French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Maxtumquli – turkiy xalqlarning ulug‘ shoiri
14:28 / 2023-10-29

Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 24 oktyabrdagi tegishli farmoyishiga asosan mamlakatimizda 28 oktyabr – 30 noyabr kunlari O‘zbekiston Respublikasida Turkmaniston madaniyati kunlarini o‘tkazish ko‘zda tutilgan.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida Turkmaniston delegatsiyasining tashrifi va buyuk turkman shoiri Maxtumquli tavalludining 300 yilligiga bag‘ishlangan adabiy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari Botir Ergashev, Turkmanistonning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Shodurdi Meredov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi Mirzo Kenjabek, Turkmaniston Madaniyat vazirligining ijodkorlar bilan ishlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, shoir Oqmurod Rejepov va boshqalar ikki qardosh xalqning tarixi, madaniyati, dini, tili o‘zaro uyg‘un, vobasta ekanini ta’kidladi.

– Maxtumqulining she’rlariga bolalikdan oshnomiz, – dedi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari Botir Ergashev. – Rosti u zotni o‘zbek shoiri deb o‘ylar ekanman. Maxtumquli – turkiy xalqlarning ulug‘ shoiri. Uning ijodiga san’atkorlarimiz doim murojaat etganlar.

– Bunday adabiy-madaniy tadbirlarni yuksak saviyada tashkil etgani uchun O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga, Madaniyat vazirligiga minnatdorlik bildiraman, – dedi Turkmaniston Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Shodurdi Meredov. – 2024 yilda Turkmanistonda Maxtumquli tavalludining 300 yilligi keng nishonlanadi. Maxtumquli yuksak she’riyat vakilidir. Uning satrlari teran falsafiy g‘oyalarga yo‘g‘rilgani bilan ahamiyatlidir. Endilikda Maxtumqulining orzulari ro‘yobga chiqib, jahon xaritasida birdam, hamjihat, taraqqiy etgan Turkmaniston davlati mavjud. E’tiborli tomoni, keyingi yillarda mamlakatimiz o‘rtasidagi munosabatlar yangicha rivojlanish bosqichiga chiqdi. Bu kabi adabiy anjumanlar do‘stligimizni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

– Maxtumqulining ijodi cheksiz ummonga o‘xshaydi, – dedi atoqli adabiyotshunos olim Bahodir Karimov. – Bu ummonga sho‘ng‘igan inson, albatta, dur-javohirlardan bahramand bo‘ladi.

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi Mirzo Kenjabekning ta’kidlashicha, o‘zbek va turkman xalqlari bir daryodan suv ichgan, bir-birining ma’naviyati, madaniyatini boyitgan xalqlardir. Maxtumquli – turkiy xalqlarning sayroqi tili. Uning asarlari muntazam tarzda yurtimizda chop etilmoqda. Ijodi o‘rganilmoqda.

Darhaqiqat, mamlakatimizda turli millat vakillari kabi turkman diasporasi ham yashab, yurt taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shmoqda. Yurtimiz maktablarida turkman tilida ham bilim beriladi. Maxtumqulidek mutafakkir shoirlarning ijodini o‘rganish, asarlarini chop etish doimiy e’tiborda. To‘y-tadbirlarimizda Maxtumquli so‘zlari bilan kuylanuvchi qo‘shiqlar doim baralla yangraydi. Poytaxtning markaziy ko‘chalarida shoirga ko‘rkam me'moriy yodgorligi o‘rnatilgani, uning nomi bilan fayzli ko‘chalarimizdan biri nomlangani hamjihatligimizning yorqin dalilidir. Do‘stlik rishtalarimizning tobora mustahkamlanishida bu kabi ijodiy aloqalar, betakror ma’rifiy loyihalarning o‘rni katta.

Tadbirda Maxtumqulining go‘zal ijodidan namunalar, kuy -qo‘shiqlar ijro etildi.

Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri