MDH missiyasi: Qirg‘izistonda ayrim kamchiliklarni aytmasa, saylovlar shaffof o‘tdi
Qirg‘izistonda saylov jarayoni shaffof o‘tkazilishi uchun ancha sa’y-harakatlar amalga oshirilgan. Bu haqda matbuot anjumanida MDH missiyasi rahbari Vitaliy Volkov ma’lum qilgan.
«Har bir fuqaro erkin ovoz berish uchun yetarlicha imkoniyatga ega bo‘ldi», - dedi u.
Vitaliy Volkovning ta’kidlashicha, MDH missiyasi tomonidan 627 ta hududiy saylov uchastkalari kuzatib borilgan. Ular saylov uchastkalarida ovoz berishi uchun barcha sharoitlar yaratilganiga guvoh bo‘lishgan va saylovga tayyorgarlik ishlarini yuksak baholashgan.
«Ayrim kamchiliklarni aytmaganda, saylovlar ochiq va shaffof o‘tdi», - dedi Volkov.
Bundan tashqari, uning qo‘shimcha qilishicha, missiya a’zolari va mustaqil kuzatuvchilar ovoz berish jarayonini tahlil qilishib, saylov o‘tkazish darajasi xalqaro standartlarga to‘la mos keladi, degan xulosaga kelishgan.