Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
MDH, Boltiqbo‘yi davlatlari va Gruziya teatr ijodkorlarining IV “Yoshlar teatr san’ati” forumi
16:07 / 2021-11-30

Poytaxtimiz teatrlarida joriy yilning 30 noyabridan 7 dekabrga qadar Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi, Boltiqbo‘yi va Gruziya davlatlari IV “Yoshlar teatr san’ati” forumi o‘tkaziladi.

Ushbu forum ilk bor 2012 yilda Kishinyov shahrida (Moldova), 2015 yil Minsk (Belarus)da, uchinchi bor 2018 yil Yerevan shahrida (Armaniston) o‘tkazilgan bo‘lsa, bu galgi forumga O‘zbekiston mezbonlik qilmoqda.

Forumning tashkil etilishidan asosiy maqsad xalqaro hamdo‘stlik aloqalarini rivojlantirish, yosh rejissyorlar, aktyorlar, rassomlar ijodini namoyish etish, yosh teatrshunoslar faoliyatini kuzatish va tajribali soha mutaxassislari bilan fikr almashishdan iborat.

Forumda Armaniston, Estoniya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Gruziya, Ukraina, Rossiya, Moldova, Belarus, Tojikiston, Ozarbayjon kabi davlatlardan kelgan ijodkorlar Ekspertlar kengashi tomonidan tanlab olingan spektakli bilan ishtirok etadi.

Xususan, Gabit Musrepov nomidagi Qozog‘iston davlat akademik bolalar va o‘smirlar teatri “Kulager”, Ozarbayjon davlat akademik milliy drama teatri “Manqurt”, Ion Luka Karadjale nomidagi “Satirikus” milliy teatri “Kalamush ovi”, Iliya davlat universiteti teatri “Marat/Bog‘”, Tufa Fozilova nomidagi Tojikiston musiqali drama teatri “Sudxo‘rning o‘limi”, “Oltin darvoza” spektakli,  Kiyev akademik teatri “Dada, siz meni yaxshi ko‘rarmidingiz?” kabi  spektakllar forum dasturidan o‘rin olgan.

Shu bilan birga Baken Kidikeyeva nomidagi Qirg‘iziston davlat yoshlar va yosh tomoshabinlar teatri “Samolyot maktubchalar”, K.S.Stanislavskiy nomidagi Yerevan davlat rus drama teatri “Gardeniya”, Belarus Respublika dramaturgiya teatri “Men uyalmayman!..”, A.S.Pushkin nomidagi Pskov akademik drama teatri “Bolakay Tutanxamon qabri” hamda O‘zbekiston nomidan Sirdaryo viloyati musiqali drama teatrining “Momo yer” spektakli ham namoyish etiladi.

Har bir sahna asarini turli davlatlardan yig‘ilgan Hay’at a’zolari baholab boradi.  

Shuningdek, forum doirasida “Ta’lim dasturi” amalga oshiriladi. Unda yosh teatr ijodkorlariga o‘z kasbiy tajribalari bilan o‘rtoqlashish imkoni beriladi. Shu bilan birga O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti teatr yo‘nalishi talabalariga mahorat saboqlari, trening va seminarlar o‘tkaziladi.

Forum ishtirokchilari “Ta’lim dasturi” laboratoriyasida mahoratli rejissyor, aktyor hamda teatr tanqidchildaridan mahorat darslarini olib, 30 noyabr – 7 dekabr kunlari mobaynida yagona spektakl ustida ijod qiladi va forum yakunida mazkur spektaklning ochiq namoyishi bo‘lib o‘tadi.

 

N.Usmonova, O‘zA