Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
MDH davlatlari jinoyat qonunchiligida jinoyatlarni tasniflash tizimi va mezonlari
13:05 / 2021-04-30

Jinoyat huquqida jinoyatlarni tasniflash bu yuridik texnikaning o‘ziga xos uslubi hisoblanib, u qonuniy normalarni yagona mezon bo‘yicha muayyan toifalarga (guruhlarga, turlarga) ajratishda, jinoyat-huquqiy institutlar va normalarni bir xil tushunish va qo‘llash maqsadida foydalaniladi.

Milliy jinoyat qonunida jinoyatlarni tasniflash mezonlari sifatida qilmishning ijtimoiy xavflilik darajasi va xususiyati olingan bo‘lib, tasniflash tizimida jinoyatlar ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan, uncha og‘ir bo‘lmagan, og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarga bo‘linadi.

Jinoyatning ijtimoiy xavflilik xususiyati tajovuz ob’ekti (inson hayoti, sog‘lig‘i, mulk, jamoat xavfsizligi) hamda ayb shakliga (qasd, ehtiyotsizlik) qarab belgilansa, jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasi qilmish sodir etilishi holatlari (jinoiy niyatning amalga oshirilganlik darajasi va bosqichlari, jinoyatni sodir etish usuli, zarar miqdori va kelib chiqqan oqibatlar og‘irligi, ishtirokchilikda sodir etilgan jinoyatda sudlanuvchining roli) bilan belgilanadi.

Sodir etilgan jinoyatlarning ijtimoiy xavflilik darajasi - JK Maxsus qism moddasida yoki modda qismida nazarda tutilgan eng og‘ir jazo turining, odatda sanksiyada nazarda tutilgan ozodlikdan mahrum qilish jazosining maksimal muddatidan kelib chiqib aniqlanadi. Jinoyatlarning ijtimoiy xavflilik darajasi JK Maxsus qism moddasining har bir qismi bo‘yicha alohida aniqlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi amaldagi Jinoyat kodeksining 15-moddasiga ko‘ra ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyatlarga - qasddan sodir etilib, qonunda uch yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazo nazarda tutilgan jinoyatlar, shuningdek ehtiyotsizlik oqibatida sodir etilib, qonunda besh yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazo nazarda tutilgan jinoyatlar kiradi.

Uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlarga - qasddan sodir etilib, qonunda uch yildan ortiq, lekin besh yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazo nazarda tutilgan jinoyatlar, shuningdek ehtiyotsizlik oqibatida sodir etilib, qonunda besh yildan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazo nazarda tutilgan jinoyatlar kiradi.

Og‘ir jinoyatlarga – faqat qasddan sodir etilib, qonunda besh yildan ortiq, lekin o‘n yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan jinoyatlar kiradi.

O‘ta og‘ir jinoyatlarga – faqat qasddan sodir etilib, qonunda o‘n yildan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum qilish yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan jinoyatlar kiradi.

Moldova Respublikasi Jinoyat kodeksining 16-moddasiga ko‘ra jinoyatlar yetkazilgan zararning xususiyatiga va darajasiga qarab mayda jinoyatlar, o‘rtacha og‘irlikdagi jinoyatlar, og‘ir, o‘ta og‘ir va favqulodda og‘ir jinoyatlarga bo‘lingan.

Mayda jinoyatlar – bu jinoyat qonunida maksimal jazo sifatida 2 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi nazarda tutilgan harakatlar hisoblanadi. O‘rta og‘irlikdagi jinoiy qonunchilik bilan maksimal jazo sifatida 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi nazarda tutilgan harakatlar sanaladi. Jinoyat qonunchiligida 12 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi maksimal jazo nazarda tutilgan harakatlar og‘ir jinoyatlar deb e’tirof etiladi. O‘ta og‘ir jinoyatlar qasddan sodir etilgan jinoyatlar bo‘lib, ular uchun jinoiy qonunchilikda maksimal jazo 12 yildan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum qilish nazarda tutilgan. Favqulodda og‘ir jinoyatlar – bu qasddan sodir etilgan jinoyatlar bo‘lib, ular uchun jinoyat qonunida umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.

Moldova jinoyat qonunchiligiga ko‘ra jinoyatlarni tasniflash shaxsni retsidiv deb topish, jinoiy javobgarlik va jazodan ozod qilish, shartli hukm qilish, amnistiya akti asosida jazodan ozod qilish normalarni qo‘llashda ahamiyatli hisoblanadi.

Turkmaniston Respublikasi Jinoyat kodeksida jinoyatlar og‘irlik darajasi va ayb shakliga qarab ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan, uncha og‘ir bo‘lmagan, og‘ir, o‘ta og‘ir jinoyatlarga bo‘linadi.

Jinoyat kodeksining xususiyati shundaki, jinoyatlar og‘irlik darajasi bilan bir qatorda, ayb shakliga ko‘ra tasniflangan va har ikki ayb shakli uchun jazo muddati bir xil belgilangan: ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyatlarga qasddan va ehtiyotsizlikdan sodir etilib 2 yildan oshmagan muddatga; uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlarga qasddan va ehtiyotsizlik orqasidan sodir etilib 8 yilgacha; og‘ir jinoyatlar qasddan va ehtiyotsizlikdan sodir etilib, jinoyat qonunida maksimal jazo sifatida 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan jinoyatlar kiradi. O‘ta og‘ir jinoyatlarga qasddan sodir etilib qonunda 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish yoki o‘lim jazosi nazarda tutilgan jinoyatlar kiradi. Shunisi, ahamiyatliki, Turkmaniston Jinoyat kodeksida boshqa davlatlardan farqli o‘laroq og‘ir jinoyatlar ham ehtiyotsizlikdan sodir etilishi mumkinligini ko‘rishimiz mumkin.

Jinoyatlarni tasniflash retsidivizm institutida, jinoyat uchun jazo tayinlashda, shaxsni javobgarlik va jazodan ozod qilishda, amnistiya qo‘llashda, shartli hukm qilishda, jazoni yengilrog‘i bilan almashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Qirg‘iz Respublikasi Jinoyat kodeksi moddalarida yoki qismlarida belgilangan ozodlikdan mahrum qilishning eng ko‘p muddatidan kelib chiqib, jinoyatlar uncha og‘ir bo‘lmagan, og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarga bo‘linadi.

Uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlarga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan yoki besh yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish nazrda tutilgan jinoyatlar kiradi.

Og‘ir jinoyatlarni besh yildan ko‘p, lekin o‘ndan ko‘p bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish belgilangan jinoyatlar tashkil etadi.

O‘ta og‘ir jinoyatlarga o‘n yildan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum etish yoki umrbod ozodlikdan mahrum etish jazosi belgilangan jinoyatlar kiradi.

Shuni aytish kerakki, Qirg‘iz Respublikasi Jinoyat kodeksida jinoyatlar jazolar miqdoriga qarab toifalarga bo‘linadi va bu jazo bilan bog‘liq umumiy normalarda aks etadi.

Qozog‘iston Respublikasi Jinoyat kodeksida jinoiy qilmish: jinoyat va mayda jinoyatga bo‘linadi.

Jinoyatlar o‘z o‘rnida ijtimoiy xavflilik xususiyati va darajasiga ko‘ra ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan, uncha og‘ir bo‘lmagan, og‘ir, o‘ta og‘ir jinoyatlarga bo‘linadi.

Ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyatlarga qasddan sodir etilib, ikki yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish, ehtiyotsizlikdan sodir etilib, besh yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan jinoyatlar kiradi.

Uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlar qasddan sodir etilib besh yildan ortiq bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish belgilangan, ehtiyotsizlikdan sodir etilib, besh yildan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum qilish belgilangan jinoyatlar sanaladi.

Og‘ir jinoyatlarga qasddan sodir etilib o‘n ikki yilgacha ozodlikdan mahrum qilish belgilangan jinoyatlar kiradi.

O‘ta og‘ir jinoyatlar qonunda o‘n ikki yildan yuqori muddatga ozodlikdan mahrum qilish, umrbod ozodlikdan mahrum qilish yoki o‘lim jazosi belgilangan jinoyatlar sanaladi.

Qozog‘iston Jinoyat kodeksining 10-moddasiga ko‘ra mayda jinoyat –shaxs, tashkilot, jamiyat, davlat manfaatlariga katta xavf tug‘dirmaydigan, kam zarar yetkazadigan yoki, zarar yetkazish xavfi ostida qoldiradigan, aybli qilmish sanalib, jarima, axloq tuzatish ishlari, majburiy jamoat ishlariga jalb etish, qamoq kabi jazolar bilan jazolanadi. Mayda jinoyatni sodir etganlik uchun belgilangan jazo shaxsni javobgarlikdan va jazodan ozod qilishda ahamiyatga ega.

Jinoyat va mayda jinoyatning o‘rtasidagi farq ijtimoiy xavflilik darajasi sanaladi.

Qozog‘iston Jinoyat kodeksida shaxsni retsidivist yoki xavfli retsidivist deb topish, jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish uchun javobgarlik, shartli hukm qilishda, jazodan yoki javobgarlikdan ozod qilish, sudlanganlik holatini olib tashlash jinoyatlar tasnifidan kelib chiqib belgilanadi.

Xulosa qilib aytganda, yuqorida keltirilgan mamlakatlar jinoyat qonunida jinoyatlar turli mezonlar asosida tasniflangan va bu bevosita normalarning sanksiyasida belgilangan jazoda aks etgan.

Nargizaxon Rahimjonova,
Toshkent davlat yuridik universiteti
Jinoyat huquqi, kriminologiya va korrupsiyaga qarshi kurashish kafedrasi
o‘qituvchisi