Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
MDH Parlamentlararo assambleyasi aloqa bo‘yicha ekspertlar kengashining majlisi bo‘lib o‘tdi
18:18 / 2022-10-26

Samarqand shahrida Mustaqil Davlatlar hamdo‘stligi ( MDH) Parlamentlararo assambleyasi aloqa sohasidagi mintaqaviy hamdo‘stlik bo‘yicha ekspertlar kengashining 24-majlisi bo‘lib o‘tdi.

Unda saylovlarni raqamlashtirish, raqamli savdoni rivojlantirish, umuman raqamli iqtisodiyotni huquqiy tartibga solish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.

Majlisni Ekspertlar kengashi raisi, O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov olib bordi.

Rossiya Federatsiyasi hukumati huzuridagi Qonunchilik va siyosiy huquqshunoslik instituti Ma’muriy qonunchilik va jarayonlar bo‘limi bosh ilmiy xodimi Lyudmila Tereshenko hamkasblari e’tiborini raqamli iqtisodiyot sohasida huquqiy tartibga solishning dolzarb yo‘nalishlariga qaratdi.

Ekspertlar kengashi majlisida elektron ovoz berish texnologiyalarini qo‘llash to‘g‘risida MDH Parlamentlamentlararo assambleyasi kengashi kotibiyati rahbari o‘rinbosari – MDH Parlamentlararo assambleyasi Demokratiya rivojlanishini monitoring qilish xalqaro instituti direktori Ivan Mushket va ekspertlar kengashi a’zosi, “UNICON.UZ” DUK direktori Maxsum Maxmudov so‘zlab berdi.

MDH Parlamentlararo assambleyasi huzuridagi Iqtisodiyot bo‘yicha ekspert kengashining elektron tijoratni rivojlantirish bo‘yicha takliflari ham ko‘rib chiqildi.

Majlis ishtirokchilari kelgusida Hamdo‘stlik mamlakatlari milliy parlamentlariga taklif etiladigan namunaviy qonunlarni yaratish bo‘yicha MDH Parlamentlararo assambleyasining jamiyatni raqamli rivojlantirish sohasida olib borayotgan ishlari bilan tanishdi.

Jamiyatni raqamli rivojlantirishning huquqiy jihatlari 2022 yil 2 dekabr kuni MDH Parlamentlararo assambleyasi qarorgohida, Sankt-Peterburgdagi Tavriya saroyida bo‘lib o‘tadigan xalqaro konferensiyaning asosiy masalasi bo‘ladi. Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan Ekspertlar kengashi majlisida konferensiyaga tayyorgarlik ham muhokama qilinadi.

MDH Parlamentlararo assambleyasi va Aloqa sohasidagi mintaqaviy hamdo‘stlik Ekspertlar kengashi MDH mamlakatlarida aloqa va axborotlashtirish sohasidagi milliy huquqiy tizimlarni uyg‘unlashtirishga ko‘maklashuvchi namunaviy qonunlarni ishlab chiqishda ikki tuzilmaning o‘zaro hamkorligini ta’minlaydi.

Aloqa sohasidagi mintaqaviy hamdo‘stlik elektr (telefon, telegraf aloqasi, televizion, radio va simli eshittirish) va pochta aloqasi sohasidagi hamkorlik va kelishilgan harakatlar uchun MDH davlatlarining tegishli vazirliklarini birlashtiradi.

O‘zbekistonda ilk bor o‘tkazilayotgan MDH Parlamentlararo assambleyasining kuzgi sessiyasi Ekspertlar kengashi majlisi bilan ochib berildi.

Eslatib o‘tamiz, 27-28 oktyabr kunlari Samarqand shahrida MDH Parlamentlararo assambleyasi kengashi majlisi va MDH Parlamentlararo assambleyasi 54-yalpi majlisi, shuningdek, assambleya va MDH Yoshlar Parlamentlararo assambleyasi doimiy komissiyalarining majlislari bo‘lib o‘tadi.

Tadbirlarda MDH Parlamentlararo assambleyasiga kiradigan mamlakatlar parlamentlari delegatsiyalari rahbarlari va a’zolari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar vakillari, olimlar va ekspertlar ishtirok etadi.

N.Abduraimova, O‘zA