Energetika vazirligi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, joriy yil may oyida ishlab chiqarilgan elektr energiyasi o‘tgan yilning mos davridagiga nisbatan 5,8 foiz ko‘p bo‘lgan.
Biroq ijtimoiy tarmoqlarda “may oyida elektr energiyasi ishlab chiqarish va tabiiy gaz qazib chiqarish kamaydi” degan mazmunda xabarlar e’lon qilindi.
Mazkur xabarlar yuzasidan vazirlik quyidagilarni ma’lum qildi:
“2024 yil may oyida respublikamizda 6,1 milliard kVt•soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Bu o‘tgan yilning mos davridagiga nisbatan 337,9 million kVt•soat yoki 5,8 foiz ko‘p. Shuningdek, respublika iste’molchilariga 5 milliard kVt•soat elektr energiyasi yetkazib berildi.
Mazkur ko‘rsatkich 2023 yilning shu davridagiga nisbatan 297,1 million kVt•soat yoki 5,7 foiz kam. Shu jumladan, iqtisodiyot tarmoqlariga 3,7 milliard kVt•soat (92,2 mln kVt•soat ko‘p), aholi iste’molchilariga 1,2 milliard kVt•soat (393,7 mln kVt•soat kam) elektr energiyasi yetkazib berilgan. Ya’ni, aholi iste’molchilari tomonidan shuncha hajmdagi elektr energiyasi tejalgan. Qolgan elektr energiyasi stansiyalarning o‘z ehtiyojlari va ishlab chiqarishdagi ehtiyoj hamda elektr energiyasini uzatishdagi sarf uchun ishlatilgan.
Kam yetkazib berilganining asosiy sababi shundaki, may oyida tariflar o‘zgarishi fonida aholi iste’molchilari elektr energiyasidan tejamkorlik bilan foydalangan. Sanoat korxonalari esa prognozga nisbatan belgilangan hajmlarda elektr energiyasi iste’mol qilgan. Ortiqcha ishlab chiqarilgan mazkur elektr energiyasi qo‘shni davlatlarga eksport qilindi.
Shuni ham alohida ta’kidlash kerakki, hozirgi kunda yurtimizda 8 ta quyosh fotoelektr va bitta shamol elektr stansiyasi ishga tushirilgan bo‘lib, ular kunduz kuni 2000 MVt (umumiy ishlab chiqarishning 20 foizi)gacha “yashil” energiya ishlab chiqarmoqda. Buning yordamida import hajmi keskin kamaydi.
Aytish mumkinki, bugungi kunda yurtimizda elektr energiya ishlab chiqarish bilan bog‘liq hech qanday muammo yo‘q. Aksincha, bundan buyon mamlakatimizda “yashil” elektr stansiyalar quvvati oshirib borilaveradi va elektr energiyasi iste’molga (talabga) nisbatan ko‘proq ishlab chiqarilishiga erishiladi. Shuningdek, may oyida 3 554,8 million metr kub tabiiy gaz qazib olingan. Bu o‘tgan yilning mos davridagiga nisbatan 41 million kub metr kamni tashkil etgan.
Bunda tabiiy gaz qazib chiqarish hajmlari kamayishi Qandim gazni qayta ishlash zavodi va “Jarquduq” gazni kompleks tayyorlash qurilmasida rejaviy ta’mirlash ishlari va boshqa texnologik sabablarga asosan yuzaga kelgan.
O‘zA