Xalqimiz o‘z azmu shijoati, bunyodkorlik salohiyati bilan Yangi O‘zbekiston va Uchinchi Renessans poydevorini barpo etayotgan bugungi kunda ustoz-muallimlarning jamiyatdagi o‘rni alohida.
Elimiz azaldan e’zozlab kelgan o‘qituvchi va murabbiylar maqomini, qadr-qimmatini yanada yuksaltirish davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridanbiriga aylangani ham bejiz emas.
Xususan, respublikamizning barcha hududlarida ta’lim sohasi fidoyilari xizmati muntazam e’tirof etib kelinadi. Bu jarayondan xorijiy tuzilmalar ham chetda qolmaydi.

Jumladan, “Diplomat University” oliygohi Xalqaro munosabatlar va iqtisodiyot fakulteti dekani, professor, siyosatshunos Abdumalik Mirzajonovga Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi miqyosida tashkil etilgan “Yurt iftixori” maqolalar ko‘rik tanlovi esdalik nishoni topshirildi.

Ushbu oliy o‘quv yurtida tashkil etilgan tantanali taqdirlash marosimida Madaniyat vazirligi vakillari, professor-o‘qituvchilar, talabalar ishtirok etdi.

Vazirlik mas’ul vakili Sardor Qurbonov sovrinni egasiga topshirarkan, ustozning mamlakatimiz oliy ta’lim tizimi rivojiga, yurtimiz obro‘-e’tiborini yuksaltirishga qo‘shayotgan beqiyos hissasini e’tirof etdi.
– Universitetimizda bugun quvonchli kun, chunki ustozimizga esdalik nishoni berildi, – dedi “Diplomat University” moliya ishlari buyicha direktori Bekzod Ummatov. – Bu butun jamoamiz uchun quvonchli voqea.
Darhaqiqat, Abdumalik Mirzajonov ijtimoiy-siyosiy hayotdagi faol ishtiroki, kasbiga fidoyiligi, sadoqatli mehnati hamda erishayotgan yutuqlari bilan ko‘pchilikka o‘rnak.
– Taqdirlangan o‘qituvchimiz talabalar bilan ishlash, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishda doimo faol, – deya ta’rif beradi laureatga ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektor Murod Otamurodov. – Ushbu e’tirof yoshlarimizga, shuningdek nafaqat talabalar, balki ustoz-murabbiylarimizga ham rag‘bat beradi.

Qayd etish kerak, “Diplomat University” ta’lim dasturlari xalqaro munosabatlar, diplomatik faoliyatning vositasi, usullari va o‘ziga xos jihatlari bo‘yicha chuqur bilimga ega yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashga qaratilgan. Bu dargohda tahsil olayotgan talabalar zamon talabiga javob bera oladigan bilim, ko‘p qirrali ko‘nikma o‘zlashtirib, diplomatiya sohasida yetuk kadrlar bo‘lib yetishadi.
Universitet o‘qituvchilari Shanxaydagi Ijtimoiy fanlar akademiyasi, shuningdek Nyu-Yorkdagi Kolumbiya, Qohira, Gonkong fan va texnologiyalar, Ruminiya, Shanxay universitetlari, MGIMO kabi mashhur oliy o‘quv yurtlarida ilmiy amaliyot o‘tagan.
Behruz Xudoyberdiyev,
O‘zA