Toshkent viloyatidagi “Semurg‘” bolalar oromgohida MDHga a’zo davlatlarning “Hamdo‘stlik bolalari” sakkizinchi xalqaro madaniy-ma’rifiy forumi yakunlandi.
21 iyun kuni boshlangan mazkur forum MDH Parlamentlararo assambleyasi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tomonidan MDHga a’zo davlatlarning davlatlararo gumanitar hamkorlik jamg‘armasi ko‘magida tashkil etildi.
Forumning tantanali yopilish marosimida barcha delegatsiyalar vakillari so‘zga chiqdi.
MDH Parlamentlararo Assambleyasi Kengashi Bosh kotibi Dmitriy Kobitskiy O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va hukumatiga forumni a’lo darajada tashkil etgani va Hamdo‘stlik mamlakatlari maktab o‘quvchilari tomonidan iliq kutib olingani uchun minnatdorlik bildirdi.
MDHga a’zo davlatlarning barcha vakillariga, ya’ni Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston maktab o‘quvchilariga sertifikat va diplomlar tantanali ravishda topshirildi.
Tadbir davomida har bir delegatsiya o‘z mamlakatining an’ana va urf-odatlari aks etgan yakkaxon vokal chiqishlar, raqslar, milliy cholg‘u asboblarida kuylar chalib, yakuniy chiqish qildi.
MDHga a’zo davlatlar vakillari qayerdan va qaysi millatdan ekani muhim emasligi, barcha bir sayyora odamlari ekani, forum esa buni yana bir bor tasdiqlay olganini ta’kidladi.
Tadbir yakuni bo‘yicha barcha davlatlar vakillari har bir ishtirokchining fikr va taklifini bildirgan holda yangi rezolyutsiyani qabul qilib, navqiron avlod tomonidan ilgari surilgan maqsad va rejalarni amalga oshirish bo‘yicha o‘z pozitsiyalarini belgilab oldi.
N.Abduraimova, O‘zA