"Maxtumquli Firog‘iy" filmi xalqaro kinofestival g‘olibi
5-9 sentyabr kunlari “Oltin minbar” 21-Qozon xalqaro kinofestivalida “Maxtumquli Firog‘iy” filmi “Rossiya -- Islom olami” yo‘nalishining asosiy mukofotini qo‘lga kiritdi.
Ushbu kinofestivalga 60 dan ortiq davlatdan 750 dan ziyod film jo‘natilgan. Kinofestival dunyo kino olamida juda nufuzli hisoblanadi.

O‘zbekiston Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan rejissyor Muzaffarxon Erkinov tomonidan suratga olingan “Maxtumquli Firog‘iy” badiiy filmi o‘zbek va turkman xalqlarining o‘ziga xos do‘stligi ramzi sanaladi.

Mazkur film Maxtumquli Firog‘iy hayoti va ijodi, faoliyatini ochib bergani bilan diqqatga sazovor. Kartina betakror milliy ruhi, o‘ziga xosligi bilan e’tiborli.
Ikki xalq do‘stligining ramzi sanalgan ushbu kartina bir qator xalqaro kinofestivallarda sovrinli o‘rinlarga sazovor bo‘lgan.
N.Usmonova,
O‘zA