Dushanbe shahrida MDH Parlamentlararo assambleyasi kengashining majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Senati Raisi Tanzila Norboyeva boshchiligidagi parlament delegatsiyasi ishtirok etdi.
Majlisda Rossiya Federatsiyasi Federal majlisi Federal kengashi raisi V.Matviyenko MDHga a’zo davlatlar Parlamentlararo assambleyasining kengashi raisi lavozimiga qayta saylandi.
Assambleyaning 59-yalpi majlisiga tayyorgarlik doirasida kun tartibi, reglament va tahrir hay’ati tarkibi tasdiqlandi. 2025 yilda Tojikistonning MDHdagi raisligi yuzasidan axboroti eshitilib, kelgusi yilda raislik Turkmanistonga o‘tishi qayd etildi.

MDHga a’zo davlatlar Parlamentlararo assambleyasi doimiy komissiyalari raislari tasdiqlanib, ular orasida O‘zbekiston nomzodi – Oliy Majlis Qonunchilik palatasi a’zosi Sh.Sharafutdinov Madaniyat, axborot, turizm va sport bo‘yicha komissiya rahbari etib tasdiqlandi.
2026 yil uchun MDH Parlamentlararo assambleyasi ish rejasi ham tasdiqlandi. Unga ko‘ra kengash va komissiyalar majlislari, xalqaro forumlar, saylovlarni kuzatish hamda yoshlar va ma’rifiy dasturlarni amalga oshirish rejalashtirilgan.
Majlisda qabul qilingan qarorlar MDH davlatlari parlamentlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, qonun ijodkorligini muvofiqlashtirish va turli sohalarda integratsiya jarayonlarini rivojlantirishga xizmat qiladi.
N.Abduraimova, O‘zA