MDH Muvofiqlashtiruvchi transport kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
22 dekabr kuni MDH Muvofiqlashtiruvchi transport kengashining 41-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Tadbir Rossiya Federatsiyasi Transport vaziri Vitaliy Savelev raisligida bo‘lib o‘tdi. Unda 2021 yilda amalga oshirilgan ishlar natijalari, xalqaro transport koridorlarini rivojlantirish, sohaga raqamli texnologiyalarni keng joriy hamda navbatdagi uchrashuvlarni o‘tkazish bilan bog‘liq masalalar muhokama etildi.
Transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev O‘zbekiston tomoni tashkilotga a’zo davlatlar bilan transport aloqalarini rivojlantirish bo‘yicha faol hamkorlikni amalga oshirishga tayyor ekanini ta’kidlab o‘tdi. Shuningdek, vazir o‘rinbosari tomonlar bilan kelishilgan holda MDH Muvofiqlashtiruvchi transport kengashining navbatdagi sessiyalarini Toshkent shahrida o‘tkazilishini ko‘rib chiqishni taklif qildi.
Yig‘ilish yakunida tomonlar 2030 yilgacha bo‘lgan davrda MDHni iqtisodiy rivojlantirish strategiyasining birinchi bosqichini amalga oshirish bo‘yicha harakatlar rejasi va 2030 yilgacha MDHga a’zo davlatlarning transport sohadagi hamkorligining ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirish yuzasidan kelishib oldilar.
Maftuna KARIMOVA, O‘zA