Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Maydanak qishining musavvirona manzaralari
18:46 / 2026-01-05

Qalblarga ezgulik va ertaknamo hislarni ulashuvchi Yangi yilda, tabiat ham o‘zining eng nafis tuhfalarini ayamay tarqatmoqda. Yaqindagina butun mamlakatni oq libosga burkagan qor barchamizga zavq va shodlik ulashgan bo‘lsa, qishning asl qiyofasi olis tog‘larda yanada jozibali, yanada sirli tus oldi.

So‘nggi kunlarda Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanining Maydanak tog‘larida yog‘ib o‘tgan qor haqidagi xabarlar jamoatchilik e’tiborini o‘ziga tortayotgani bejiz emas. Ayrim hududlarda qor qalinligining 2-3 metrga yetgani aks etgan tasvirlar har qanday insonni hech bo‘lmasa bir marta tog‘ sari yo‘l olishga undaydi. Bu manzaralar bizni ham befarq qoldirmadi.

Sayohat oson bo‘lmasligini oldindan sezgan holda yo‘lga otlandik. Yengil transport vositasida tog‘ tomon yo‘l olar ekanmiz, Chit qishlog‘idan so‘ng yo‘ldagi qor qalinlashib, safarimizni davom ettirish uchun piyoda yurishga to‘g‘ri keldi. Atrofni chulg‘agan beqiyos oqlik ko‘zni qamashtirar, yuqorilagan sari tanamizda alohida tetiklik va ruhiy yengillikni his qilib borardik. Salkam bir soatlik mashaqqatli yo‘ldan so‘ng, tog‘ tepasidan tushgan maxsus texnika yordamida aynan shov-shuvlarga sabab bo‘layotgan qalin qorli hududlar sari yo‘l oldik.

[gallery-27002]

– Maydanak observatoriyasida qariyb 30 yildan buyon mehnat qilib kelyapman, – deydi Maydanak turistik markazining bosh mutaxassisi Alisher Ro‘ziqulov. – Bu yil qor har yilgidan ancha erta yog‘di va barakali bo‘ldi. Ayrim joylarda qalinlik 1,5 metrga yetsa, ba’zi chuqur hududlarda 3 metrgacha chiqdi. Yog‘ingarchilik hali davom etadi. Bu xalqimiz uchun baraka. Qor miqdori ortishi kelgusida sayyohlar oqimini yanada ko‘paytirishga xizmat qiladi. Asosan qish faslida bu yerga tashrif buyuruvchilar soni oshib bormoqda. 16 dekabrdan 22 dekabrgacha uzluksiz qor yog‘di, shamol tezligi soniyasiga 32 metrgacha yetdi. Havo harorati kunduzi − 6, kechasi esa −14 darajagacha pasaydi.

Dengiz sathidan 2650 metr balandlikda joylashgan hududda transport harakati uchun ochilgan yo‘lning ikki chetidagi qor qalinligini ko‘zdan kechirish maqsadida yana bir muddat piyoda harakatlandik. Ikki kunlik quyoshli ob-havo ta’sirida qor biroz eriganiga qaramay, atrof manzarasi hamon lol qoldiruvchi go‘zalligini saqlab qolgan edi. Bu beqiyos manzaraga maftun bo‘lib turganimizda, hamrohlarimiz Maydanak tog‘lari yil davomida deyarli shunday oq libosda bo‘lishini bamaylixotir ta’kidlashdi.

– Maydanak kengliklarining iqlimi o‘ziga xos va bebaho, – deydi “Katta O‘ra” mahalla fuqarolar yig‘ini hokim yordamchisi Zokir Ro‘ziboyev. – Qish faslida bu yerda doimiy ravishda qor yog‘adi, ba’zan uning qalinligi 3-4 metrgacha yetadi. Ana shuning o‘ziyoq ko‘plab mahalliy sayyohlarni jalb qilmoqda. Kelajakda bu hududda tashkil etilayotgan turistik markaz esa sayyohlar sonini ikki-uch baravar oshirishi kutilmoqda.

Bu yerda asosiy mehmon ham, musavvir ham – tabiatning o‘zi edi. Qor uchqunlaridan hosil bo‘lgan shakllar go‘yo shamolga qo‘l uzatayotgandek tasavvur uyg‘otar, sukunatni esa faqat qor tozalayotgan texnikalarning ovozi buzib turardi. Ammo shu ovoz ham manzaraga moslashib, unga o‘zgacha zavq bag‘ishlaydi. Cheksizlikka cho‘zilgan azim tog‘lar esa qorli ko‘rpa bilan o‘ralgan nuroniy qiyofani eslatardi.

Bo‘yimiz barobar qorli yo‘llar, uzoq va mashaqqatli safar yakunida tanamizda ozgina horg‘inlik sezilsa-da, ruhan tetik edik. Jannatmonand yurtimizning qishki ziynatini yaqindan ko‘rish va his etishning o‘zi ham insonga beqiyos halovat bag‘ishlar ekan.

O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari