Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
MDH mamlakatlari vazir va rektorlarining QS reytingi bo‘yicha konferensiyasi o‘tkazildi
17:45 / 2020-11-23

«O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim tizimini 2030 – yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi farmonga asosan, kamida 10 ta oliy ta’lim muassasasini xalqaro e’tirof etilgan tashkilotlar reytingi ro‘yxatiga kiritish bo‘yicha ishlarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Hujjatda belgilangan vazifalarni ijrosini ta’minlash maqsadida poytaxtimizda QS dunyo universitetlarining global reyting baholash bo‘yicha asoschisi va prezidenti Nunsio Kvakvarelli bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Ilmiy xizmatlar markazining asoschisi Aliya Ospanova moderatorlik qilish asnosida O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining o‘rinbosari Uzoqboy Begimqulov va TIQXMMI rektori O‘ktam Umurzakovlarga so‘z berdi. Ular ushbu faoliyatning ahamiyati benihoya katta ekanini ta’kidlab o‘tishdi.

Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi mamlakatlarining ta’lim vazirlari va 200 nafardan ziyod universitet rektorlari ishtirok etgan videokonferensiyada dastlab dunyo oliy ta’lim muassasalarining nufuzli QS reyting tizimi ushbu ro‘yxatga kirish talablari haqida to‘xtab o‘tildi. Qayd etilishicha, mazkur agentlik 1990 – yilda tashkil etilgan bo‘lib, oliy ta’lim muassasalarining birinchi reytingi 2004 yilda tuzilgan. Shundan buyon QS jahondagi reyting agentliklar orasida yetakchilik qilmoqda, hozirda u ta’lim xizmatlari bozorida rahbar rolini belgilab beradi.

Shuni qayd etish joizki, bu reyting ro‘yxatidan dunyoning nufuzli oliy ta’lim muassasalari joy olgan bo‘lib, TIQXMMI bu reytingga kiritilgan respublikamizda yagona universitet hisoblanadi.

Muloqotlar davomida ilg‘or oliy ta’lim muassasalarining global raqobatbardoshligi xalqaro reytinglarga kirishdagi asosiy to‘siqlar va mintaqadagi universitetlarning rivojlanish istiqbollari masalalari muhokama qilindi. Mazkur reytingga kirish uchun yurtimizdagi oliy ta’lim muassasalarida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumotlar berildi.

Shuningdek, tadbirda yurtimizda oliy ta’lim muassasalarni xalqaro reytingga kirish strategiyasidagi muhim jihatlari muhokama qilindi, bu boradagi xalqaro reyting agentliklari tajribasi ko‘rib chiqildi. Jumladan, mahalliy olimlarning xalqaro ilmiy jurnallarda ishtirokini oshirish va xalqaro ma’lumotlar bazasida ulardan iqtibos keltirishlarni ko‘paytirishga e’tibor qaratish kerakligi alohida e’tirof etildi.

Rahimboy Jumaniyozov

TIQXMMI Matbuot xizmati rahbari