Qarshi shahridagi Jurnalistlar uyida Qashqadaryo viloyati hokimining turizm, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari A.Zakirov ishtirokida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Qamashi tumanidagi Maydanak hamda Shahrisabz tumanidagi Miraki hududlarida turistik markazlarni barpo etish bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Xususan, kelgusida Shahrisabz tumanidagi Miraki hududida jami 350 o‘rinli mehmonxona ishga tushadi va buning natijasida 220 ta ish o‘rni yaratiladi. Bir vaqtning o‘zida 1 ming 200 dan ortiq sayyohga xizmat ko‘rsatish imkoniyati yuzaga keladi. Shuningdek, tadbirkorlar bugungi kunda savdoga chiqarilgan yer maydonlarini E-Auksion savdo platformalari orqali sotib olishi mumkin. Yerlar 10-yil muddatda bo‘lib to‘lash imkoniyati bilan tadbirkorlarga taqdim etilmoqda. Markazda yozgi tunab qolish uchun dam olish maskani, turistik majmua, akva park, dor yo‘li, vino degustatsiyasi, uy mehmonxona, konsert zali, hunarmandlar markazi, istirohat bog‘i, eko-qishloq, sport maydonchalari, ekstremal sport maktabi, mehmondo‘stlik kolleji, agro va qishloq xo‘jaligi, turizm maydonlari, shuningdek, mehmonxona, sanatoriyalar hamda axborot markazi tashkil etiladi.
Ayni paytda Miraki mahallasida qariyb 11 gektarli bo‘sh turgan yer maydonlarida aholi va sayyohlar sayr qilishi uchun “Oqdaryo” o‘zani bo‘ylab 10 kilometr uzunlikda piyoda va veloyo‘laklar qurilmoqda. Tadbirkorlar tomonidan dengiz sathidan 1 ming 200 metr balandlikda dam olish majmuasi, osma ko‘prik va ziplaynlar qad rostlamoqda.
[gallery-16919]
Tadbir davomida OAV vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat),
O‘zA muxbirlari