Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
MDH Parlamentlararo assambleyasi Kengashi vakili Namanganda
14:00 / 2024-10-17

Joriy yil 27 oktyabrda bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari mahalliy Kengashlar deputatlari saylovlarga tayyorgarlik hamda tashviqot-targ‘ibot tadbirlari muhim pallaga kirdi.

Mamlakatimizning turli nuqtalaridagi saylov kampaniyasi jarayonlarini bir qator xalqaro tashkilot vakillari va ekspertlari kuzatib bormoqda. Jumladan, Namanganda ayni kunlarda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining (YeXHT DIIHB) O‘zbekistondagi parlament saylovlari bo‘yicha missiyasi ish faoliyatini olib borayotgan bo‘lsa, yana bir xalqaro delegatsiyasi ushbu viloyatga tashrif buyurdi.  

Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Parlamentlararo assambleyasi (MDH PA) Kengashi vakili Yevgeniy Kozyak tashrif avvalida Davlatobod tumanidagi madaniyat markazi binosiga joylashgan Namangan viloyati hududiy saylov komissiyasida bo‘ldi. Bu yerda nufuzli mehmon viloyat hududiy saylov komissiyasi raisi, Namangan davlat universiteti rektori Sobitxon Turg‘unov bilan uchrashib, shahar va tumanlarda saylov kampaniyasining borishi, saylovchilarning ovoz berish huquqini ta’minlash maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar, saylov uchastkalaridagi tayyorgarlik holati bilan qiziqdi.  

Samimiy ruhda kechgan muloqot davomida hududiy saylov komissiyasi mutasaddilari tomonidan nufuzli mehmonning barcha savollariga to‘laqonli javob qaytarish bilan bir qatorda, parlament va mahalliy Kengash saylovlariga joriy etilayotgan “Ye-saylov” elektron platformasi tizimi haqida ham atroflicha ma’lumotlar berildi.  

O‘z navbatida, MDH PA Kengashi vakili Yevgeniy Kozyak O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari saylovining uzoq muddatli monitoringi boshlanganini ma’lum qildi. O‘z tashkilotning mazkur yo‘nalishdagi maqsad-vazifalari haqida so‘z yuritdi.  

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.