Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Maysara obrazidan "Galatepalik avliyo"gacha - tojik teatri tarixidagi birinchi rejissyor ayol Sayram Isayevaning kechinmalari
19:46 / 2021-07-12

O‘zbekistonda Tojikiston kinosi kunlari oldidan

Tojikiston Xalq artisti, iste’dodli san’atkor Sayram Isayeva nomi O‘zbekistonda ham kino va teatr muxlislariga yaxshi tanish. Hozirda Xo‘janddagi Kamol Xo‘jandiy nomli teatrda faoliyat yuritayotgan ushbu san’atkor sahnada va kinoda ikki yuzdan ortiq timsol yaratgan.

O‘zbekistonda Tojikiston kinosi kunlari oldidan Sayram Isayeva bilan suhbatlashdik...

- Sizning teatr sahnasi va kinodagi faoliyatingizga oz emas-ko‘p emas 60 yil bo‘lyapti. O‘zbek kinosida mashhur - Nodirabegim, Maysara, tojik kinosida afsonaviy Gurdofarid rolini ijro etgansiz. Ijodingiz bugun qanday davom etmoqda?

- Avvalo, hamon meni tom ma’noda to‘lqinlantirib kelayotgan bir uchrashuvdan olgan taassurotlarim bilan o‘rtoqlashsam. Iyun oyining o‘n birinchi kuni. Xo‘jand yaqinidagi butun Markaziy Osiyo mintaqasiga dong‘i ketgan hashamatli «Arbob» qasri. Biz Sug‘d viloyati ziyolilari va faollari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashdik. 

Uchrashuvda avvalo so‘zga chiqqan bizning Prezidentimiz, hurmatli Emomali Rahmon ikki qardosh, qondosh xalq – tojiklar va o‘zbeklarning qadimiy do‘stligini tiklashda, yangi izga solishda Shavkat Mirziyoyev qilgan mislsiz, ulkan xizmat haqida so‘zlar ekan, «Arbob»ni to‘ldirib o‘tirgan hamma beixtiyor oyoqqa qalqdik. Shavkat Miromonovich Prezidentimizga minnatdorchilik bildirar ekan, ikki mamlakat orasidagi munosabatlar, yaxshi qo‘shnichilikning tiklanishida Emomali Rahmon janobi oliylarining o‘rnini aytdi.

Shavkat Miromonovich mamlakatlarimiz o‘rtasida barcha sohalarda hamkorliklar rivojlanishi haqida so‘zlar ekan, men u kishining qanchalik samimiy so‘zlayotganiga mahliyo bo‘lib o‘tirardim. Shavkat Miromonovich o‘rtaga tashlagan bir taklif esa hamon quloqlarim ostida jaranglab turibdi. U kishi o‘zbeklar va tojiklarning qadimiy do‘stligi, bu do‘stlikning tamal toshini qo‘ygan ustoz-shogird - mavlono Abdurahmon Jomiy va hazrat Mir Alisher Navoiy to‘g‘risida birgalikda badiiy film olish va uning qanchalik ahamiyatli ekanligini gapirdilar.

Men albatta bu filmning yaratilishiga va u uzoq yillar biz – tojiklar va o‘zbeklar do‘stligini yanada mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonaman va ana shu taklifni eshitganimdan buyon men bu filmda qatnashishni orzu qilyapman.  

Tojikistonimizda Vahdat deb atalgan bir ulug‘ bayram bor. Hammaga ma’lum, arabcha vahdat so‘zi tutashmoq, do‘stlik, birlik, birlashuv, o‘zaro mehribonlik va g‘amxo‘rlik ma’nolarini anglatadi. Inson ma’naviyati, axloqi, eng yaxshi xislatlar mana shu so‘zda jo bo‘lgan. Agar insonning ana shu ezgu xislatlari bo‘lmasa, hech qachon birdamlik bo‘lmaydi. 

O‘zbek kinosida ishtirok etishim ham men uchun vahdatga xizmat etishdir. Ya’ni qo‘shni yurtga borib kelish, hamkorlik, hamsuhbat, hamdard bo‘lish, bir-birimizning tariximizni bilish, mamlakatlarimizdagi yutuqlarni hikoya qilib berish va bir-birimizdan o‘rganish bu esa vahdat bo‘lib, biz busiz yashay olmaymiz.

- Bundan o‘ttiz yillar burun mashhur san’atkor Lutfixonim Sarimsoqova haqida so‘zlab bergan edingiz. O‘shanda siz adib va kinorejissyor Uchqun Nazarovning hikoyasi asosida suratga olgan «Surayyo» filmida Lutfixon ayaning f ilm ssenariysida bo‘lsa-da, betingizga tarsaki tushirishni istamaganligini aytgandingiz…

- 1965 yil men Toshkentdagi teatr va rassomlik oliygohida (hozirgi O‘zbekiston san’at va madaniyat instituti) o‘qirdim. Uchqun Nazarov kinoga tushishga taklif qilib qoldi. Hayotimda kinoga birinchi marta tushishim edi. Traktorchi qizi timsolini yaratishim kerak edi. Xullas, olis bir qishloqda yashayotgan qiz sevib qoladi. Lekin onasi qizining muhabbatiga qarshi chiqadi. Tasavvur qiling, bundan deyarli oltmish yil oldingi davrda oddiy qishloq qizi onasiga ko‘nglidagini tushuntirishga harakat qiladi. Muhabbati uchun kurashgan qiz o‘z uyida uni tushunishmagach, yigit bilan qochib ketadi. Bundan xabar topgan ona qizining ortidan yo‘lga tushadi. 

Ona timsolini Xalq artisti, xalq ham yuksak ehtirom ila «aya» deb ataydigan Lutfixonim Sarimsoqova yaratayotgan edi. Men bu ulug‘ mumtoz san’atkor bilan uchrashishni orzu qilardim. Teatrga borib, u kishi o‘ynagan spektakllarni tomosha qilardim. Kinoga olish jarayonida mening aya bilan uchrashish orzum amalga oshdi. Ssenariy bo‘yicha u kishi ortimdan yetib kelib, mashinadan tushganlarida, sochlari yoziq, ro‘mol boshdan uchgan, butun vujudlari titrayotgan holatda menga, ya’ni qizlariga yaqinlashib «To‘xta, qayerga ketyapsan, to‘xta juvonmarg», deya to‘xtatadi va «Ko‘zimga qara», dedi. 

Men ayaning ko‘zlariga qarayolmasdim. Shunda rejissyor «Sayram, sen jamiyatni larzaga solding. Sen, qishloq qizi yashirincha emas, ochiq, katta ko‘chada sevgan yigiting bilan qo‘l ushlashib boryapsan. Sen borayotgan ko‘cha - baxt ko‘chasi. Baxtli qiz onasining ko‘ziga dadil, tik qaray olishi zarur. Sening muhabbating sof muhabbat, sen pok bir qizbolasan…”, dedi.dedi Bu so‘zlardan so‘ng men ayaning ko‘zlariga tik boqdim. Shunda aya «Menga tik qarama. Men sening onangman…”, derdilar. 

Ana shu lavhada aya betimga qattiq urishlari kerak edi. Aya qo‘llarini ko‘tardilaru, urmadilar. Rejissyor «mayli-mayli, qaytadan olamiz», dedi. Aya bo‘lsalar, «Qizim, seni uraman, lekin meni kechirgin, nima qilayin, rolda shunday ekan, meni kechirgin», dedilar. Qayta suratga ola boshlashdi. Yana o‘sha lahza kelganda, aya ura olmadi.

(Sayram opa boshqa gapira olmay, uzoq yig‘ladi)

Aya yig‘iga tushdi. Keyingi ko‘rinishda ham ura olmadilar. Rejissyorga qarab, «Men bu qizni ura olmayman. Urmayman. Agar men ona bo‘lganimda, hozirning o‘zida unga rozilik berardim, baxt tilardim. Ammo afsus, bu rolda bunday qila olmas ekanman. Bo‘ldi, o‘ynamayman. Bu qizning ko‘zi gapiryapti. Unga ko‘taradigan qo‘llarim sinsin», deya qo‘llarini bir-biriga urdilar. 

Rejissyor «shuning o‘zi yetarli» dedi va ayaning o‘rniga betimga o‘zi urdi. «Sayram, meni kechir, holatni shunday tasvirlamasak, bo‘lmaydi. Aya seni o‘z qizlariday ko‘rdilar. Bunday holatlar kam bo‘lib turadi», dedi. Lutfixon aya meni qattiq quchib, «Sayram, sening ko‘zlaring biram-biram tiniq, ma’noli, senga qarab yoshligimni esladim. Vaqtida men ham baxtim uchun kurashgandim», dedilar.

- Aytishlaricha aynan shu ma’noli ko‘zlaringiz bois O‘zbekiston va Tojikistonda mashhur kinorejissyor Komil Yormatov sizni Nodirabegim timsolini yaratishga taklif etgan ekan.

- Nodirabegim timsolini yaratganimdan boshim osmonga yetadi. O‘sha paytlar yosh edim. Toshkentdan kinorejissyor Yuriy Bzarov Xo‘jandga meni so‘rab keldi. U Nodirabegim haqidagi adabiy ssenariy borligini, agar men buyuk shoira, kuyinchak malika timsolini yaratishga rozi bo‘lsam, Komil Yormatov filmni suratga olishlarini aytdi. 

Men o‘sha kezlar Afg‘oniston safari taraddudida edim. Komil Yormatovning asli tojikistonlik ekanini, kuchli rejissyorligini eshitgandim. O‘ylanib turgandim, turmush o‘rtog‘im Islom Salomov «mayli, rozimiz», deb qoldi. Xullas, Toshkentga bordik. Komil Yormatov – ulug‘ san’atkor, nuroniy qariya mening roziligimni eshitib, Nodirabegim haqidagi kinoni shoira timsolini men yaratishim uchun olayotganligini aytdi.

Kinoda Nodirabegim obrazini yaratish menga nasib bo‘lganidan qanchalar xursandligimizni bilsangiz edi. Nodirabegim hayotga bir kelib-ketdi. Menimcha, uning obrazini yaratish uchun bitta film ozlik qilsa kerak. Sharq ayollari obrazini yaratish bir umrlik ezgu orzuyim edi. Sahnada shoira Robiyai Balxiy obrazi, kinoda esa, Nodirabegim mening huzur-halovatli, muhabbatli mehnatim ortidan topgan cheksiz baxtiyorligimdir, tolemdir.

- Uncha-muncha san’atkorga yetuk rejissyorlar bilan ishlash nasib etmaydi. Siz Komil Yormatovdan tashqari mashhur tojik kinorejissyori Boris Kimyogarov bilan hamkorlik qilgansiz. Xususan, «Rustam va Suhrob» filmidagi Gurdofarid timsoli borasida o‘sha sobiq Sho‘rolar paytida mashhur bo‘lgan rus kinomunaqqidlari ham so‘z yuritib, yuksak baho berishgan edi.

- Komil Yormatov asli men dunyoga kelgan Isfaraga yaqin Tojikistonning Konibodom shahridan bo‘lsa, Boris Kimyogarov O‘zbekistonning Samarqand shahridan edi. Taqdir buyuk shaxslar bilan uchratganidan o‘zimni benihoya baxtiyor inson sanayman. 

Tarixiy filmlarga kelganda, «Tojikfilm» Boris Kimyogarov asarlari bois dunyoga tanildi. Ko‘plab kino yulduzlari bu ajoyib san’atkor filmlarida elga tanildi. Men Boris Kimyogarovning bir necha filmida qatnashganman. Masalan, «Rustam va Suhrob»dagi Gurdofariddan tashqari «Paxta haqidagi doston»da mashhur paxtakor Mamlakat Nahangova prototipini yaratganman. 

Bu filmda ham «Rustam va Suhrob»da suratga tushgan Mahmudjon Vohidov, Hoshim Gadoyev, Bimbulat Vatayevlar o‘ynashgan. Men Boris Kimyogarov filmlarida suratga tushgan yillarimni hayotimning eng sururli davrlaridan deya hisoblayman. Lekin nachora, inson umri qisqa ekan. Komil Yormatov ham, Boris Kimyogarov ham o‘zlari yaratgan filmlar bilan tomoshabinlar, san’atkorlar yuragida qolishdi.

- Yozuvchi Murod Muhammaddo‘st asari asosida suratga olingan «Galatepalik avliyo», «Tojikfilm» va «O‘zbekfilm»da yaratilgan yana bir qator filmlarda siz mashhur san’atkor Hamza Umarov bilan birga o‘ynagansiz.

- Birinchi marta Hamza Umarov bilan Boris Kimyogarovning «Sukunat bo‘lmaydi» filmida birga suratga tushganmiz. Men muallima, u kishi mening turmush o‘rtog‘im timsolini yaratgan. Men timsol ruhiyatiga kira olmayotgan paytda bu iste’dodli san’atkor o‘ta ustalik bilan holatimni o‘zgartirib qo‘ygan. Rejissyor Hamza Umarovning qo‘lini siqib, qarsak chalgan paytda hayron bo‘lganman. Lekin filmda o‘sha lahzani ko‘rib, Hamza akaning sherik bilan ishlash mahoratiga qoyil qolganman.

Men keyinchalik Hamza akaning qanchalik nodir iste’dod egasi ekanligini bilib oldim. U kishi teatr va kino yulduzi, takrorlanmas asil bir inson edi. Ovozlari ham juda yoqimli edi.

Qamara Kamolovaning «O‘zgalar baxti», Temurmalik Yunusovning «Galatepalik avliyo», Elyor Eshmuhamedovning «Vatangadolar» kabi filmlarida Hamza aka bilan birga o‘ynaganmiz. U kishini oddiy insonlar, xalq qanchalik yaxshi ko‘rishini ko‘rib havasim kelgan.

Yillar o‘tib, Melis Abzalov «Maysaraning ishi»ni suratga olayotganda, Qozi timsolini Ato Muhammadjonov ijro etishini aytdi. Men quloqlarimga ishonmadim. Chunki u kishi mudom jiddiy, fojiaviy, dramatik timsollarni ijro etardilar. Hatto Ato akaning lirik rol o‘ynaganliklarini ko‘rmaganman. 

Melis Abzalov Ato Muhammadjonovni ko‘ndirganligini aytdi. Men baribir mashqlar boshlangancha bunga ishonmadim. O‘shanda Ato aka «Sayram, men ham senga o‘xshaganman. Turli xil timsollarni o‘ynashni istayman. Shuning uchun Melis Abzalov bu rolga taklif etganida yo‘q demadim. Ustiga rejissyor Maysarani Sayram o‘ynaydi, deb qoldi. 

Shunda ikki karra xursand bo‘ldim», dedilar. Tojikistonlik ikki san’atkorning «O‘zbekfilm»da ikki asosiy timsolni yaratishlaridan men ham, Ato aka ham xursand bo‘ldik. O‘zbeklar va tojiklar qardosh xalqlarmiz va qardoshligimizcha qolamiz. Bizni o‘zbek kinosiga, o‘zbek san’atkorlarini tojik kinosida o‘ynashga taklif etishlari do‘stlik ko‘prigini mustahkamlashga xizmat qiladi.  

Bilasizmi, tojik teatri tarixida men birinchi ayol rejissyorman. Agar istak bo‘lmasa, mehnat qilib, izlanmasa, san’atkorning iste’dod ko‘zini uyqu bosadi. Aksincha bo‘lganda esa, uyquga ketayotgan iste’dod ko‘zlari qayta ochiladi. Boshqacha aytganda, iste’dod bo‘lsa-yu, istak bo‘lmasa, san’atkor hech narsaga erisha olmaydi.  

- Ko‘pincha rejissyorlik ayollarning kasbi emas, degan aqidadagi odamlarga uchrab turasiz. Lekin, baribir, qanchalik mas’uliyatli va mehnattalab, asabni qaqshatib yuborishini bilgan holda siz rejissuraga ham qo‘l urdingiz.

- Ochig‘ini aytsam, o‘sha kezlarda menda o‘z ishimdan qoniqmaslik hissiyoti paydo bo‘ldi. Teatrda qo‘yilayotgan spektakllarda ko‘nglimga mos rollar yo‘q edi. Deyarli bir yilcha bironta yangi rolda o‘ynamadim. Shunda teatr uchun biron muhim ish qilishim zarurligi haqida o‘yladim. Ustiga-ustak, o‘shanda teatrda faqat bosh rejissyor Islom Salomovning o‘zi qolgan, unga qiyin edi. O‘shanda teatrning sobiq direktori Odiljon Nazarov meni chaqirib: «Turmush o‘rtog‘ingizni qo‘llab yubormasangiz bo‘lmaydi», dedi. Pesalar orasida Said Ahmadning «Kelinlar qo‘zg‘oloni» o‘ta ma’qul tushdi va shu asarni qo‘yganim bo‘lsin, deya yeng shimardim…

- Keyingi paytlarda tojik kinosi haqida gap ketganda, san’atning bu turini oldingi tojik kinosi darajasiga yetkazish uchun unga katta mehnat, g‘amxo‘rlik, mablag‘ zarur degan gaplar yuradi.

- Balki bu gaplarda asosi bordir. Lekin faqat bir narsani aytib o‘tish zarur, tojik kinosini rivojlantirish yo‘lida allaqachon katta harakat bor. Bu harakat hukumat, san’atkorlar, rejissyorlar tomonidan ham bo‘lmoqda. Ya’ni ularning dilida bo‘lgan alanga o‘chmagan, ular zamon, asr, jamiyat, hayotdan uzoq bo‘lmaslikka va zamon bilan birga qadam tashlashga intilishmoqda. Ana shuning uchun ham Saidjon Qodiriy, Jamshid Usmonov, Yusufjon Yusupov, Nosir Saidov, Fayzullo Fayz kabi rejissyorlar tojik kinosini jonlantirishga intilishmoqda.  

- Yaqinda O‘zbekistonda Tojikiston kinosi kunlari o‘tkazilishi kutilmoqda.

O‘sha kunlar albatta Sizning nomingiz eslanishiga ishonaman. Sizning mehnatingiz Tojikistondagi kabi O‘zbekistonda ham qadrlangan. Ikki yil oldin o‘zbek kinosining nufuzli «Oltin Humo» mukofoti bilan taqdirlandingiz. Men boshqa bir chet ellik san’atkorning bu mukofotga munosib topilganini eslayolmayman. 

Ikki davlat rahbarlarining yuksak siyosiy irodalari tufayli ma’lum muddat sovuqlashgan munosabatlar qaytadan iliqlashdi, chegaralar ochildi. Endi o‘zbek kinosi bilan hamkorlikni davom ettirishni rejalashtiryapsizmi?

- Avval bir armonimni aytaymi? Melis Abzalov yangi filmidagi bosh rol uchun taklif qilgan edi. U zamon taqozosi bilan o‘g‘li Rossiyaga ishga ketgan ona timsolidir. O‘g‘il uzoq yillar davomida onasining oldiga qaytib kelmaydi. U Rossiyada uylanadi, farzandli bo‘ladi. Nihoyat, yillar o‘tib onasini eslab qoladi va uning oldiga qaytib keladi. Filmda onaning hayoti, yolg‘izligi, o‘g‘il yo‘liga ko‘z tutishi, g‘am-alami, bemorligi ko‘rsatiladi. Ko‘zi ko‘r bo‘lib qolgan ona bilan birga uning g‘am-kulfatlariga ham, quvonchiga ham sherik itning yaqin kishisiga sadoqati, do‘stligi tasvirlanadi. Afsus, bu kinoda o‘ynash menga nasib etmadi.  

Men buyuk adib Abdulla Qodiriy asari asosida suratga olingan ikki qismli «O‘tkan kunlar» filmida O‘zbekoyim timsolini yaratganimdan so‘ng Toshkentga bora olmagandim. To‘satdan meni talabalik yillarim o‘tgan shaharga taklif etishganda, rosti, esankirab qoldim. 

Kinofestivalga faxriy mehmon sifatida kelasiz, deyishdi. Bordi-keldidan tortib hamma narsani mezbonlarning o‘zlari tashkil etishdi. Kutilmaganda taniqli to‘rt nafar o‘zbek kinoijodkori qatori menga ham «Oltin Humo» mukofoti berilganini e’lon qilishdi. Quvonch aralash hayratda qotib qoldim. Axir men bunchalik qadrlanishni kutmagandim!  

O‘sha kunlari taniqli kinorejissyor Qamara Kamolova bilan uchrashdik. O‘zi aktrisaning hayoti haqida ssenariy yozgan ekan. Mashhur san’atkor Yayra Abdullayevaga bag‘ishlangan. Ssenariyni o‘qir ekanman, voqealar tanishdek tuyulaverdi. Xuddi mening hayotimda kechgan voqealarday. Xullas, Qamara Kamolova bosh rolga meni munosib ko‘rayotgan ekan… Afsuski, butun jahonni tashvishga solgan pandemiya boshlanib qoldi. 

Bu balo tezroq oradan ko‘tarilib, chegaralar qayta ochilsa edi. Balki hali menga o‘zbek kinosida yangi-yangi timsollarni ijro etish nasib etar. Jumladan mavlono Abdurahmon Jomiy va hazrat Mir Alisher Navoiy do‘stligi, tojik va o‘zbek xalqlari to‘g‘risida olinajak filmda ham!

O‘rinboy USMON suhbatlashdi.

Xo‘jand shahri, Tojikiston