importi ham, eksporti ham ko‘paymoqda. Muhimi, davlat tomonidan mebel ishlab chiqarishning o‘sishini rag‘batlantirish, tannarxini pasaytirish va mahalliy mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirishga keng imkoniyatlar yaratilmoqda, – dedi N.Hayitboyeva.

[gallery-11415]

Uch kun davom etadigan ushbu ko‘rgazma mahalliy ishtirokchilarni an’anaviy ravishda tayyor mebel ishlab chiqaruvchilari, jihozlar, butlovchi qismlar, mebel kimyosi, furnitura, aksessuarlar va ko‘plab boshqa mahsulotlarni yetkazib beruvchilar bilan yaqindan muloqot qilishiga qulaylik yaratadi. Ularga zamonaviy texnologiyalar, xomashyo va butlovchi qismlardan foydalanishga to‘g‘ridan-to‘g‘ri va tezkor imkoniyat beradi. Shu ma’noda, ushbu xalqaro tadbir mahalliy bozorda sotishni rivojlantirishga yo‘naltirilgan kompaniyalar uchun bozorning asosiy ishtirokchilari, ya’ni ishlab chiqaruvchilar va distribyutorlar bilan uchrashish maydonidir.

Toshkent shahridagi “Khatdecor” mas’uliyati cheklangan jamiyati ko‘rgazmaning mahalliy ishtirokchilaridan biridir. 2011 yili o‘z faoliyatini boshlagan korxona asosan mebel xomashyolarini ishlab chiqaradi.

– 2018 yildan korxonamizda dekorativ qog‘ozlar ham ishlab chiqarilmoqda, – dedi “Khatdecor” MCHJ savdo menejeri Abbos Abdumannonov. – Bu jarayonda 100 dan ortiq ranglar o‘zlashtirildi. Hozirgi kunda 250 dan ortiq turdagi mahsulotimiz bor. Ulardan 200 xildan ziyodi korxonamiz tomonidan ishlab chiqariladi.

20 yillik tajribaga ega Xitoyning “Hexi Textile Co., Ltd.” korxonasi ushbu ko‘rgazmada ilk bor qatnashmoqda. Korxona rahbari Maks Xi avvallari o‘zbekistonlik distribyutorlar vositachiligida ishlagan bo‘lsa, endilikda ishlab chiqarish korxonalari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlashni niyat qilganini ta’kidladi.

– Shu maqsadda ilk bor bu ko‘rgazmada mahsulotlarimiz bilan qatnashmoqdamiz. Korxonamizda divanlarni qoplash uchun materiallar ishlab chiqariladi. Ko‘rgazmani tomosha qilish chog‘ida bizniki kabi mahsulotlarni ko‘rmadim. Shu sababli, men o‘zbek bozorini o‘rganish va hamkorlar topishni niyat qildim, – dedi Maks Xi.

Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA muxbiri