Bugun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi bo‘lib o‘tdi.
Uni Senat Raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.
Kengash yig‘ilishida fuqarolar yig‘inlari raislarining vakolat muddati tugashi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 105-moddasi hamda “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi va “Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi to‘g‘risida”gi qonunlarning tegishli moddalariga muvofiq fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari)ning navbatdagi saylovini shu yilning may oyida o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Mazkur qaror asosida Senat Raisi boshchiligida Fuqarolar yig‘inlari raislari saylovini tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi respublika komissiyasi tuzildi. Fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari)ning saylovini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha tadbirlar rejasi hamda saylov byulleteni namunasi tasdiqlandi.
Bundan tashqari, hududlarda saylovni tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi komissiyalar tuzish, saylovni tashkil etish hamda o‘tkazishda fuqarolar yig‘inlariga har tomonlama ko‘maklashish, saylovni o‘tkazishda jamoat tartibi va xavfsizligini ta’minlash, saylov o‘tkaziladigan joylarda tibbiy xizmat ko‘rsatilishini samarali tashkil etish, sanitariya-gigiyena talablari va karantin qoidalariga rioya qilinishini nazorat qilish, shuningdek, saylov jarayonini keng yoritish bo‘yicha alohida vazifalar belgilab olindi.
Shuningdek, Fuqarolar yig‘inlari raislari saylovini tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi respublika komissiyasining birinchi yig‘ilishi ham o‘tkazildi. Unda bo‘lajak saylovga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazish bilan bog‘liq qator masalalar muhokama qilindi.
Ta’kidlandiki, ushbu saylovda 9 ming 300dan ziyod fuqarolar yig‘inlari raislari saylanishi kutilmoqda. Fuqarolarning saylovda ishtirok etishga oid konstitutsiyaviy huquqlarini to‘liq ro‘yobga chiqarish uchun zarur bo‘lgan barcha tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlarni yaratish, saylov jarayoniga yoshlar va xotin-qizlarni keng jalb etish, saylov ishtirokchilari qonun talablariga, shu jumladan, oshkoralik, muqobillik hamda teng saylov huquqi tamoyillariga so‘zsiz rioya etishlarini ta’minlash bo‘lajak saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishdagi eng muhim vazifalar hisoblanadi.
Saylovni tashkil qilish va o‘tkazishda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash ustuvor vazifa sifatida belgilandi.
Muhtarama Komilova, O‘zA