French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Maymun chechagini yuqtirgan bemorlar ko‘paymoqda
17:44 / 2022-05-30

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda maymun chechagini yuqtirgan bemorlar soni 260 nafarga yaqinlashdi, yana 120 kishi shubha ostida.

Shu yilning 7 may kuni Buyuk Britaniyada qayd etilgan mazkur infeksiya ko‘p o‘tmay AQSH, Kanada, Ispaniya, Portugaliya, Fransiya, Italiya, Shvetsiya, Belgiya, Niderlandiya, Gretsiya, Avstraliya, Isroil, Shveysariya, Sudan va Argentinada tarqala boshlagani haqida xabar berilgan edi. 
 
JSSTning so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, hozir ana shu infeksiya ro‘yxatga olingan davlatlar soni 23 taga yetgan. 257 nafar bemor xastalikka chalingan bo‘lsa, yana 120 kishi virusni yuqtirganlikda gumonlanyapti. 
 
Biroq JSST maymun chechagi endemik bo‘lmagan bir nechta mamlakatda to‘satdan va bir vaqtning o‘zida paydo bo‘lishi sababini aniq izohlay olgani yo‘q. Faqat taxminiy xulosalar bor. Unga ko‘ra, infeksiya ushbu hududlarga avvalroq kirib borgan, lekin o‘z vaqtida aniqlanmagan bo‘lishi mumkin. 
 
Eslatib o‘tamiz, mutaxassislar Afrikaning qator mamlakatlari infeksiya o‘chog‘i bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirmoqda. Shu bois, mazkur davlatlarga borgan sayyohlar kasallik tashuvchi hayvonlardan uzoq bo‘lishi, shaxsiy gigiyena qoidalariga qat’iy amal qilishi lozimligi uqtirilyapti. 
 
Rasmiylarning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda maymun chechagi qayd etilgani yo‘q. Ammo, mamlakatimizga ham ushbu kasallikning kirib kelish ehtimoli yo‘q emas! 
 
Sababi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Nurmat Otabekov ta’kidlaganidek, Respublikamiz ochiq: dunyoning istalgan burchagidan kimdir kelishi mumkin. Dunyo hamjamiyatidagi aholining harakatlarida chegara yo‘qligi, qolaversa, aholi migratsiyasi bilan bog‘liq holatlar nuqtai nazaridan ham ehtimolni hech qachon inkor qilib bo‘lmaydi. 
 
Ayni paytda JSST tavsiyalaridan kelib chiqib, bu infeksiyaning yurtimizga kirib kelmasligi uchun zarur choralar ko‘rilyapti, kasallikka qarshi ishlatiladigan diagnostikumlarni tayyorlab qo‘yish bo‘yicha ishlar amalga oshirilyapti. Mabodo, epidemik vaziyat murakkablashgudek bo‘lsa, chin chechakka qarshi vaksinani qo‘llash orqali maymun chechagidan himoyalanish mumkin. 
 
Kasallikning tezda namoyon bo‘ladigan klinik belgilari: tana haroratining keskin oshishi, balg‘amsiz yo‘talning paydo bo‘lishi, terida toshma paydo bo‘lishi. Kasallik muloqot va jarohatlangan teri hamda shilliq qavatlar orqali yuqadi. Kasallikni to‘liq davolash mumkin. 


 
Mohigul Qosimova, O‘zA