Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Maydanakdagi yuqori tog‘ kurortida qurilish ishlari davom etmoqda
16:45 / 2025-07-31

Avvalroq, davlat rahbarining 2023 yil 28 noyabrdagi qaroriga asosan Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanidagi “Maydanak” observatoriyasi negizida turistik-rekreatsion zona va xalqaro umummavsumiy kurort barpo etilayotgani haqida ma’lumot bergan edik.

Navbatdagi xizmat safari chog‘ida ham mazkur hududda amalga oshirilayotgan qurilish va obodonlashtirish ishlari bilan tanishish maqsadida yana Maydanak tog‘ massiviga yo‘l oldik.

Hozirda bu yerda qurilish ishlari jadal sur’atlarda olib borilmoqda.

Teleskop orqali koinot sirlarini tomosha qilish ko‘pchilikning orzusidir. Ilm-fan sohasida katta ahamiyatga ega bo‘lgan bu observatoriya uzoq yillar davomida keng jamoatchilikdan yiroq, maxfiy holda faoliyat yuritgan. Endi esa uning eshiklari barcha xohlovchilar uchun ochiladi.

– Bu yerdagi inshootlar ilgari maxsus maqsadlarda foydalanilgan va keng ommaga yopiq bo‘lgan, – deydi “Maydanak” yuqori tog‘ turistik markazi bosh mutaxassisi Alisher Ro‘ziqulov. – Endi esa sayyohlar teleskop orqali lazer texnologiyalari bilan tanishish, yaqin yulduzlar o‘lchamlarini aniqlash jarayonlarini o‘z ko‘zlari bilan kuzatish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Hozirda ikki yirik teleskop to‘liq qayta ta’mirlanmoqda – biri ilmiy tadqiqotlar uchun, ikkinchisi esa muzey sifatida foydalaniladi. Sayyohlarni qabul qilish 2026 yildan boshlanishi rejalashtirilgan.

[gallery-24557]

Dunyoda astroklimat jihatidan 3-o‘rinda turadigan ushbu observatoriya nafaqat sayyohlik, balki ilm-fan salohiyatini yuksaltirishda ham muhim ahamiyat kasb etadi. Ayni paytda ob’ektda keng ko‘lamli rekonstruksiya ishlari olib borilmoqda.

Qashqadaryo viloyatida turizm salohiyatini yanada oshirish borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Miraki turizm markazi, Kitob tumanidagi Qaynar va Bashir qishloqlaridagi turizm loyihalari shular jumlasidandir. Maydanakdagi ushbu yangi turistik-rekreatsion zona esa mazkur harakatlarning mantiqiy davomidir.

– Qurilish ishlari bosqichma-bosqich, uch yil mobaynida amalga oshiriladi, – deydi loyiha menejeri Sevdor Nabijonov. – Joriy yil oxiriga qadar 20 ta shale tipidagi yog‘och uy va bir restoran qurib bitkaziladi. Shuningdek, ikki teleskopda ta’mirlash ishlari yakunlanadi. Sayyohlar uchun vertolyot sayohatlarini yo‘lga qo‘yish maqsadida maxsus vertolyot qo‘nish maydonchasi ham barpo etilmoqda.

Dengiz sathidan 2 ming 700 metr balandlikda joylashgan bu hududda qurilish ishlari qizg‘in pallaga kirgan. Ayrim ob’ektlarda dastlabki natijalar allaqachon ko‘zga tashlana boshlagan.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, Qamashi tumanida ekoturizm, ziyorat turizmi va gastroturizm yo‘nalishlarida ham ulkan imkoniyatlar mavjud. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yilning o‘zida hududga 1,5 ming nafar xorijiy va 24 ming nafar mahalliy sayyoh tashrif buyurgan. Maydanakdagi mazkur loyiha tufayli kelgusida xorijlik turistlar soni 10 mingga, mahalliylar soni esa 54 mingga yetkazilishi kutilmoqda.

O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari