Ayni soatlarda diyorimizda muhim siyosiy jarayon – Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovi bo‘lib o‘tmoqda. Yangilangan saylov qonunchiligi asosida tashkil etilayotgan bu galgi siyosiy tadbirga ham, odatdagidek, xorijiy davlatlar, xalqaro tashkilotlar, shuningdek saylov idoralari tomonilan qiziqish juda yuqori.
Bugun Markaziy saylov komissiyasiga Ozarbayjon MSK raisi Mazohir Panahov boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.

Muloqot avvalida MSK raisi Zayniddin Nizomxo‘jayev O‘zbekiston va Ozarbayjon Markaziy saylov komissiyalari o‘rtasidagi hamkorlik mustahkamlanib borayotgani qayd etib, parlament saylovidagi ishtiroki uchun delegatsiya a’zolariga minnatdorlik bildirdi.

O‘z navbatida, mehmonlar tegishli qonunchilikka oid yangiliklar bilan tanishar ekan, muayyan tartib-qoidani takomillashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarga ijobiy baho berib, mazkur saylov umume’tirof etilgan xalqaro demokratik tamoyillar asosida, yuqori tashkiliy darajada uyushtirilganini ta’kidladi.

– O‘zbekistonda fuqarolar o‘z xohish-irodasini bildirishda juda faol, – dedi Ozarbayjon MSK raisi M.Panahov O‘zA muxbiriga. – Kuzatuvchilar saylov jarayonida mahalliy aholi bilan suhbatlashdi. Ko‘pchilik oila a’zolari bilan birga ovoz berish uchun saylov uchastkalariga kelyapti. To‘g‘risi, aholining yuqori darajadagi faolligiga havas qildim. O‘zbek jamoatchiligi ayni masalaga jiddiy yondashuvi kishini hayratga soladi.
O‘.Alimov, A.Mamadaminov (foto), O‘zA