Sirdaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tashabbusi bilan favqulodda vaziyatlar yuzaga kelgan taqdirda tezkor va qutqaruv xizmatlarining o‘zaro hamkorligini yanada takomillashtirish, kuch va vositalarning shaylik darajasini amalda sinovdan o‘tkazish, shuningdek, aholi xavfsizligini ta’minlash maqsadida Sardoba tumani hududida joylashgan Paxtaobod dehqon bozorida maxsus-taktik o‘quv mashqi tashkil etildi.
O‘quv mashqi ishlab chiqilgan ssenariy asosida olib borildi. Unga ko‘ra, shartli ravishda yuzaga kelgan favqulodda holat to‘g‘risida xabar kelib tushishi bilan tegishli xizmatlar tomonidan tezkor safarbarlik ta’minlandi. Hududni o‘rab olish, fuqarolarni xavfsiz joyga evakuatsiya qilish, jabrlanganlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish, yong‘in va boshqa xavfli omillarni bartaraf etish bo‘yicha aniq va muvofiqlashtirilgan amaliy harakatlar bajarildi. Barcha xizmatlarning harakatlari yagona boshqaruv asosida muvofiqlashtirildi.

Mashg‘ulotlar davomida jalb etilgan kuch va vositalarning o‘zaro hamjihatligi, tezkor qaror qabul qilish qobiliyati, maxsus texnika va jihozlardan samarali foydalanish darajasi amaliy jihatdan baholandi. Shuningdek, mavjud imkoniyatlar va resurslardan oqilona foydalanish, harakatlarning izchilligi va tezkorligiga alohida e’tibor qaratildi.

– Mashg‘ulotlar jarayonida xizmatlarning o‘zaro hamkorligi, tezkorligi va harakatlar muvofiqligi sinovdan o‘tkazildi. Aniqlangan ayrim kamchiliklar yuzasidan mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berilib, ularni qisqa muddatlarda bartaraf etish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi, – deydi Sirdaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi Sardoba tuman bo‘limi boshlig‘i, kapitan Sanjar Xolmurodov.
Asosiysi, tizim xodimlari tomonidan mazkur maxsus-taktik o‘quv mashqi hududda favqulodda vaziyatlarning oldini olish, ularning ehtimoliy oqibatlarini kamaytirish, shuningdek, tezkor xizmatlarning doimiy shayligini ta’minlashga xizmat qilishi alohida ta’kidlandi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri