Samarqand shahri 2024 yilda Mustaqil davlatlar hamdo‘stligining madaniy poytaxti deb e’lon qilingan. Shu munosabat bilan joriy yilda qadimiy va hamisha navqiron shaharda turli xil madaniy tadbirlar tashkil etilmoqda.
14 may kuni Samarqandda “Kutubxona hamdo‘stligi: hamkorlik va innovatsiyalar” mavzuida xalqaro MDH kutubxonachilar forumi boshlandi. Unda ishtirok etish uchun Samarqandga MDH mamlakatlari kutubxonalari mas’ullari kelishgan.
Mehmonlar bugun Pushkin nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazida bo‘lib, mazkur muassasa faoliyati bilan tanishdi.
Shuningdek, shahardagi tarixiy obidalar, diqqatga sazovor joylarga sayohat uyushtirildi.
[gallery-17402]
– O‘zbekiston men uchun qadrli, bu yerda bir muddat yashaganman, kutubxonachilik sohasida mehnat qilganman, – deydi Sankt Peterburg madaniyat instituti axborot-kutubxonachilik fakulteti dekani Valentina Brejneva. – Bir farzandim Toshkentda tug‘ilgan. Bugungi tadbir turli davlatlarda faoliyat yuritayotgan soha mutaxassislarining o‘zaro tajriba almashishiga, hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Forumga bag‘ishlangan matbuot anjumanida Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari Rustam Qobilov yurtimizda aholining kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, kutubxonalar moddiy-texnik bazasini mustahkamlash yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida ma’lumot berdi.
Forumning asosiy tadbirlari 15 may kuni o‘tkaziladi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari