O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga Saudiya Arabistoni Podshohligi Nazorat va korrupsiyaga qarshi kurashish idorasi (NAZAHA) Prezidenti Mazin Al Kaxmus tashrif buyurdi.
Agentlik direktori Akmal Burxonov bilan uchrashuvda ikki davlat aksilkorrupsiya idoralari o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish, o‘zaro tajriba almashish mexanizm va yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Mazin Al Kaxmus O‘zbekiston rahbarining siyosiy irodasi bilan mazkur sohada amalga oshirilayotgan muhim chora-tadbirlarni yuqori baholadi. O‘zbekistonning mintaqa mamlakatlari orasida sohada sezilarli ijobiy natijalarga erishayotgani, bu esa mamlakatning korrupsiyaga qarshi kurashishga oid xalqaro reyting va indekslardagi o‘rni yildan-yilga ko‘tarilayotganida aks etayotganini ham alohida e’tirof etdi.

A.Burxonov aksilkorrupsiya islohotlari rivojida xalqaro hamkorlikning ahamiyatiga urg‘u berdi. Xususan, Saudiya Arabistonining sohadagi ilg‘or tajriba va amaliyotini yaqindan o‘rganish korrupsiyaga qarshi kurashishda yangi mexanizmlarni joriy etish imkoniyatlarini yanada kengaytirishga xizmat qilishini ta’kidlab o‘tdi.

Uchrashuv doirasida Agentlik va NAZAHA o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlikning huquqiy asosini yaratuvchi o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Unda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash hamda ishtirokchilarning institutsional salohiyatini rivojlantirish va oshirish ko‘zda tutilgan.
Tomonlar samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilishi mamlakatlarimiz uchun birday manfaatli ekanini alohida ta’kidlab, muhokama etilgan har bir yo‘nalish bo‘yicha aniq vazifa va rejalarni belgilab oldi.
N.Abduraimova, O‘zA