Toshkent harbiy okrugiga qarashli “Angren” umumqo‘shin tog‘ poligonida harbiy xizmatchilar bilan maxsus taktik mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Dastlab belgilangan vazifalar nazariy jihatdan ko‘rib chiqilib, ishtirokchilarga zarur ko‘rsatmalar berildi. Shundan so‘ng harbiy xizmatchilar yo‘nalishlari bo‘yicha yakka va guruh tarkiblariga ajratilib, amaliy o‘quv mashg‘ulotlariga kirishildi.
Ishtirokchilar majmuaviy-taktik hamda uzoq masofaga yurish mashqi, jismoniy tayyorgarlik, 3 va 5 kilometr masofaga to‘liq jangovar holatda yugurish, maxsus to‘siqlardan o‘tish, tog‘ tayyorgarligi va taktik, taktik-tibbiy tayyorgarlik sinovlaridan o‘tkazildi.
Xususan, ushbu mashg‘ulotlar davomida harbiy xizmatchilar tomonidan shartli dushman bilan jang olib borish, qo‘lga olish uchun ob’ektni qurshovga olish, turli xildagi muhandis to‘siqlarni razvedka qilish va ularni olib tashlash, jang maydonida yaradorlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish kabi yakkalik, juft va jamoaviy harakatlar amalga oshirildi. Bir necha kun davom etgan maxsus taktik mashg‘ulotlarni Mudofaa vazirligi mas’ullari bevosita kuzatib bordi. Yakunda erishilgan yutuqlar va yo‘l qo‘yilgan xatolar chuqur tahlil qilindi.
A.Musayev, O‘zA.