Inson maymun chechagi bilan qayta kasallanishi mumkin, dedi JSSTning favqulodda holatlar bo‘yicha dasturi chechakka qarshi kurash bo‘yicha kotibiyat rahbari Rozamund Lyuis jurnalistlar uchun uyushtirgan brifingda.
"Biz G‘arbiy Afrikada maymun chechagidan tuzalib chiqqan vrachning qayta xastalanganini ko‘rdik. Immunitet qayta kasallanishdan 100 foiz himoya qila olmaydi", - deydi doktor.
JSST ushbu kasallikka qarshi yoppasiga emlashni tavsiya qilmayapti, chunki mavjud vaksinalar virus tarqalishi yuqori bo‘lgan hududlarda foydalanilmoqda, deydi JSST bosh direktori Tedros Adxanom Gebreyesus.
Maymun chechagi bilan kasallanish holati ilk bor 1970 yilda ma’lum bo‘lgan edi. Shundan keyin ko‘p odamlarga shunday diagnoz qo‘yildi, lekin ularning barchasi Afrika qit’asida kuzatilgan edi. Vrachlarning kuzatishicha, virus odatda hayvondan odamga o‘tgan.
So‘nggi paytlarda vrachlar kasallik Yevropa mamlakatlari, Amerika va Avstraliyada ham uchrayotganini ta’kidlashmoqda. Shu bilan birga, mutaxassislar infeksiyaning tarqalish yo‘lini haligacha izohlab bera olmayapti.