Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Maydoni yo‘q maktab, ta’mirtalab yo‘llar, yonib ketgan simyog‘och, izoh berishni istamagan hokimlik... Loyihalar faqat qog‘ozdami?
05:30 / 2022-03-15

Bir murojaat izidan

O‘zA tahririyatiga Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumani Cho‘michli MFY fuqarolari nomidan shikoyat arizasi kelib tushdi.

Murojaatda ta’kidlanishicha, qishloq yo‘llari juda abgor. Maktabda o‘quvchilar uchun yetarlicha sharoitlar yaratilmagan, ahvol achinarli, sport zali yo‘q. Katta quvvatli elektr liniyalari osilib qolgan va bu odamlarga xavf tug‘dirmoqda. Quvvat yetmasligi bois elektr ta’minotida ko‘plab uzilishlar bo‘ladi...

Ushbu muammolarni joyiga borib o‘rganish maqsadida fotomuxbir bilan birgalikda Cho‘michli MFYga bordik. Dastlab o‘rganishlarni qishloqdagi 26-maktabdan boshladik.

26-maktabda ayni paytda 500 nafarga yaqin o‘quvchi ta’lim olmoqda. Maktabning eski binosi 160 o‘ringa mo‘ljallangan. Maktabdagi asosiy muammolar ikkinchi o‘quv binosi bilan bog‘liq. Boisi o‘quvchi soni oshgach, ancha avval 310 o‘rinli ikki qavatli zamonaviy bino qurilgan, lekin sovxozlar tugatilgach, maktab qurilishi oxiriga yetmay qolgan. Natijada qishloq fuqarolari va homiylar ko‘magi bilan 1996 yilda hashar yo‘li orqali bino baholi qudrat ta’mirlanib, foydalanishga topshirilgan. Sport zal qurilmagan. Hojatxona ham hashar yo‘li bilan barpo etilgan. Pol qilinmagan. Isitish tizimi ishlamasligi bois qo‘lbola pechlardan foydalaniladi. Ammo hamma yog‘i beton bo‘lgan xonalar deyarli isimaydi. Ayniqsa, qish-qirovli kunlarda o‘quvchilar sovuqdan juda qiynaladi.

[gallery-6145]

– Haqiqatdan sport zal qurilmagan, – deydi maktab rahbari Yaldoshbek Eraliyev. – Sport zali qurib berilishi talab qilingan, bu bo‘yicha maktabimiz tumanda birinchi o‘rinda turibdi. Faollar zali ham yo‘q. Ikkinchi o‘quv binomiz xo‘jalik tomonidan qurilgan bo‘lib, uning smetasiga sport zal ham, faollar zali ham kiritilmagan. Buning ustiga qurilishi tugallanmay ham qolgandi. Hashar yo‘li bilan ta’mirlangan. U vaqtlar men rahbar emasdim. Hojatxona haqida ham shu gap. Har yili joriy ta’mirlab qo‘yamiz. Xullas bu binoda 17 ta deraza romi almashishi kerak, pol qilinishi kerak. Isitish tizimini ta’mirlash kerak. Qozonxonalarimiz eskirib qolgan.

Xo‘sh, maktab binosi sovxoz davrida qurilgan bo‘lsa, ustiga-ustak hashar yo‘li bilan ta’mirlangan, xizmatini o‘tab bo‘lgan bo‘lsa, nahotki, shuncha yillar davomida mas’ullar e’tiboridan chetda qolib kelmoqda? G‘uzor tuman xalq ta’limi bo‘limining ma’lum qilishicha, o‘tgan davr mobaynida ta’mirlash ishlariga mablag‘lar ajratilgan. Ushbu mablag‘lar evaziga binoning tom qismi shifer bilan yopib berilgan, faqat oldi qismidagi deraza romlari akfa romlarga almashtirilgan, xolos. Maktabni kapital rekonstruksiya qilish va sport zal qurilishi bo‘yicha viloyat xalq ta’limi boshqarmasiga takliflar berilgan.

O‘rganishlarimiz davomida yana bir qiziq ma’lumot qo‘limizga tushdi. Ushbu maktabda zamonaviy sport zali qurilishi bo‘yicha, 2015 yil 7 oktyabrda G‘uzor tuman hokimi Sh.Donayevning X-896/10-sonli qarori qabul qilingan. Loyiha-smeta hujjatlari, tegishli tashkilotlardan texnik xulosalar umuman, sportzal qurilishi uchun barcha ishlar bajarilgan, ammo negadir qaror ijrosi ta’minlanmay qolgan. Negaligi biz uchun ham mavhum qoldi. G‘uzor tuman hokimligi ushbu masalaga izoh berishni istamadi.

Shu o‘rinda bir mulohaza, bugun rahbarlar tez-tez almashmoqda va sobiq rahbar davridagi rejalashtirilgan ishlar yoki yuzaga kelgan muammolar ham o‘sha rahbar bilan qo‘shilib “borsa kelmasga” ketmoqda. Afsuski bugun qaysi rahbarning eshigini qoqib bormang “men yaqinda tayinlanganman, u ishlardan xabarim yo‘q” yoki “bu ishlar men tayinlanmasdan oldin rejalashtirilgan ekan, bu bo‘yicha hech narsa deya olmayman” qabilidagi  navbatchi javoblarni beradi.

Cho‘michli qishlog‘i bilan yondosh Zangibobo qishlog‘ida 26-maktabning filiali ham bor. 2018 yilda ushbu filial moslashtirilgan bino bo‘lgani bois 180 o‘rinli yangi bino qurib berilgan. Sinfxonalarda yaratilgan sharoitlar yaxshi, ammo bu yerda ham isitish tizimi ishlamaydi. Qozonxonalar talabga javob bermaydi. Eng achinarlisi, bu yerda ta’lim olayotgan o‘quvchilar sport mashg‘ulotlarini olib borishi uchun ushbu filialda na spot maydoni, na sport zali bor. Ular bu imkoniyatdan bebahra. Filial atrofidagi keng maydon yangi bino qurilmasdan burun o‘zboshimchalik bilan, noqonuniy ravishda aholiga uy-joy qurish uchun berib yuborilgan. Balki “sotib” yuborilgandir. Bu yog‘i bizga qorong‘i.

Bundan tashqari qishloqning yo‘llari ham ta’mirtalab ahvolga kelib qolgan. Qishloq chetida sanoat korxonalariga tegishli gaz konlari bor va ulardan tortib olinayotgan mahsulotlar har kuni og‘irligi 30-40 tonnadan kam bo‘lmagan maxsus yuk mashinalarida tashiladi. Bu esa qishloq yo‘llarining buzilib ketishini yanada tezlashtirmoqda. Konlarda atmosferaga yoqib qo‘yilgan yo‘ldosh gazlardan tarqalayotgan hidni aytmasa ham bo‘ladi. Qurigan daraxtni kesgandaham jarimaga tortadigan ekologiya xodimlari havoga tarqalayotgan gaz isini, afsuski sira payqashmayapti.  

Aholini elektr bilan ta’minlovchi yuqori kuchlanishli havo liniyasi osilib qolgan, hatto qisqa tutashuvdan yog‘och ustunlarning ba’zilari yonib ketgan. Ammo elektr ta’minoti korxonalari aholi hayotiga xavf solib turgan ustunlarni ko‘rib ko‘rmasdan kelmoqda.

Yuqoridagi masalalar bo‘yicha qishloqda yaqindagina faoliyat boshlagan hokim yordamchisi Bobur Nurillayevga yuzlandik.

– Kelganimning ilk kunlaridan boshlab, qishloqdagi muammolarni o‘rganib chiqqanman, – deydi B.Nurillayev. – Yo‘llar haqiqatdan ta’mirtalab. Bu bo‘yicha tuman hokimi bilan bog‘landik va joriy yilda qishloqdagi yo‘llarning 9 kilometrini to‘liq asfalt qilib berishga va’da berishgan. Elektr masalasi ham e’tiborimizdan chetda qolgani yo‘q. Joriy yilgi smetaga kiritilgan. Buning natijasi o‘laroq yaroqsiz holga kelib qolgan 2 kilometr 300 metr havo liniyasi yangisiga almashtiriladi. Zangibobo qishlog‘iga yangi transformator ham o‘rnatiladi. 26-maktab filialining sport maydonchasi masalasini ham hal qildik. Maktabga yondosh yer-uchastkasi egasi mini stadion uchun yer ajratishga rozi bo‘ldi. Hozirda hujjatlashtirish ishlarini olib boryapmiz. 26-maktabga sport zal qurilishi bo‘yicha ham yaqinda tuman hokimligiga xat bilan chiqqanmiz. Hozircha javobi kelgani yo‘q. Ushbu muammoga ham ijobiy yechim topishga harakat qilamiz.

Demak, Cho‘michli qishlog‘ida joriy yilda yaxshi o‘zgarishlar bo‘ladi, agarda ushbu loyihalar ham avvalgilari kabi qog‘ozda, rejaligicha qolib ketmasa.


 

O‘lmas Barotov, Jamishid Norqobilov (surat), O‘zA