Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
MDH Yoshlar parlamentlararo assambleyasi a’zolari tengdoshlarining muammolariga e’tibor qaratdi
12:13 / 2022-10-27

Samarqand shahridagi «Buyuk ipak yo‘li» xalqaro turizm majmuasidagi Kongress markazida bo‘lib o‘tayotgan MDH Parlamentlararo assambleyasining kuzgi sessiyasi doirasida MDH Yoshlar parlamentlararo assambleyasi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston, Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston vakillari ishtirok etdi.  

Bu MDH Yoshlar parlamentlararo assambleyasining o‘n to‘qqizinchi majlisi bo‘lib, “NEET yoshlari» (ish bilan band bo‘lmagan yoshlar) muammosini hal qilish majlisda asosiy masalalardan biri bo‘ldi.  

 

MDH parlamentlari a’zolari yoshlar o‘rtasidagi ishsizlikni qonunchilik yo‘li bilan tartibga solish orqali hal etish hamda Hamdo‘stlik mamlakatlarida ishlamaydigan va o‘qimaydigan yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirish usullari xususida o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.  

 

– Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning huquqiy ongi va savodxonligini oshirish, ularni jamiyatning siyosiy faol qatlamiga aylantirish bo‘yicha ish olib borilmoqda, – dedi O‘zbekiston Senati Yoshlar parlamenti raisi Bekzod To‘xtamurodov. – Qonun ijodkorligi jarayonlariga yoshlarni keng jalb qilish, shu orqali yoshlar muammolari yechimi bilan bog‘liq qonunchilikni takomillashtirishga harakat qilinmoqda. Yoshlar parlamenti a’zolari doimiy ravishda yoshlar ichida yurib, ularning muammolarini o‘rganib, senatorlarga bu haqda ma’lum qilish, masala qo‘yish kabi ishlarni amalga oshirayotir.  

Yig‘ilishda Ozarbayjon vakili Emin Gajiyev yoshlar vakillarining keng miqyosda yoshlar muammolariga e’tibor qaratishi muhim ekaniga e’tibor qaratdi. Chunki mehnat bozoriga kirib kelayotgan yoshlarning o‘z o‘rnini topishi oson emas. Ularni qo‘llab-quvvatlash, sharoit yaratish zarur. Yosh parlamentariylarning qonun ijodkorligida ishtirok etayotgani e’tiborga loyiq. Ozarbayjonda ham yoshlarga e’tibor davlat siyosati darajasida.  

 

Yoshlar assambleyasi ishtirokchilari tomonidan joriy yildagi ish yakunlari sarhisob qilinib, MDH Yoshlar parlamentlararo assambleyasining yangi koordinatori saylandi – endilikda Assambleyaga raislik qilish Ozarbayjondan Armanistonga o‘tdi.  

Yosh parlamenti a’zolari «Yoshlarning xalqaro hamkorligiga qo‘shgan hissasi uchun» faxriy nishon bilan taqdirlash uchun taqdim qilish haqidagi takliflarni ham ko‘rib chiqdi. Mukofot yoshlar qanoti tashabbusi bilan MDH Parlamentlararo assambleyasi kengashi tomonidan ta’sis etilgan.  

 

Norgul Abduraimova, O‘zA