24 iyun kuni Toshkent shahrida MDHga a’zo davlatlar mudofaa vazirliklari shaxsiy tarkib bilan ishlash (tarbiyaviy ishlar) bo‘yicha organlari rahbarlari qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishi o‘tkazildi.
Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti O‘zAga xabar berdi.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasining 2018 yil 9 yanvardagi Mudofaa doktrinasi to‘g‘risidagi qonunida milliy xavfsizlikning uzoq muddatli manfaatlaridan kelib chiqqan holda manfaatdor mamlakatlar bilan strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish va saqlab turish hamda davlatlararo o‘zaro manfaatli, mustahkam aloqalarni yo‘lga qo‘yish belgilangan.

Shunga asosan O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi jahonning ko‘plab davlatlari bilan harbiy sohada o‘zaro manfaatli aloqalarni mustahkamlab kelmoqda. Jumladan, MDHga a’zo davlatlar mudofaa vazirliklari shaxsiy tarkib bilan ishlash (tarbiyaviy ishlar) bo‘yicha organlari rahbarlari qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishiga Toshkent shahri mezbonlik qildi.
Yig‘ilish avvalida ishtirokchilar poytaxtimizdagi “G‘alaba bog‘i” majmuasida barpo etilgan “Matonat madhiyasi” yodgorlik majmuasiga gulchambarlar qo‘ydilar. Shundan so‘ng ishtirokchilar majmua hududidagi “Shon-sharaf” davlat muzeyi eksponatlari bilan yaqindan tanishdilar. Mehmonlar Ikkinchi jahon urushi yillari manzarasini yaxlit aks ettiruvchi betakror ma’naviyat maskani bo‘lgan “G‘alaba bog‘i” majmuasiga yuksak baho berishdi va muzeydagi faxriy mehmonlar kitobiga dastxat qo‘yishdi.

Qo‘mitaning asosiy yig‘ilish jarayonlari Qurolli Kuchlar akademiyasida davom etdi. Unda MDHga a’zo davlatlar qurolli kuchlarining shaxsiy tarkib bilan ishlash organlari rahbarlari qo‘shinlarda tarbiyaviy ishlarni tashkil etishdagi dolzarb masalalar yuzasidan ma’lumotlar berishdi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari polkovnik Hamdam Qarshiyev “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida zamonaviy bosqichda shaxsiy tarkib bilan olib borilayotgan tarbiyaviy ishlardagi asosiy yondashuvlar to‘g‘risida” mavzusida ma’ruza qildi.

Shuningdek, yig‘ilish davomida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo davlatlar qurolli kuchlari harbiy xizmatchilari o‘rtasida do‘stlikni mustahkamlash va askariy birodarlikni shakllantirish, “ARMI – 2021” xalqaro harbiy-texnik forumi doirasida davra suhbatiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish, xalqaro armiya o‘yinlari ishtirokchilariga madaniy-ma’rifiy xizmat ko‘rsatilishining tartibi, oliy harbiy o‘quv yurtlari kursantlari o‘rtasida "KVN – 2021 hamdo‘stligi" xalqaro festivalini tashkil etish va boshqa masalalar, shuningdek, bu soha yo‘nalishida qo‘lga kiritilayotgan yutuq va to‘plangan tajribalar yuzasidan o‘zaro fikrlar almashildi.