Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
MDH Bosh kotibi Sergey Lebedev bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
13:09 / 2023-04-12

Ma’lumki, ayni kunlarda mamlakatimizda muhim siyosiy jarayon — Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining referendumiga qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda. Mazkur jarayonlarni kuzatish maqsadida xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardan qatnashadigan kuzatuvchilar ham yurtimizga tashrif buyurishmoqda.

Xususan, Markaziy saylov komissiyasi taklifiga binoan 30 aprel kuni bo‘lib o‘tadigan referendumga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonlarini kuzatib borish maqsadida Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi Bosh kotibi Sergey Lebedev boshchiligidagi MDH kuzatuvchilari missiyasi mamlakatimizga tashrif buyurdi. Bugun, 12 aprel kuni Markaziy saylov komissiyasi Raisi Zayniddin Nizomxo‘jayevning referendumni kuzatish bo‘yicha MDH kuzatuvchilari missiyasi rahbari Sergey Lebedev bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.  

Uchrashuvda MSK Raisi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi umumxalq muhokamasi asosida takomillashtirilgani, 30 aprel kuni o‘tkaziladigan referendumga tayyorgarlik ko‘rish jarayonlari xususida batafsil ma’lumot berdi. Referendumga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish qonunchilik talablari va demokratik prinsiplarga muvofiq amalga oshirilayotganini qayd etdi.    

[gallery-11404]

O‘z navbatida, MDH kuzatuvchilari missiyasi rahbari Sergey Lebedev Markaziy saylov komissiyasining taklifidan mamnunligini e’tirof etgan holda mamlakatimizdagi siyosiy jarayonlar hamda Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bo‘yicha o‘z munosabatini bildirdi. Shuningdek, referendum jarayonlarini kuzatish bo‘yicha MDH kuzatuvchilari missiyasi a’zolari tarkibi, kuzatuvchilarning mamlakatimizda faoliyat olib borish tartibi bo‘yicha ma’lumotlar berib o‘tdi.  

Ta’kidlanishicha, missiya tarkibi MDHga a’zo davlatlarning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va saylov organlari, shuningdek, MDH hududida faoliyat yurituvchi Hamdo‘stlik organlari va integratsiya birlashmalari vakillaridan iborat. MDH kuzatuvchilari missiyasi tomonidan referendum milliy qonunchiligimiz va davlatimizning xalqaro majburiyatlariga muvofiqligi bo‘yicha bayonot tayyorlanadi.  

MDH kuzatuvchilari missiyasi O‘zbekistonga tashrifi mobaynida respublikamizning bir qator referendum uchastkalarida bo‘lib, referendum yuzasidan o‘zining tegishli xulosalari va tavsiyalarini berishni rejalashtirgan.  

Uchrashuv doirasida martabali mehmon Markaziy saylov komissiyasi huzurida ishga tushirilgan "Call-markaz" faoliyati bilan tanishtirildi.  "Call-markaz" O‘zbekiston Respublikasi referendumini o‘tkazish davrida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini tezkor va samarali ko‘rib chiqish, fuqarolarga real vaqt rejimida huquqiy tushuntirish va maslahatlar berish maqsadida tashkil etilganligi haqida ma’lumotlar berildi. Shuningdek, missiya rahbari Markaziy saylov komissiyasi huzuridagi matbuot markazi faoliyati, bu yerda ommaviy axborot vositalari vakillari uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan ham tanishdi.  

Muhtarama Komilova,  

Nosir Haydarov (surat), O‘zA