Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mayda shoxli hayvonlar oʻlatiga qarshi kurashda xalqaro hamkorlik
18:22 / 2019-08-26

Poytaxtimizda Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotiga aʼzo davlatlar uchun mayda shoxli hayvonlarning oʻlat kasalligiga qarshi kurashish boʻyicha hududiy yoʻl xaritasi doirasidagi uchinchi yigʻilish ish boshladi.


Poytaxtimizda Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotiga aʼzo davlatlar uchun mayda shoxli hayvonlarning oʻlat kasalligiga qarshi kurashish boʻyicha hududiy yoʻl xaritasi doirasidagi uchinchi yigʻilish ish boshladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi va Butunjahon hayvonlar sogʻligʻini himoya qilish tashkiloti (Xalqaro epizootik byuro) hamkorligida tashkil etilgan tadbirda mamlakatimizdagi hamkor tashkilotlar vakillari, olimlar, chorvadorlar, shuningdek, Qozogʻiston, Ozarbayjon, Qirgʻiziston, Turkiya kabi davlatlardan ekspertlar ishtirok etmoqda.

Yigʻilishda asosiy eʼtibor mayda shoxli hayvonlar oʻlatiga qarshi kurashishda mintaqalardagi vaziyatni baholash, kasallikning oldini olish boʻyicha belgilangan chora-tadbirlar ijrosiga qaratildi.

Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi B.Norqobilov hayvonlarda uchraydigan yuqumli kasalliklar inson salomatligi uchun ham xavfli ekanini, ular jamiyat va iqtisodiyot rivojiga salbiy taʼsir etishini alohida taʼkidladi.

photo5413601046346967968.jpg

Dunyo miqyosida mayda shoxli hayvonlar oʻlatidan yiliga 2,1 milliard AQSH dollari miqdorida zarar yetadi. Asosan qoʻy-echkilarda uchraydigan yuqumli kasallik baʼzi hollarda yovvoyi hayvonlarga ham katta ziyon keltiradi. Soʻnggi 15 yil ichida ushbu kasallik dunyoda xavotirli surʼatda tarqalib bormoqda. Dastlab 2016-yilda Gruziya va Moʻgʻulistonda qayd etilgan, 2018-yilda uning alomatlari Burundi va Bolgariyada kuzatilgan. Bu esa kasallik tobora keng tarqalib, global muammolardan biriga aylanib borayotganini koʻrsatadi.

Mazkur kasallik mamlakatimizda umuman qayd etilmagan. Hududlardagi kushxona va qoʻtonlarda muntazam laboratoriya tekshiruvlari oʻtkazilib, qon namunalari olinadi. Ushbu tadbirlarga malakali mutaxassislar jalb etilgan.

2016-yil mart oyida BMTning qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat masalalari boʻyicha tashkiloti va Xalqaro epizootik byuro tomonidan kasallikni yoʻq qilishni muvofiqlashtirish boʻyicha qoʻshma kotibiyat tashkil etildi. 2018-yil sentyabr oyida “Mayda shoxli hayvonlar oʻlati kasalligidan dunyoni qutqarish uchun sheriklik va investitsiyalar” mavzuida konferensiya oʻtkazilib, unda xalqaro deklaratsiya qabul qilindi. Shu asosda 2030-yilga kelib ushbu kasallik butkul yoʻq qilinishiga erishish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” qabul qilindi.

photo5413601046346967967.jpg– Soʻnggi yillarda Qirgʻizistonda chorvachilikdan olinayotgan daromad ortib borayotgani tufayli ushbu soha ancha rivojlandi, – deydi Qirgʻiziston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi maslahatchisi Ashirboy Yusupov. – Aholi qaramogʻidagi qoʻy-echkilarga oʻz vaqtida veterinariya xizmati koʻrsatilmoqda. Ushbu yigʻilishda oʻlatga qarshi kurashish boʻyicha koʻplab muhokamalar oʻtkazildi. Kasallikka qarshi olib borilayotgan chora-tadbirlar, ishlab chiqarilayotgan vaksinalar va bugungi kunda dunyodagi epizootik vaziyat yuzasidan fikr almashdik.

Tadbirda veterinariya xizmatini takomillashtirish, mayda shoxli mollar migratsiyasi va populyatsiyasini doimiy oʻrganib, oʻlat kasalligi tarqalishining oldini olish kabi mavzularda taqdimotlar oʻtkazildi.

photo5413750073122204228.jpg