Samarqand shahridagi «Buyuk ipak yo‘li» xalqaro turizm majmuasidagi Kongress markazida Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi (MDH)ga a’zo davlatlar Parlamentlararo assambleyasining sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir doirasida Parlamentlararo assambleyaning 54-yalpi majlisi o‘tkazildi.
MDH Parlamentlararo assambleyasi raisi Valentina Matviyenko tuzilmaning yirik anjumani O‘zbekistonda o‘tayotgani, bu mamlakat Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan amalga oshirilayotgani, muhimi, tadbirni yuqori saviyada tashkil etish uchun katta tayyorgarlik ko‘rilganini alohida ta’kidladi.
Davlatimiz rahbariga buning uchun alohida minnatdorlik bildirdi. Sessiyaning har bir muloqot maydoni samarali bo‘lishi, ishtirokchilar o‘zlarini erkin his etishi uchun O‘zbekiston parlamenti a’zolari ham katta jonbozlik ko‘rsatganini e’tirof etdi.
O‘zbekiston to‘rt yil avval assambleya konvensiyaga qo‘shilgani, mazkur davlat qonun chiqaruvchilari yirik tuzilma faoliyatida faol ish olib borayotgani ham alohida qayd etildi.
Majlis davomida kuzgi sessiyada qirqta hujjat taqdim etilgani ta’kidlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva xalqaro munosabatlarda noaniqlik kuchayayotgan sharoitda aynan parlament diplomatiyasi davlatlar o‘rtasida o‘zaro ishonchni mustahkamlash va o‘zaro anglashuvni chuqurlashtirish, shuningdek, keng qamrovli kun tartibi bo‘yicha ko‘p darajali munosabatlarni yo‘lga qo‘yishda muhim rol o‘ynashini ta’kidladi.
Ozarbayjon Respublikasi Milliy majlisi raisi Sagiba Gafarova Parlamentlararo assambleya Mustaqil davlatlar hamdo‘stligining muhim va salmoqli institutlaridan biri ekanini ta’kidladi. Assambleya doirasidagi ishlar ikki tomonlama va ko‘p tomonlama parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirishga salmoqli hissa qo‘shayotganini qayd etdi.
Armaniston Milliy majlisi raisi Alen Simonyanning ta’kidlashicha, uchrashuv eng murakkab geosiyosiy jarayonlar davrida o‘tmoqda. Uning fikricha, nizolar dunyo uchun ijobiy oqibatlarga olib kelmaydi. Bularni hal qilishda esa parlament diplomatiyasi ham muhim rol o‘ynaydi.
Belarus Respublikasi Milliy majlisi kengashi raisi Natalya Kochanova bugungi voqelikda MDH ishtirokchi davlatlari o‘rtasidagi hamkorlikning ahamiyati bir necha barobar ortib borayotganini ta’kidladi. MDH Parlamentlararo assambleyasi va boshqa hamkor uyushmalarni yanada mustahkamlash, parlament a’zolarining birgalikdagi va muvofiqlashtirilgan faoliyati dolzarb xalqaro va mintaqaviy masalalarni hal etishda maqbul yondashuvlarni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Qozog‘iston parlamenti Senati raisi Maulen Ashimbayev assambleya 30 yillik faoliyati davomida samaradorligi va zarurligini ko‘rsatganini qo‘shimcha qildi. «MDH Parlamentlararo assambleyasi ko‘p tomonlama hamkorlik va parlamentlararo aloqalarni rivojlantirishning xalqaro miqyosda tan olingan institutidir.
Turkmaniston Milliy gengeshi mejlisi raisi Gulshat Mammedova hozirgi zamonda qonunchilik uyg‘unlashuvini ta’minlashda, qonun ijodkorligi amaliyotida o‘zaro tajriba almashishda parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish ahamiyati ortib borayotganini qayd etdi. Parlament a’zolari turli tadbirlarda faol ishtirok etib, davlatlararo munosabatlar rivojiga hissa qo‘shmoqda.
Bundan tashqari, Markaziy Amerika parlamenti raisi Gilermo Daniyel Ortega Reyes videomurojaatida yalpi majlis barcha, shu jumladan, PARLASEN manfaati uchun ham hamkorlikning davomi bo‘lishini ta’kidladi. «Hamdo‘stlik mamlakatlari parlamentlari bilan do‘stona munosabatlar o‘rnatishga va hamkorlik qilishga ochiqmiz», deya ta’kidladi u. Shuningdek, PARLACYeN MDH Parlamentlararo assambleyasi kengashida kuzatuvchi sifatida a’zo bo‘lish uchun ariza berganini qayd etdi.
MDH Parlamentlararo assambleyasi kengashi Bosh kotibi Dmitriy Kobiskiy 2023-2025 yillarga mo‘ljallangan Hamdo‘stlikda namunaviy qonun ijodkorligi rejalari haqida so‘z yuritdi.
N.Abduraimova, O‘zA