10 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasining Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligidagi raisligi doirasida tuzilmaga a’zo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari kengashining navbatdagi yig‘ilishi videokonferensiya shaklida bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov raisligida o‘tgan majlisda Armaniston, Belarus, Moldova, Ozarbayjon, Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston tashqi ishlar mahkamalari rahbarlari hamda MDH Ijroiya qo‘mitasi raisi – Ijrochi kotibi Sergey Lebedev ishtirok etdi.
Tadbir ishtirokchilari MDH doirasidagi hamkorlikning dolzarb masalalari va xalqaro kun tartibi yuzasidan fikr almashdi, shuningdek, qator tashkiliy masalalarni muhokama qildi.
A.Komilov O‘zbekiston Respublikasining MDHdagi raisligi doirasida erishilgan ijobiy natijalarga to‘xtalarkan, rejalashtirilgan deyarli barcha tadbirlar muvaffaqiyatli o‘tkazilgani, a’zo davlatlar hamkorligi, tuzilma faoliyati ko‘lamini yanada kengaytirish bilan bog‘liq yangi yo‘nalishlarni belgilab beradigan hujjatlar imzolanganini ta’kidladi. Jumladan, MDHni yanada rivojlantirish konsepsiyasi yangilangani, Hamdo‘stlikning 2030 yilgacha Iqtisodiy taraqqiyot strategiyasi, harbiy va chegara hamkorligi, innovatsiya, transport, madaniyat, sport, turizm hamda yoshlar bo‘yicha 9 ta dasturiy hujjat qabul qilingani alohida qayd etildi.

Yig‘ilish qatnashchilari e’tiboriga O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT shafeligida Pandemiyalar davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari to‘g‘risidagi xalqaro kodeksni ishlab chiqish tashabbusining ahamiyati haqida ma’lumot berildi. Mazkur taklif inqirozlarga birgalikda javob qaytarish bo‘yicha ishonchli tizimni joriy etish uchun konseptual va huquqiy asos yaratishi mumkinligi ta’kidlandi.
Qayd etilganidek, dunyoda pandemiya va boshqa umumbashariy tahdidlar bilan bog‘liq jarayon kechayotgan bir davrda Hamdo‘stlik a’zo davlatlar ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotida, mamlakatlar o‘rtasidagi keng ko‘lamli hamkorlikni mustahkamlashda muhim o‘rin tutmoqda.
Yig‘ilish yakunida hamkorlikning turli sohalarida 12 ta qaror va hujjat qabul qilindi. Xususan, MDH doirasida 2021 yilda Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi ko‘p bosqichli maslahatlashuv rejasi tasdiqlandi, Tuzilma Ijroiya qo‘mitasidagi kvotali lavozimlar kelasi uch yil uchun a’zo davlatlar o‘rtasida taqsimlanishi kelishib olindi.
MDH Tashqi ishlar vazirlari kengashining navbatdagi yig‘ilishini 2021 yil aprel oyida Rossiya Federatsiyasida o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
G‘ayrat XONNAZAROV, O‘zA