Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida “MDH yagona mehnat bozorini shakllantirish doirasida migratsiya siyosatini takomillashtirish” mavzusida O‘zbekiston-Rossiya davra suhbati tashkil etildi.
Tadbir Rossiya Federatsiyasi Prezidentining maslahatchisi, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish va inson huquqlari bo‘yicha kengash raisi Valeriy Fadeyev boshchiligidagi delegatsiyaning mamlakatimizga tashrifi doirasida tashkil etildi.
Davra suhbati Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va Migratsiya agentligi, shuningdek, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish va inson huquqlari bo‘yicha kengash hamda "Peterburg muloqoti" forumi bilan hamkorlikda o‘tkazildi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov Yangi O‘zbekistonda mehnat huquqlarini himoya qilish inson huquqlari sohasidagi davlat siyosatining ustuvor masalalaridan biri ekanini ta’kidladi. Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) makonida adolatli va huquqiy himoyalangan mehnat bozorini shakllantirish – xalqlarimiz o‘rtasida o‘zaro ishonchni yanada mustahkamlash, ijtimoiy tahdidlarni imkon qadar kamaytirish, qisqacha aytganda, BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ladi.
Rossiya Federatsiyasi Prezidentining maslahatchisi, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish va inson huquqlari bo‘yicha kengash raisi Valeriy Fadeyev O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi hamkorlik munosabatlari rivojlanib borish tendensiyasiga egaligini ta’kidladi.
– Ayniqsa, iqtisodiy yo‘nalishdagi hamkorlik ko‘lami keng. Davlatlarimiz o‘rtasidagi tovar aylanmasi 10 milliard dollarni tashkil etayotgani shuni tasdiqlaydi. Ko'plab O‘zbekiston fuqarolari Rossiyada mehnat qilib, o‘z yurtiga investitsiya kiritmoqda. O‘zbekistondagi huquqiy islohotlar, ayniqsa, yangilangan Konstitutsiyaning qabul qilingani e’tiborga loyiq ish bo‘lganini aytib o‘tmoqchiman. Undagi ilg‘or huquqiy me’yorlar jahon miqyosida namuna bo‘la oladi. O‘zbekiston dunyoviy davlat sifatida diniy ekstremizmni cheklashga oid qonunlarni qabul qilgani ham diqqatga sazovor, – dedi u.
O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Olimjon Abdullayev O‘zbekiston o‘z fuqarolari manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha barcha choralarni ko‘rishini ta’kidladi. Migratsiya haqida so‘z borar ekan, bu tabiiy, cheklab bo‘lmaydigan jarayon ekaniga e’tibor qaratdi. Xorijda ishlayotgan yurtdoshlarimiz haqiqatan ham o‘z oilasiga, mamlakatiga foyda keltirmoqda. O‘z navbatida, ishlayotgan davlatlari rivojiga ham munosib hissa qo‘shmoqda. Masalan, Rossiya iqtisodiyotiga. Shunday ekan, har bir davlat mehnat qilayotgan kishilar, ayniqsa, migrantlar huquqlari ta’minlanishiga sharoit yaratishi zarur. Ularning haq-huquqi kamsitilishi kabi holatlarga chek qo‘yish lozim. Inson qadr-qimmatini hurmat qilish kerak. Diplomatik yo‘l bilan hamkorlikda monitoringlar o‘tkazish, noqonuniy holatlarga barham berish, bu borada migratsiyaga oid qonunchilikni shu nuqtai nazardan takomillashtirish, soddalashtirish maqsadga muvofiq. Boshqacha aytganda, tashkiliy tartibga solingan migratsiyani yo‘lga qo‘yish kerak.
Rossiya Federatsiyasining O‘zbekiston Respublikasidagi elchisi Aleksey Yerxov, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi direktori Behzod Musayev, har ikki mamlakatning soha bo‘yicha mutaxassislari va ekspertlari tadbirda o‘z fikrlarini bildirdi.
Muhokamalarda migratsiya siyosatini takomillashtirishga har ikki tomonda, ya’ni qabul qiluvchida ham, yo‘naltiruvchida ham doimo ehtiyoj mavjudligi e’tirof etildi. Ayniqsa, MDH mamlakatlarining yagona mehnat bozorini barpo etish haqida gap borganda, ushbu masalalar yanada dolzarblik kasb etadi.
Xususan, O‘zbekiston muntazam ravishda xavfsiz va tartibga solingan migratsiya tarafdori bo‘lib, mamlakatdan mehnat resurslarini uyushgan holda jalb qilish ulushini oshirish bo‘yicha doimiy sa’y-harakatlarni amalga oshirmoqda.
[gallery-25569]
Davra suhbati yakunida MDH makonida yagona mehnat bozorini shakllantirish – faqat huquqiy yoki iqtisodiy masala emasligiga alohida urg‘u berildi. Chunki bu o‘rinda mintaqadagi millionlab insonlarning munosib hayot sharoitini ta’minlashga qaratilgan gumanitar loyiha haqida so‘z bormoqda.
O‘zbekiston va Rossiyaning ayni yo‘nalishdagi hamkorligi migratsiya, mehnat huquqlari va fuqarolarning erkin harakatlanishi bilan bog‘liq masalalarni hal qilishda pragmatik yondashuvni, shu bilan birga, chuqur insonparvarlik namunasini amalda namoyon etadi. Binobarin, har ikki tomon ham o‘zaro hamkorlikda nafaqat dolzarb muammolarni hamjihatlikda izchil muhokama qilishga, balki bunday muammolarga yangi davr ruhi va xalqlarimiz manfaatlarini aks ettiradigan ta’sirchan amaliy yechimlar topishga qodir.
Norgul Abduraimova,
Asliddin Alijonov (surat), O‘zA