Namangan viloyati sudi tomonidan sudya va tizim xodimlari o‘rtasida sog‘lom turmush-tarzini targ‘ib qilish maqsadida sport musobaqalari o‘tkazildi. Namangan shahridagi “Barkamol avlod” sport majmuasida bo‘lib o‘tgan shaxmat va mini-futbol bo‘yicha turnirda viloyat sudlari hamda ma’muriy sudning sudya va xodimlari ishtirok etdilar.
Oliy sud raisi tomonidan tasdiqlangan maxsus chora-tadbirlar rejasi ijrosi doirasida tashkillangan mazkur musobaqaning ochilish marosimida sud raislari barcha jamoa a’zolariga omad tiladi. Musobaqaning shaxmat o‘yinlarida qatnashchilar aqliy salohiyatini namoyon qilgan bo‘lsa, mini-futbol bahslari ham qizg‘in va murosasiz ruhda kechdi. Turnir nizomiga ko‘ra, mini-futbol bellashuvlarida ilk bosqichda to‘p surgan jamoalar orasidan keyingi bosqichga kuchli jamoalar saralab olindi. Yarim finaldan so‘ng hal qiluvchi bahsda Namangan viloyati sudining fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati jamoasi iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati hamda sud departamenti birlashgan jamoasiga qarshi to‘p surdi.


Mazkur o‘yinning asosiy daqiqasida hisob ochilmagach, g‘olib penaltilar seriyasida aniqlandi. “Futbol lotereyasi”da omad fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati jamoasiga kulib boqdi. Iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati hamda Sud departamenti xodimlaridan iborat jamoa ikkinchi o‘rin bilan kifoyalandi. Qolaversa, mini futbol bahslarida jinoyat ishlari bo‘yicha Norin tumani sudining devonxona mudiri Elyor Nurmatov – “Eng yaxshi o‘yinchi”, Yangiqo‘rg‘on tumanlararo iqtisodiy sudining sudya yordamchisi Shohruh Xalilov – “Eng yaxshi hujumchi”, viloyat ma’muriy sudining sudya katta yordamchisi Bekzod Abdurahmonov – “Eng yaxshi darvozobon” nominatsiyalari bo‘yicha g‘olib, deb topildi.


Shaxmat bellashuvlarida Namangan viloyati sudining sudyasi Avazbek Inomov barcha raqiblaridan kuchli ekanligini ko‘rsatib, g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Sudlar faoliyatini ta’minlash departamenti Namangan viloyat hududiy bo‘limi xodimi Muhammadyusuf Hakimov faxrli ikkinchi o‘rinni egalladi. Kuchli uchlikni esa, fuqarolik ishlari bo‘yicha Namangan tumanlararo sudining sudya yordamchisi Dilnoza Vohidova yakunlab berdi. Musobaqaning barcha g‘olib-sovrindor jamoalariga diplom, medallar va esdalik sovg‘alari topshirildi. Birinchi o‘ringa sazovor bo‘lgan jamoa vakillari bosh sovrin – “Namangan viloyati sudi raisi kubogi”ni boshlari uzra baland ko‘tardilar.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.