Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
MDH doirasida jinoyatlarga qarshi kurashishda axborot almashinuvi rivojlantiriladi
15:31 / 2025-08-14

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi delegatsiyasi Sankt-Peterburg shahrida bo‘lib o‘tgan MDHga a’zo davlatlar Ichki ishlar vazirlari kengashining navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etdi.

Kengash majlisida O‘zbekiston, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston respublikalari hamda Turkmaniston va Rossiya Federatsiyasi ichki ishlar vazirliklari delegatsiyalari, shuningdek, MDHga a’zo davlatlar hududida uyushgan jinoyatchilik va boshqa xavfli jinoyatlarga qarshi kurashishni muvofiqlashtirish Byurosi direktori, MDHga a’zo davlatlarning terrorizmga qarshi kurash markazi rahbari va MDH ijroiya qo‘mitasi mas’ullari ishtirok etdi.

Tadbirda MDH a’zo davlatlarning ichki ishlar vazirliklari hamkorligining ustuvor masalalari va jinoyatchilikka qarshi kurash sohasidagi davlatlararo dasturlarni ijrosini muhokama qilindi. 

MDHga a’zo davlatlar ichki ishlar vazirliklari o‘rtasida ekspert-kriminalistika faoliyati sohasida hamkorlik samaradorligini oshirish, Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashishda axborot almashinuvini rivojlantirish, MDHga a’zo davlatlarning yo‘l harakati xavfsizligi sohasida oliy ta’lim va qo‘shimcha ta’lim dasturlari bo‘yicha kadrlar tayyorlash sohasini rivojlantirish hamda noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashishda o‘zaro hamkorlikning dolzarb masalalari borasida muzokaralar o‘tkazildi.

Delegatsiyalar rahbarlari tomonidan kengash doirasida qabul qilingan qarorlar hamda kengashga raislik qiluvchi tomonidan yig‘ilish bayonnomasi imzolandi.

Tadbir doirasida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining Rossiya Federatsiyasi hamda Belarus ichki ishlar vazirlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlari tashkil etildi.

Tomonlar huquqni muhofaza qilish sohasidagi o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalari, jumladan, transmilliy uyushgan jinoyatchilik, terrorizm, giyohvand moddalarning noqonuniy savdosi hamda axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish masalalarida fikr almashdi. Shuningdek, mazkur sohalarda kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirishda hamkorlik aloqalarini takomillashtirish bo‘yicha istiqbolli rejalarni muhokama qildi.

Tadbirlar do‘stona va konstruktiv ruhda o‘tdi. Tomonlar kelgusidagi aloqalarni institutsional darajada rivojlantirishga, amaliy natijalarga yo‘naltirilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga kelishib oldi.

                                               N.Abduraimova, O‘zA