Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
MDH o‘yinlarida O‘zbekistondan ketma-ket oltin
22:22 / 2023-08-05

Minskda bo‘lib o‘tayotgan II MDH sport o‘yinlarida kutilganidek, vakillarimiz birin-ketin sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritishmoqda.

Quvonarlisi, og‘ir atletikachilarimizdan ikki nafari musobaqaning oltin medaliga sazovor bo‘ldi. O‘zbekiston terma jamoasi uchun shohsupaga yo‘l ochib bergan Samarqand og‘ir atletika maktabi tarbiyalanuvchisi Og‘abek Nafasov raqiblaridan yaqqol ustun ekanligini namoyish qildi.  55 kg vazn toifasida qatnashgan sportchimiz dast ko‘tarishda ham, siltab ko‘tarishda ham barcha imkoniyatlardan unumli foydalandi. Uning 110+130, ikkikurashda 240 kg natijasi kumush medal sohibi – Turkmaniston vakili Ali Bobomurodov qayd etgan natijadan oz emas, ko‘p emas, 25 kg yuqori. Ushbu guruhda bronza medal mezbon atlet Grigoriy Vertinskiyga nasib etdi.

Qizlar o‘rtasida 55 kg vazn toifasida ham mamlakatimiz vakili o‘ziga bildirilgan ishonchni to‘liq oqladi. Toshkent viloyati Angren og‘ir atletika maktabidan katta sportga qadam qo‘ygan Jamila Panfilova dast ko‘tarishda 86, siltab ko‘tarishda 104 – jami 190 kg og‘irlikdagi toshni ko‘tarib,murosasiz kurashda Belarus vakilasini ortda qoldirdi va jamoamizga yana bir oltin medal keltirdi.

Shu tariqa afsonaviy polvon, og‘ir atletika bo‘yicha ikki karra Olimpiya o‘yinlari g‘olibi Aleksandr Kurlovichning Vatani – Grodnoda bo‘lib o‘tayotgan sport zalida ikki bor O‘zbekiston madhiyasi yangradi.

Shu bilan vakillarimizning bugungi muvaffaqiyatli ishtiroki yakuniga yetgani yo‘q. Sovrindor dzyudochilarimizning chiqishlari alohida mavzu.

G‘ayrat Xonnazarov, O‘zA

Minsk, Belarus