Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Maxsus turdagi tovarlar eksporti va importini litsenziyalash, shuningdek, eksport kontraktlarini ro‘yxatga olish va import kontraktlarini ekspertizadan o‘tkazishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida
16:09 / 2017-11-06

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 13-apreldagi “Tashqi savdo sohasida boshqaruv tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5012-son va 2017- yil 31-martdagi “O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasini tashkil etish to‘g‘risida”gi PF-4996-son farmonlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 13-apreldagi “O‘zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-2887-son qaroriga muvofiq, shuningdek, eksport-import operatsiyalarini boshqarish mexanizmlarini yanada takomillashtirish maqsadida:

1. Belgilab qo‘yilsinki, 2017-yil 10-noyabrdan boshlab:

ushbu Farmonga 1-ilovaga kiritilgan maxsus turdagi tovarlar eksporti va importini litsenziyalash O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yoki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari asosida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Tashqi savdo faoliyati, iqtisodiyot tarmoqlari va respublika hududlarining eksport salohiyatini rivojlantirish masalalari axborot-tahlil departamenti tomonidan amalga oshiriladi;

O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti yoki O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘lari yoxud O‘zbekiston Respublikasi (O‘zbekiston Respublikasi Hukumati) tomonidan yoki uning kafolati ostida jalb etilgan kreditlar (qarzlar) (tijorat banklari tomonidan qayta moliyalashtiriladigani bundan mustasno), shuningdek, ustav kapitalida davlat ulushi 50 foizdan ortiqni tashkil qiladigan xo‘jalik subyektlari va ustav kapitalidagi ulushning 50 foizidan ortig‘i ustav kapitalida davlat ulushi 50 foizdan ortiqni tashkil etadigan xo‘jalik subyektlariga tegishli bo‘lgan yuridik shaxslar mablag‘lari hisobiga moliyalashtiriladigan hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar yakunlari bo‘yicha tuzilgan va bitta shartnoma bo‘yicha summasi 100 ming AQSh dollariga teng miqdordan ortiqni tashkil etadigan import shartnomalari O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi tomonidan ekspertizadan o‘tkaziladi;

O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti yoki O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘lari yoki O‘zbekiston Respublikasi (O‘zbekiston Respublikasi Hukumati) tomonidan yoxud uning kafolati ostida jalb etilgan kreditlar (qarzlar), shuningdek, ustav kapitalida davlat ulushi 50 foizdan ortiqni tashkil etadigan xo‘jalik subyektlari va ustav kapitalidagi ulushning 50 foizdan ko‘prog‘i ustav kapitalida davlat ulushi 50 foizdan ortiqni tashkil etadigan xo‘jalik subyektlariga tegishli bo‘lgan yuridik shaxslar mablag‘lari hisobiga moliyalashtiriladigan, bitta tender (tanlov) bo‘yicha summasi 100 ming AQSh dollariga teng miqdordan ortiqni tashkil etadigan tender (tanlov) savdolari doirasida tender (tanlov) hujjatlari ekspertizasi yoki tender (tanlov) takliflarini baholash O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi tomonidan amalga oshiriladi. Bunda tender (tanlov) savdolari natijalari bo‘yicha tuzilgan import kontraktlari qo‘shimcha ekspertizadan o‘tkazilmasdan hisobga qo‘yiladi.

2. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligiga:

O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari va hukumatlararo bitimlar asosida tuzilgan;

ushbu Farmonga 2-ilovaga kiritilgan tovarlarni (ishlar, xizmatlarni) eksport qilishga kontraktlarni (shartnomalarni) ro‘yxatdan o‘tkazish yuklansin, birjada tuzilgan kontraktlar (shartnomalar) bundan mustasno.

3. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Maxsus turdagi tovarlarni eksport va import qilishga litsenziyalar berish tartibi to‘g‘risidagi nizomni bir oy muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

4. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va Davlat bojxona qo‘mitasi bilan birgalikda Import kontraktlarini va tender (tanlov) hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazish, shuningdek, tender (tanlov) takliflarini baholash tartibi to‘g‘risidagi nizom loyihasini bir oy muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga belgilangan tartibda kiritsin.

5. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda Eksport kontraktlarini ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom loyihasini ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga belgilangan tartibda kiritsin.

6. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlariga 3-ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar kiritilsin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi, Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar to‘g‘risida bir oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

8. Mazkur Farmonning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – «O‘zagrotexsanoatxolding» AJ boshqaruvi raisi N.S.Otajonov, O‘zbekiston Respublikasi tashqi savdo vaziri E.M.G‘aniyev, O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisi A.I.Axmedxodjayev zimmasiga yuklansin.


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                                Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2017-yil 3-noyabr