“Maydanak” baland tog‘ turistik-rekreatsion zonasida ishlar qizg‘in pallada
Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanining tog‘li hududida joylashgan “Maydanak” observatoriyasi negizida davlat rahbarining 2023 yil 28 noyabrdagi tegishli qaroriga asosan barpo etilayotgan turistik-rekreatsion zona va xalqaro umummavsumiy kurortida ayni damda ishlar qizg‘in pallaga kirgan.
Aytish joizki, Maydanak hududiga tez orada tashrif buyuruvchilar tunda yulduzlar va osmon jismlarini kuzatish, madaniy hordiq chiqarish, shuningdek, eko turizm yo‘nalishida dam olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.


Maydanak tabiati, musaffo havosi va osmon ravshanligi bilan sayyohlar uchun betakror maskan hisoblanadi.


Yangi loyiha doirasida bu hudud astronomik kuzatuvlar, oilaviy sayohatlar va ma’naviy hordiq uchun zamonaviy hamda qulay maskanga aylanmoqda.


Hozirda ob’ektda yengil konstruksiyali uylar qurilishini yakunlash, kapsulali uylarni joylashtirish, teleskopni ta’mirlash, suv olib chiqish, yo‘laklarni davom ettirish, elektr ta’minoti bilan bog‘liq ishlar amalga oshirilmoqda.
O‘lmas Barotov, O‘zA